Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:13

Mahalla tanqid qilingan kino muallifi Shuhrat Abbosov endi mahalla ulug‘langan filmni suratga oldi


Rejissyor Shuhrat Abbosov.
Rejissyor Shuhrat Abbosov.

Bundan 56 yil oldin sovet mafkurasi buyurtmasi sifatida suratga olingan “Mahallada duv-duv gap” filmining yangicha talqini Farg‘ona vodiysida suratga olindi. Ozodlik bilan suhbatda film muallifi¸ taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov “Dono Productions” studiyasida suratga olingan bu filmning deyarli yakuniga etganini bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu galgi film bundan 56 yil olingan kinodan butkul farq qiladi:

- Kinoni bitirib ham qo‘ydik. 6 soatga etadigan material bor. O‘g‘lim Nozim bilan montaj qilayapmiz. Kino mahalla va uning afzalliklari haqida hikoya qiladi. Kino o‘z mahallasiga yordam berish uchun badavlat o‘g‘lining pullarini sarflaydigan fidokor mahalla raisi bo‘lgan ayol prizmasi orqali bugungi kunimizni aks ettiradi¸ deydi suhbatdosh.

Yangi filьm suratga olish jaraëni
Yangi filьm suratga olish jaraëni

“Dono Productions” studiyasiga yaqin Ozodlik manbasi film sinopsisi va montaj ketma-ketligida aks etgan dialoglar ro‘yxatini yubordi.

Bu ma’lumotlarga ko‘ra¸ “Eri Gorbachev perestroykasi paytida mardikorlikka ketgan ayolning yolg‘iz o‘zi uch o‘g‘ilni katta qiladi va mahallaga rais bo‘ladi”.

Film sinopsisiga ko‘ra¸ “yomon Gorbachev paytidagi moddiy qashshoqlikka yaxshi Karimov davridagi farovonlik oppozit qilib ko‘rsatiladi”. Bu farovonlik bois film qaxramonining o‘g‘li millioner bo‘ladi va mahallaga stadion qurib beradi. Film bu uchta o‘g‘ilni uylantirib to‘yu tomosha qilish tadbirlari asnosida “happy end” bilan tugaydi.

Filmga¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Qo‘qon to‘qimachilik kombinati homiylik qilgan.

"Mahallada duv-duv gap 2" filьmini tasvirga olish jaraënidan surat.
"Mahallada duv-duv gap 2" filьmini tasvirga olish jaraënidan surat.

Filmni suratga olish jarayoniga aloqador bo‘lgan rassom¸ ijtimoiy tarmoqlarda Akmal Rizev taxallusi bilan esselar yozadigan bloggerning aytishicha¸ har ikkala film ham ijtimoiy buyurtma asosida suratga olinmoqda:

-“Mahallada duv-duv gap” filmi 1961 yilda suratga olindi. Kino boshlanganida avtor nomidan tekst o‘qiladi. "Toshkent go‘zal va bu shahardagi chang bosgan mahallalar paxsa devorlarga qo‘shilib yo‘q bo‘ldi. Mahalla bilan birga mahdudlik¸ biqiqlik kabi eskilik sarqitlari ham yo‘q bo‘ldi"¸ deyiladi. Film mahalla yomon¸ beton dom yaxshi¸ degan ideya ustiga qurilgan edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin mahalla instituti odamlarni nazoratda ushlashning muhim instrumenti ekanini yangi rahbarlar darhol tushunishdi. Yangi mafkura endi mahallaning yaxshi ekani haqidagi kinoga ijtimoiy buyurtma berdi. Bu ikki kino bir- biridan mazmunan farqli¸ lekin shaklan bir xildir. Har ikkalasi ham buyurtma. Har ikki kino ham to‘y bilan yakun topadi¸ deydi Akmal Rizaev.

SSSR Xalq artisti Shuhrat Abbosov Ozodlik bilan bundan oldingi suhbatlarida “Mahallada duv-duv gap” filmi sovet mafkurasi buyurtmasi bo‘lgani bilan bu mafkura quyushqonidan chiqqanligini aytgan edi:

- Filmning ilk ishchi nomi "Syurpriz" edi. Shu ma’noda¸ bu kino o‘sha paytdagi kino rahbarlari uchun ham syurpriz bo‘ldi. Ular kino finaliga e’tiroz bildirishdi. Bilsangiz¸ kino finalida ona rolini o‘ynagan Lutfixonim Sarimsoqova ko‘ziga yosh olib yig‘laydi. Mulozimlar nega bu xotin yangi uy olsa ham yig‘laydi¸ nega u xushnud emas¸deyishdi. O‘shanda men o‘zbeklar sevinchini yig‘i bilan ifodalishini tushuntirganman¸ degan edi suhbatdosh.

Shuhrat Abbosov 1961 yilda suratga olgan “Mahallada duv-duv gap “ fil’mi 56 yildan beri O‘zbekiston telekanallarida muntazam namoyish qilinadi. Lekin ayni muallifning “Olovli yo‘llar” filmining O‘zbekistonda namoyishi siyosiy sabablarga ko‘ra taqiqlab qo‘yilgan.

Shuhrat Abbosov suratga olgan "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968)¸ "Katta urushdagi kichik odam" (1990) kabi filmlari sovet kinosining mumtoz namunalari hisoblansa-da¸ ular O‘zbekistonda namoyish qilinmaydi.

Rejissyorning mustaqillikdan so‘ng Tog‘ay Murod romani asosida suratga olgan "Otamdan qolgan dalalar" filmi ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan edi.

Shuhrat Abbosov kino san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR Xalq artisti, O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG