Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:43

General Shuhrat G‘ulomov MXX raisining 1-o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi


Ijtimoiy tarmoqlardan olingan bu suratdagi shaxsning aynan MXX generali Shuhrat G‘ulomov ekanini uni bevosita tanigan Ozodlik manbalari tasdiqladi.
Ijtimoiy tarmoqlardan olingan bu suratdagi shaxsning aynan MXX generali Shuhrat G‘ulomov ekanini uni bevosita tanigan Ozodlik manbalari tasdiqladi.

O‘zbekistondagi qudratli Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan 51 yashar general-leytenant Shuhrat G‘ulomovning lavozimi pasaytirilib¸ u MXX boshqaruviga kelgunga qadar ishlagan hududi - Surxondaryo viloyati boshqarmasiga yuborilgan. Ozodlikning bir-biridan mustaqil ishonchli manbalari ta’kidicha¸ G‘ulomov Islom Karimov o‘limidan keyin istalmagan mulozimga aylangan.

O‘zbekistondagi eng yopiq tuzilma bo‘lib qolaëtgan MXX boshqaruvidagi bu o‘zgarish haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ozodlik manbalarining mushtarak ma’lumotiga ko‘ra¸ G‘ulomov 2016 yilning 2 sentabri - prezident Islom Karimov o‘limi rasman e’lon qilinganidan keyin ayrim oila a’zolarini AQShga doimiy istiqomatga jo‘natgan.

G‘ulomovlar oilasini yaqindan tanigan va shu kunlarda AQShda istiqomat qilayotgan Ozodlik manbasining aytishicha¸ bu oila o‘z istiqbolini O‘zbekiston bilan bog‘lamoqchi emas:

- G‘ulomovning Toshkentning Lunacharkiy massividagi uyi bo‘sh turibdi. Shuhrat butun oilasini¸ xotini bilan ajrashgan o‘g‘li bo‘lgan nabirasini ham AQShga yubordi. Nabiralarni mamlakatdan olib chiqish uchun¸ ajralgan bo‘lsa ham¸ onasining ruxsati lozim edi. O‘sha rozilik tilxatisiz nabiralar olib chiqildi¸ deydi G‘ulomovlar oilasiga yaqin Ozodlik manbasi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ G‘ulomov va unga quda bo‘lgan MXX generali o‘rtasida oxiri qo‘ydi-chiqdi bilan tugagan oilaviy mojaro sodir bo‘lgan.

Manbaning yana aytishicha¸ G‘ulomovning Mirziyoev bilan ziddiyatli bo‘lib kelgan munosabatlari shu kunlarda uning amal pillapoyalaridan pastlashi ortidagi asosiy sabablardandir.

MXX raisining birinchi o‘rinbosari G‘ulomov xorijdagi xavfsizlik va terrorchilikka qarshi kurash sohasiga oid uchrashuvlarda O‘zbekistonni tamsil qilib kelganiga oid hujjatlar Ozodlikda mavjud. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat maxsus xizmatlarining 2015 yil sentabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan majlisidan so‘ng terrorchilikka qarshi O‘zbekistonning bosh mutasaddisi sifatida ham aynan general G‘ulomov jurnalistlar bilan uchrashgan edi.

Manbalarning ishonishicha¸ G‘ulomov Karimovning o‘limiga qadar uning kabineti va rezidensiyasiga to‘siqsiz kirib-chiqib yurgan sanoqli qudratli mulozimlardan biri bo‘lgan.

MXX generali Shuhrat G‘ulomov o‘z faoliyatini Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan boshlagan. MXX raisi Rustam Inoyatov kabi sharqshunos bo‘lgan G‘ulomov nafaqat o‘z tuzilmasi¸ balki O‘zbekiston Xavfsizlik kengashida ham Afg‘oniston va Tojikiston bo‘yicha yetakchi mutaxassis hisoblangan.

2005 yilda Andijon shahridagi qonli isyon voqealaridan so‘ng G‘ulomovning Islom Karimov e’tiboriga tushgani aytiladi.

Islom Karimov general G‘ulomovni 2007 yilda "O‘zbekiston qahramoni" unvoni bilan taqdirlagan.

2006 yilning 2013 yilgacha davrda MXXning ikki generali – Hayot Sharifxo‘jaev va Shuhrat G‘ulomovlar boshqarayotgan ikki guruh MXXda ustuvor mavqega ega bo‘lish uchun olib borgan ichki kurashning G‘ulomov g‘alabasi bilan tugagani va uning Karimov nazaridagi e’tibori oshgani aytiladi. G‘ulomovning oshib borgan bu e’tiboriga¸ Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ Karimov o‘limidan so‘ng boshlangan hokimiyat almashinuvi davrida nuqta qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda¸ general G‘ulomovning 2013 yildan beri O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlaëtgan 53 yashar akasi Baxtiyor G‘ulomov o‘z lavozimida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG