Линклар

Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Odinaxon Muhammad Yusuf Moskvada "Vasatiya" markazidagi uchrashuvga borib, otasining mazkur markazda ma’ruza qilish haqidagi so‘nggi va’dasini bajarib qaytdi.

Moskvadagi "Vasatiya" markazi ijrochi direktori Sergey Zyazin marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Muhammad Yusufning qizi Odinaxon Muhammad Yusuf 4-5 aprel kunlari uning markazida rossiyalik muslima ayollar bilan uchrashganini aytdi.

Zyazinga ko‘ra, marhum shayx vafotidan biroz avval Moskvaga borish va u yerdagi musulmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni va’da qilgan. Uning vafotidan so‘ng bu va’dani qizi bajargan:

- Odinaxon Muhammad Yusuf, xuddi akasi kabi, otasining ishlarini davom ettirayapti. Biz uni otasining davomchisi sifatida qabul qildik. Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlar ko‘p va ular bilan ishlash kerak, shu jumladan, diniy yo‘nalishda ham ish olib borilishi kerak. Odinaxon Muhammad Yusufning safari shu ish doirasida bo‘ldi. U "Oysha" xalqaro ayollar klubida ma’ruza qildi, - dedi Sergey Zyazin.

Ozodlik Odinaxon Muhammad Yusufning o‘zi bilan suhbatlashishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Sergey Zyazinga ko‘ra, marhum shayxning qizi va uning ishini davom ettirayotgan o‘zbekistonliklar bilan aloqalar davom etmoqda va tez orada shayx asarlarining navbatdagilarini Rossiyada, xususan, mamlakatdagi qamoqxonalarda jazo o‘tayotgan yosh mahbuslar orasida tarqatish rejalashtirilmoqda:

- 2012 yildan beri "Xilal" nashriyot uyi​ shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarini minglab nusxada Rossiyada bepul tarqatib kelmoqda, shu jumladan, qamoqxonalarda ham tarqatilmoqda. Buni moliyaviy tomondan shayxning oilasi ta’minlamoqda. Men buni juda barakotli, ham Islom, ham musulmonlar uchun xayrli ish, deb baholayman, - deydi Moskvadagi "Vasatiya" markazi ijrochi direktori.

Moskvadagi "Xilal" nashriyot uyidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2012 yildan buyon marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qator kitoblari chop etilgan va shayx hanuz kitoblari Moskvada chop etilayotgan yagona o‘zbekistonlik diniy ulamo bo‘lib qolmoqda.

Shayx O‘zbekiston mustaqillik yillarida tanilgan ziddiyatli shaxslardan biridir. U hayotligida O‘zbekistonda kitoblari chop etilishiga hukumat ruxsat bergan yagona ulamo bo‘ldi.

Diniy-siyosiy mavzudagi kitoblarning sotilishi taqiqlangan, diniy kitob sotadigan do‘kon va rastalar yopilgan kezda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarining bemalol va biroz qimmat narxlarda sotilgani keskin tanqidlar, dindorlar noroziliklariga ham sabab bo‘lgan.

Sergey Zyazin hozir Rossiyada ham, asosan, shayxning kitoblari tarqatilayotgani sababini muallifning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori, aynan shu masalada uning oilasi moliyaviy yordam ko‘rsatayotgani bilan izohladi:

- Markazimizning u kishi bilan o‘ziga xos aloqasi bor edi. Misol uchun, u kishining ba’zi kitoblari ruscha nashriga markazimiz direktori hammualliflik qilgan. Bundan tashqari, shayxning kitobi Rossiya Jazoni ijro etish boshqarmasi tomonidan juda yuqori baholangan, hozirga vaqtda yosh musulmonlar uchun zarur, deb topilgan va buni davlat ham quvvatlagan. Muhimi, marhum ulamo xalqaro maydonda nom qozongan va ilimi kuchli, e’tiborli ulamo edi. U kishining asarlariga bu yerda qiziqish katta, - dedi Sergey Zyazin.

"Vasatiya" markazi rahbariyati marhum ulamoni mo‘’tadil, ana’anaviy Islom targ‘ibotchisi, radikalizm, bid’at-xurofot tanqidchisi, Islomni to‘g‘ri yo‘lda targ‘ib qilgan kuchli olim sifatida baholadi.

Zyazinga ko‘ra, shayxning kitoblarida hukumatlar taqiqlagan turli radikal diniy oqimlardan qaytarilgan va mo‘’tadil Islomga da’vat qilingan. Hozir Rossiyada ulamoning rus tilida chop etilgan «Vasatiyya — put jizni», «Islam. Iman. Kuran», «Raznoglasiya: prichinsipi i resheniya», «Otkritoe poslanie», «Religiya — Nasixa», «Xadisi i jizn» kitoblari tarqatilmoqda.

O‘zbekistonlik dindorlar orasida shayxning merosi ko‘p bahslar va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Jumladan, marhum ulamo muxoliflari uni "Mazhabsizlik - bid’atdir" degan ta’limoti bilan O‘zbekiston hukumatining "Hanafiylik" mazhabidan boshqa mazhablar va mazhabsiz dindorlarni ta’qibga olishiga xizmat qildi, deb tanqid qiladilar.

XS
SM
MD
LG