Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:50

Tojikiston prezidentining qizi senator bo‘lmoqchi


Tojikiston prezidentining qizi Ozoda Rahmon.
Tojikiston prezidentining qizi Ozoda Rahmon.

Tojikiston prezidentining qizi, prezidentning ijroiya devoni rahbari Ozoda Rahmon Dushanbe shahar xalq deputatlari tomonidan poytaxtdagi 4-saylov okrugidan mamlakat parlamentining yuqori palatasi Majlisi Milliyga nomzod etib ko‘rsatildi.

Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga ma’lum qilgan manba Ozoda Rahmon nomzodi deputatlar tarafidan “bir ovozdan” qo‘llab-quvvatlanganini qayd etdi.

Avvalroq “Aziya-Plyus” axborot agentligi o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda, 4-okrugdan senatorlikka nomzod ko‘rsatishda Ozoda Rahmondan boshqa muqobil nomzodlar bo‘lmaganini xabar qilgan.

Dushanbedagi mazkur saylov okrugidan Tojikiston parlamenti yuqori palatasiga saylov 29 may kuni shahar majlisi hamda poytaxtdagi to‘rt tuman majlislari deputatlarining qo‘shma majlisida bo‘lib o‘tadi.

Avvallari Majlisi Milliyda 4-okrugni prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Baxtiyor Xudoyorzoda tamsil etgan. Yanvar oyi oxirida Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi raisi etib tayinlanganidan keyin Xudoyorzoda senatorlik vakolatini topshirgan.

Dushanbe shahar hokimiyatidan Ozodlikning tojik xizmatiga bildirishlaricha, senatorlikka nomzod ko‘rsatish erkin bo‘lib, deputatlar istagan nomzodlarini ko‘rsata oladilar.

Tojikistondagi mavjud qonunchilikka ko‘ra, parlamentning yuqori palatasi – Majlisi Milliyga a’zolar parlament quyi palatasi – Majlisi Namoyondagon deputatlari kabi bevosita saylov yo‘li bilan saylanmaydi.

Senatning 33 a’zosidan 25 nafari Tog‘li Badaxshon muxtor okrugi, So‘g‘d, Xatlon viloyatlarining viloyat, shahar va tuman deputatlari, Dushanbe shahri va uning tumanlari deputatlari hamda respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlar deputatlarining qo‘shma majlislarida saylanadi. Qolgan 8 senator esa mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanadi. Tojikistonning birinchi prezidenti Qahhor Mahkamov Majlisi Milliyning umrbod a’zosi maqomiga ega.

Senator bo‘lishga chog‘lanayotgan Ozoda Rahmon Tojikiston prezidentining uchinchi qizidir. Besh farzandning onasi bo‘lgan 38 yoshli Ozoda AQShdagi Jorjtaun va Merilend universitetini tugatgan.

Avval diplomatik lavozimlarda ishlagan Ozoda Rahmon shu yil 27 yanvaridan prezident ma’muriyatining rahbari vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ozoda serfarzand prezident Imomali Rahmonning to‘qqiz bolasi ichida siyosiy jihatdan eng faoli ekani aytiladi. Tojikiston prezidentining boshqa qizlari, aytilishicha, asosan biznes sohasida daromad qilish bilan mashg‘ul.

Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi agentligi¸ Olimpiya qo‘mitasi va yana qator davlat va nodavlat tuzilmalarini boshqarib keladi.

Tojikiston prezidentining boshqa yaqinlari ham mamlakatdagi boshqa ko‘plab yuqori lavozimlarni egallab turganini aytayotgan muxolifatchilar iddaosicha, Imomali Rahmon xarxashalarini qonuniylashtirib berish vositasiga aylangan tojik parlamenti keyingi oylar davomida mamlakat hokimiyatini Rahmonlarga xatlab berish jarayonini boshlagan.

Shu maqsadda mamlakat konstitutsiyasi qaychilanib, unga Tojikistonni oilaviy dinastiya boshqaruviga o‘tkazish uchun eshiklarni lang ochuvchi o‘zgartishlar kiritilgan.

Avvaliga¸ 2015 yil dekabrida Tojikistonda Eron boshqaruv tizimidan nusxa olingani aytilayotgan prezidentdan ham kuchliroq va vakolatliroq bo‘lgan “Millat peshvosi” degan maqom ta’sis etildi va u Imomali Rahmonga berildi.

Joriy yilning yanvar oyida parlament konstitutsiyadagi bir shaxsning ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmasligiga o‘zgartish kiritish va prezident bo‘lish uchun belgilangan eng minimum ëshni pasaytirish haqidagi qonun loyihasini qabul qilgan. Bu o‘zgartishlarning umumxalq referendumi degan tomosha tadbiri orqali may oyida konstitutsiyaga muhrlanishi kutilmoqda.

Bu o‘zgartishlar Rahmonning istasa o‘lguncha prezident bo‘lish¸ istasa o‘g‘lini prezident qilib, o‘zi uni nazorat qiluvchi oliy peshvo bo‘lib yashashi uchun zamin yaratadi.

XS
SM
MD
LG