Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2021, Тошкент вақти: 02:24

Mirziyoev xalqni boyitish retseptlarini berdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19-20 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga qilgan safari chog‘ida o‘tkazgan majlisning asosiy e’tibori kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va shu yo‘l bilan ishsizlikka barham berish, aholining kam ta’minlangan qatlamini kamaytirishga qaratildi.

Majlis davomida mamlakat rahbari shu maqsadni amalga oshirishga doir bir qator tavsiyalarini o‘rtaga tashladi.

Ozodlik suhbatlashgan qoraqalpog‘istonliklar orasida Mirziyoevning takliflarini qo‘llab-quvvatlayotganlar ham, bu takliflarga javoban miyig‘ida kulib qo‘yganlar ham bor.

Majlis davomida mahalliy tadbirkorlar uchun berilishi rejalashtirilayotgan imtiyozlar haqida gapirar ekan, Shavkat Mirziyoev dedi:

- Davlatdan juda katta pulni olib, tadbirkorga berayapmiz. Biz 5-6 yil o‘rgatib olaylik, keyin tadbirkor o‘zi beradi (pulni). Tadbirkor o‘zi xalqni boqib olsa – bo‘ldi. Biz nima uchun yig‘amiz pulni bankka?!

Tadbirkorlar ishiga xalaqit bermaslikni Prezident tekshiruvchi tashkilotlarga uqtirdi:

- Bugun, mana, tadbirkorlar bilan ko‘rishdim. "Bizga to‘siq bo‘lishmasa, bizga tegishmasa bo‘ldi", deyishayapti. Shuning uchun bosh prokurorning o‘rinbosari Qoraqalpog‘istonga mas’ul va javobgar.

Mirziyoev “xalqni boqish” vazifasini tadbirkorlarga yukladiyu lekin ayni paytda, uning fikricha, xalq ham qarab o‘tirmasligi kerak. Har bir oilaning o‘z biznesi bo‘lishi kerak:

- Har bir xonadonning kichkinagina biznesini qilib beraylik – bo‘ldi. Ular bizdan rozi bo‘ladi.

Har bir xonadonning biznesi qanday bo‘lishi to‘g‘risida esa, Mirziyoev mana bu gapni aytdi:

- Qishloqda yashaydigan hamma xonadon, umuman, respublika bo‘yicha, nafaqat Qoraqalpog‘iston bo‘yicha, 100 tadan tovuq boqishga majbur. 100 ta tovuq eng kamida 50 ta tuxum beradi. 10 tasini o‘zi yeb, agar har kuni 40 tasini sotsayam kam ta’minlangan oila bo‘lmaydi.

Mirziyoev bu vazifani bajarish haqida o‘ylashni hokimlarga, aholini kreditlar bilan ta’minlashni banklarga topshirdi.

Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog‘istonda qilgan nutqiga va xususan¸ tovuq boqishga doir topshirig‘iga munosabatini nukuslik o‘qituvchi, 67 yashar O‘rinboy Kamolovdan so‘radik.

U kishining aytishicha, mamlakat rahbari o‘ta dolzarb masalani ko‘targan. Uning o‘zi ham o‘qituvchilik qiladi, ham bir umr qo‘y-molu tovuq boqadi. Shu kunda ham kamida 15 ta tovug‘i bor.

Ўринбой Камолов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:52 0:00
Бевосита линк

Yana bir suhbatdoshimiz - xo‘jaylilik tadbirkor yigit. O‘zini Amir, deb tanishtirgan bu qoraqalpoq yigit savdo-sotiq bilan – quritilgan meva - o‘rik, mayizni Samarqanddan olib, Qozog‘istonga olib borib sotish bilan shug‘ullandi.

Suhbat asnosida Amirning ham Mirziyoevning aytganlaridan xabari borligi bilindi. Ozodlikning “Tadbirkor ekansiz, Prezident aytganday, tovuq boqasizmi?” degan savoliga Amir biroz kulib oldi va so‘ng “Umrimda qilmaganman bu ishni, qanday boqishni bilmayman, axir tovuqqa vaqti-vaqti bilan dori berib turish kerak, 100 ta tovuq boqqan odam boshqa hamma ishini yig‘ishtirib qo‘yishi, faqat tovuqqa qarashi kerak. Mening tovuqlarim ikki kundayoq o‘lib qolsa kerak”, dedi xo‘jaylilik savdogar Amir.

Prezident Mirziyoevning nutqini sharhlagan iqtisodchi, O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Yevroosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubaev uning tovuq boqish to‘g‘risidagi topshirig‘i atrofida fikr yuritar ekan, bunday dedi:

- Faraz qilaylik, butun aholi tovuq boqa boshladi. Unga kombikorm kerak. Uni Rossiyadanmi yo boshqa davlatdanmi, sotib olish kerak. Buning uchun esa, so‘m rus rubliga, yoki ukrain grivnasiga, yoxud boshqa davlat puliga erkin konvertatsiyalanishi kerak. Demak, yana yillardan buyon hal etilmay kelayotgan fundamental muammolarga duch kelaveramiz, dedi Saparboy Jubaev.

XS
SM
MD
LG