Линклар

Navro‘z bayrami kuni Rossiyaning 1-kanalida namoyishi boshlangan 16 qismli «Salam Maskva» seriali bir vaqtning o‘zida rus millatchilari¸ tojik vatanparvarlari va o‘zbek ziyolilari tanqidiga nishon bo‘ldi.

Rus millatchilari nazarida filmdagi bosh rol-militsioner haddan tashqari salbiy qilib ko‘rsatilgan. Kinoda aks etgan tojik mardikorlarining haddan ziyod hurkak va xokisorligi esa¸ tojik vatanparvarlarining ijtimoiy tarmoqlardagi ehtirosli e’tiroziga sabab bo‘ldi.

O‘zbek ziyolilari esa, bu filmni migrantlarga qarshi propagandaning yangi ko‘rinishi deya baholashdi.

Sobiq mulozim¸ O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligining sobiq rahbari Tursunali Qo‘ziev o‘zining Facebookdagi sahifasida bu filmni «antimigrant propagandasining yangi aksenti» deya atadi. Sobiq mulozimga ko‘ra¸ film « migrantlarni kamsituvchi ohangi¸snobizm va natsistlarning yangi avlodini parvarishlash uchun zarur bo‘lgan barcha salbiy unsurlardan iborat».

O‘zbekistonlik kinodramaturg va rejisser Mastura Ishoqova ham ijtimoiy tarmoqda bu filmni tanqid qildi.

«Kim haqida bo‘lishidan qat’iy nazar¸ bu kinoni tomosha qilib bo‘lmaydi! Qo‘pol¸ natural va ko‘ngilni ozdiradigan tarzda jirkanch» deya ta’kidlaydi Ishoqova.

O‘zbekistondagi kabelь telekanallari tarafidan butun respublikaga translyatsiya qilingan «Salam Maskva» filmidagi asosiy rollardan birini ijro qilgan asli o‘zbekistonlik kinoakter Farhod Mahmudov tanqidchilar film ijodkorlari o‘z oldiga qo‘ygan maqsadni tushunmaganini aytadi:

- Basharang qiyshiq bo‘lsa¸ oynadan o‘pkalama¸ deyishadi. Shu ma’noda bu film basharasi qiyshiq rus militsionerlari¸ narkotrafik bilan shug‘ullanadigan tojiklar¸birovning qilgan jinoyatini bo‘yniga olib qamoqqa indamasdan boradigan o‘zbeklar¸ qotillik va odam savdosi bilan shug‘ullanadigan kavkazliklarning grotesk tasvirlaridir¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda kinoijodkor Farhod Mahmudov.

Suhbatdoshga ko‘ra ¸ taniqli rejisser Pavel Bardin tarafidan 2012 yili suratga olingan «Salam Maskva» filmi Rossiya senzurasi elagidan o‘ta olmasdan 4 yildan ziyod tokchada yotgan:

- 1-kanal rahbari Konstantin Ernst bu filmga prodyuserlik qilgan bo‘lsa ham¸ namoyish qilish izni olingunicha to‘rt yil o‘tdi. Chunki film mohiyatan ksenofobiyani fosh qiladi va migrantlarni ham qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan farishta qilib ko‘rsatmaydi. Film dokumental kinoga yaqin operatorlik uslubida tasvirga olingani bilan qadrli¸ deydi suhbatdosh.

Filmda taniqli tojik akteri Sayyora Safari bilan birgalikda rol o‘ynagan o‘zbek Kamilla Muxlisova bu kinoijodkorlarining erkin fikrli ekaniga e’tibor qaratdi:

- Sizlarning radioni ismi kabi ozod ijodkordir bu filmni suratga olgan Pavel Bardin. Shu bois men filmda rol ijro etar ekanman¸ o‘zimni juda erkin his qildim¸ deydi Rossiyada mashhur bo‘lgan «Ottepel»¸ «Moskvaoboddan qochish» kabi filmlarda rol o‘ynab tanilgan Kamilla Muxlisova.

Ksenofob bilan musulmonning do‘stligi haqidagi kino

Kino migrantlar ichidagi jinoyatlarni tekshiradigan maxsus militsiya bo‘limi bilan bog‘liq sarguzashtlarni hikoya qiladi.

Bo‘limga taqirbosh ksenofob Rebrov (Aleksandr Golubkov) rahbarlik qiladi. Bo‘limda malaka oshirayotgan avar millatiga mansub stajer Rustam (Ali Aliev) esa ro‘za tutib¸ nomozini kanda qilmaydigan mo‘min musulmon.

Avvaliga bir-biri bilan nizolashgan bu ikki qutb vakillari 16 seriyalik kino davomida bir-biri bilan do‘stlashib ketadi.

"Chodirxayol"ning mazkur film tahliliga bag‘ishlangan maxsus sonini tinglang.

XS
SM
MD
LG