Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:05

Ukraina Qrimga ishlash uchun borgan qirg‘izistonliklarga sanksiyalar joriy etadi


Qrimdagi dam olish maskanlaridan biri.
Qrimdagi dam olish maskanlaridan biri.

Ukraina Qrimga ishlash uchun borgan qirg‘izistonliklarga sanksiyalar joriy etilishi va bu shaxslar maxsus ro‘yxatga tirkalishi haqida Qirg‘iziston hukumatini ogohlantirdi. Avvalroq qirg‘iz hukumati 500 qirg‘izistonlik Qrimdagi mehmonxonalarda ishlash uchun jo‘natilishini e’lon qilgan edi.

Ukrainaning Bishkekdagi elchixonasi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga nota jo‘natib, qirg‘izistonliklarning Qrimga ishga jo‘natilishi to‘g‘risidagi bayonotga norozilik bildirdi.

Avvalroq Qirg‘iziston Davlat migratsiya xizmati Qrim muxtoriyatining Yalta shahridagi mehmonxonalarda ishlash uchun 500 ishchi o‘rni ajratilgani haqida ma’lumot bergan edi.

- Biz jo‘natgan notada bu taklif Qrim muxtor respublikasi Rossiya hududi ekanini xalqaro darajada qonuniylashtirish harakati bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Bungacha Qirg‘iziston hukumati Tashqi ishlar vazirligi orqali Ukrainaning hududiy yahlitligini tan olishini tasdiqlagan. Men bu tasdiqqa bundan buyon ham amal qilinadi, degan umiddaman, -dedi Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchisi Nikolay Doroshenko.

Elchi Qrimga ishlash uchun borgan qirg‘izistonliklarga sanksiyalar joriy etilishi va bu shaxslar maxsus ro‘yxatga tirkalishi haqida Qirg‘iziston hukumatini ogohlantirdi.

Siyosatchilar qirg‘izistonliklarning Moskva taklifi bilan Qrimga ishlash uchun jo‘natilishi Bishkek mazkur hududning Rossiya hududi ekanini tan olishini anglatadi, degan fikrni bildirmoqdalar.

Sobiq diplomat va parlament deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

- Qirg‘iziston Qrimga ishchi jo‘natsa, nafaqat Ukraina, balki Yevropa Ittifoqi va AQSh ham norozilik bildirishi mumkin. Negaki Rossiyaga nisbatan sanksiyalar Moskva Qrimni annektsiya qilishi ortidan joriy etilgan. Qirg‘iziston Moskva etakchiligidagi YevrOsiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilganidan so‘ng iqtisodiy tanazullga uchradi. Agar Qrimga ishchi jo‘natsa, unda Qirg‘iziston yemagan somasiga pul to‘lagan bo‘ladi, -deb hisoblaydi Tursunboy Bakir o‘g‘li.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi hozircha Ukraina notasiga javob qaytargani yo‘q va matbuotga bu haqda izoh berishdan tiyilmoqda.

Qirg‘iziston Davlat migratsiya xizmati Qrimning Yalta shahridagi mehmonxonalarda ishlash uchun “Yalta-Turist” shirkatidan taklifnoma kelganini rasman tasdiqladi. Migratsiya xizmatining bildirishicha, bu Moskva hukumatidan kelgan taklif emas, balki xususiy shirkat tashabbusidir.

Migratsiya xizmati rasmiysi Almaz Alibaev Qrimdan kelgan taklifga siyosiy tus berilmasligi lozimligini ta’kidladi.

Ukraina tarkibida bo‘lgan Qrim muxtor respublikasi 2014 yilda Rossiya tomonidan annektsiya qilingan edi. Kiev rasmiylari Qrimni Rossiya tomonidan bosib olingan hudud deb biladi. Yevropa Ittifoqi va AQSh Qrimning anneksiya qilinishi ortidan Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilgan edi.

XS
SM
MD
LG