Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:45

Terimchilarni itxonaga tiqqani da’vo qilingan Chinoz hokimi ishdan bo‘shatildi


Paxta normasini bajarmagan otryad va byudjet tashkilotlari boshliqlarini jazo tariqasida Chinoz tuman Ichki ishlar bo‘limi itxonasiga qamab qo‘ygani haqidagi shikoyatlar ortidan Chinoz tumani hokimi Mahmud Eshonov vazifasidan bo‘shatildi.

Chinoz hokimiyatining ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda janob Eshonovning 30 sentabr ishdan olinganini tasdiqladi.

– Kecha u lavozimidan olindi. O‘rinlariga birinchi muovini bo‘lib ishlagan Otabek Isroilov vaqtincha hokim etib tayinlandi, - dedi Chinoz hokimiyatining ismi sir qolishini istagan mulozimi.

Mahmud Eshonov Chinoz tumaniga 2013 yilda hokim etib tayinlangandi.

Chinozliklar Eshonovni paxta normasini bajarmagan otryad va byudjet tashkilotlari boshliqlarini ayovsiz jazolab kelganidan shikoyat qilishadi.

Ishdan olinishidan bir kun avval Mahmud Eshonov paxta terimiga oid yig‘ilishda Chinoz poliklinikasi bosh vrachi Baxtiyor Dovurboevni "paxta rejasini bajarmayotgani uchun" haqoratlab, ishdan o‘z ixtiyori bilan bo‘shash haqida ariza yozdirib olgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Bundan avval Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan yozma shikoyat qilgan chinozliklardan biri paxta rejasini bajarmagan otryad va tashkilot rahbarlarini hokim Chinoz tumani IIBsiga qarashli itxonada ertalabgacha qamab qo‘yganini da’vo qilgandi.

“Chinoz hokimi Eshonov, IIBsi boshlig‘i va prokurori bilan birga 1937 yilgi qatag‘on davridagidek hech bir qonunda paxta terim majburiyligi bo‘lmasa-da, mana uch kundirki, berilgan rejani bajarmagan otryad rahbarlari va tashkilot rahbarlarini Chinoz tumani IIBsiga qarashli itxonada ertalabgacha qamab qo‘ymoqda. Bu nima degani? Mirziyoevni qatag‘oni boshlandi deganimi? Karimov tirikligida bundan yumshoqroq edi”, - deb yozdi chinozliklardan biri Ozodlikka.

Chinozda paxta rejasini bajarmaganlar tuman IIBsi itxonasida ushlab o‘tirilgani holatini tumandagi maktablardan birining direktori ham Ozodlikka so‘zlab berdi.

- To‘rt kun oldin paxta shtabida o‘tkazilgan selektrdan so‘ng, kechqurun 11da Chinozdagi 1, 3, 40-sonli maktab rahbarlari, shuningdek Qurilish kolleji paxta otryadi rahbarlarini, paxtani kam tergan o‘qituvchilarni IIBga olib ketishdi hokimni buyrug‘i bilan va u erda kechqurun 2-3 largacha ushlab o‘tirishgan, itxonada. Bu ular normani bajarmagani uchun jazo ekan, - dedi Chinozdagi maktablardan birining direktori.

Lekin, Chinoz Ichki ishlar boshqarmasidagilar ham, Chinoz tumani hokimiyatidagilar ham, bu iddaolarni keskin rad etishgan.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda paxta terimi majburiy emasligini aytib keladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmasi federatsiyasining "Paxta yig‘im-terimida qatnashish majburiy emas, ixtiyoriy hisoblanadi", degan bayonoti shu hafta ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.

Paxta yig‘im-terimiga bog‘liq barcha savollar bo‘yicha +998 71 200−06−01 raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan.

XS
SM
MD
LG