Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:42

Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklardan ikkitasi¸ o‘zi bilgan odamlardan kamida ikkitasining Ahmadboy qamalganini eshitib¸ aqldan ozib qolganini bildirdi.

Ayni paytda "Toshkent" telekanali ham chinozlik Ahmad Tursunboevga bor-budini berib¸ chuv tushganlar dramasi haqida yangi ko‘rsatuv hozirlamoqda.

Teleko‘rsatuv qahramonlari – chuv tushganlar

21 iyun kuni Toshkent viloyati Chinoz tumanida Ahmad Tursunboev moliyaviy piramidasiga bor-budini tikkan kreditorlar haqida yangi videolavha suratga olindi.

Ahmadboyning "aldov va firibgarlik" texnologiyasi haqidagi ko‘rsatuvning joriy hafta "Toshkent" telekanali orqali namoyish etilishi kutilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bu syujetda Ahmadboydan kuyganlarning ichki ishlar tizimlariga ariza bilan murojaat qilishlari rag‘batlantirilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Chinoz hokimligi rasmiylaridan biri¸ 21 iyungi suratga olishlar Ahmadboyning ofislari barobarida¸ tuman hokimligida ham bo‘lib o‘tganini bildirdi.

"Hokimlikka besh-oltita Ahmadboyga pul berganlarni olib kelib¸ gapirtirishdi. Ular qanday qilib bor-yo‘qlarini unga berganlari haqida gapirishdi. Ikki-uch kun ichida ko‘rsatiladigan bu programmada Ahmadboyga pul berganlarni Chinoz ROVDga kelib¸ ariza tashlab ketishga chaqirishdi"¸ dedi Chinoz hokimiyati mulozimi.

Teleko‘rsatuvni suratga olish jarayoni chinozliklar orasida yangi mish-mishlarning tug‘ilishiga turtki bo‘ldi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸chinozliklar hokimiyat binosi oldidagi harakatlarni "Ahmadboyni olib kelishib¸ majlis qilishibdi," deya talqin qilishgan.

Ayni paytda¸ nafaqat chinozliklar¸ balki Ahmadboyning butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqalgan kreditorlari orasida turli mish-mishlar urchib bormoqda.

Ulardan biriga ko‘ra¸ Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti o‘tib bo‘lishi bilan¸ aniqrog‘i¸ 28 iyundan Ahmad Tursunboevning uyiga qaytib¸ o‘z ishini davom ettirishi¸ pul olganlarga pulini qaytib berishi haqidagi ovozalardir.

O‘zini Ahmadboyning vakili deb tanishtirgan shaxsning ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan audiosuhbatida aytilgan bu gap - Ozodlik suhbatlashgan kreditorlardan biriga ko‘ra¸ Ahmadboyga uyi¸ mashinasi¸ molini sotib¸ pulini olib borib berganlarni “yurak xurujidan ushlab turgan” so‘nggi umid.

"Ko‘p odamdan eshitayapman¸ 28 iyungacha kutib turaylik¸ degan gapni. 28 da Ahmadboyga pul berganlarning kamida yarim pulini qaytib berishadi¸ degan gap tarqagan. Bu gap qaerdan¸ kimdan chiqqan¸ biz ham bilmay o‘tiribmiz. Bu odamlar yuragi yorilib o‘lmasligi uchun o‘zlarini ovutishga o‘ylab topgan gap bo‘lsa keragov¸" deydi mashinasini Ahmadboyga topshirgan yangiyo‘lliklardan biri.

To‘ylar to‘xtatildi¸ oilalar buzilmoqda

Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklardan biriga ko‘ra¸ bor jamg‘armasini Ahmadboyga "aylantirib" pul qilish uchun bergan ko‘p oilalar ro‘za tugashiga belgilangan nikoh to‘ylarini bekor qilishga majbur qolgan¸ kreditorlar orasida aqldan ozayotganlar va oilasidan ajrayotganlar bor.

"Mahallamizda uchta oilada shunaqa bo‘ldi. Og‘aynilarim to‘yi bekor bo‘ldi. Hamma pulni Ahmadboyga berib¸ uni olganidan keyin to‘y qilmoqchi bo‘lishgan. Endi to‘yga puli yo‘q. Ishxonamdagilardan bittasi¸ qo‘shnisining o‘ziga-o‘ziga gapiradigan bo‘p qolganini aytdi. Qizini uzatishga to‘plagan pulini ko‘paytirib olay deb¸ Ahmadboyga bergan ekan. Qamalganini eshitib¸ aqldan ozib qopti. Yangiyo‘lning Rabochiy degan joyida 47 yoshlardagi bir odam o‘zini osibdi¸ degan gap yuripti¸ buni aniq bilmayman lekin. Biz bitta mashina bergan bo‘lsak¸ amakilarim uchtalab mashina bergan Ahmadboyga. Nafasini ichiga yutib o‘tiribdi. Hozircha da’vo qilmaymiz¸ deyishayapti¸ yana kim biladi¸" deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

"Aqldan ozish oson ekan"

“Rodnoy tog‘am jinni bo‘p qoldilar¸ kennoyim insulьt bo‘ldilar¸ bir taraflari ishlamay¸ yotiptilar”¸ deb xabar berdi yana bir toshkentlik Ozodlikka.

"Onamning ukasi¸ tog‘am bir umr yiqqan pulini Ahmadboyga bergan ekan. Aniq qanchaligini bilmaymiz¸ aytmayaptilar¸ chunki aqldan ozib qoptilar. Ahmadboy qamaldi¸ deyishi bilan uylarini zinasidan tusharmishlar-chiqarmishlar¸ chiqarmishlar-tusharmishlar. Qo‘llarida bloknot emish. Onam borib rosa yig‘lab keldilar. Domlaga oborib¸ o‘qitib kelishibdi¸ lekin haliyam shu ahvolmish. Bu yog‘da amakimning xotini¸ Ahmadboy xabarini eshitib¸ insult bo‘lib yotibdi. Chap tarafi umuman ishlamay qopti. Kaptiva bergan ekanlar. Bizning mahallada kuymagan hech kim qolmadi¸ chunki hamma borini Ahmadga bergan ekan. Biz ham Kobaltimizni Murodga¸ naqd pulimizni Ahmadga bergan edik. Qulog‘ini ushlab ketdi endi¸" deydi toshkentliklardan yana biri.

Zaif bayonot

21 iyun kuni Ozodlik muxbiri Ahmad Tursunboevga bor-yo‘g‘ini berib¸ xonavayron bo‘layotgan o‘n minglab o‘zbekistonlikka nima bo‘ladi¸ degan savolga javob izlab¸ voqealar qaynog‘i joylashgan Chinoz tuman hokimligiga murojaat qildi.

Hokimiyat vakili¸ "davlat o‘z fuqarolarini tashlab qo‘ymasligi¸ hozirda Ahmadboyga aldanganlarga qanday yordam berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini iddao qildi.

Rasmiyga ko‘ra¸ Ahmad Tursunboevga pul¸ mashina yoki boshqa qimmatbaho narsa berganlar¸ firibgarlik qurboni hisoblanadi va ular Tursunboev ustidan shikoyat arizasi bilan Chinoz tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishlari lozim.

"Murojaat qilganlar ishi¸ albatta¸ ko‘rib chiqiladi. Davlat hozir musodara qilingan pul va mulk bilan aldanganlarga ko‘rgan zararining qaysidir qismini qoplash ustida bosh qotirayapti. Ular ariza berishdan qo‘rqmasliklari kerak. Jinoyatni ular emas¸ Ahmadboy qilgan axir"¸ dedi o‘zini tanishtirmagan hokimiyat vakili jumladan.

XS
SM
MD
LG