Линклар

Farg‘onalik tinglovchidan kelgan xat muallifi viloyat bo‘ylab terak qirg‘ini boshlanganidan bong uradi. "To‘xtating!!! Aks holda 2-3 yildan keyingi oqibatlarni bartaraf qilish imkonsiz!!! deb boshlanadi xat. Xavfsizligini o‘ylab ism-familiyasi ko‘rsatilmasligini so‘ragan tinglovchi, yozayotgan gaplariga isbot sifatida, suratlarni ham ilova qilgan. Muallifga ishonmaslikka asosimiz yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, Ozodlik farg‘onalik bir necha fermer bilan bog‘lanib, xatda aytilgan gaplarning tasdig‘ini eshitdi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz. Hozir esa, maktubni o‘qing. Uni tahrirsiz berayapmiz.

***

"To‘xtating!!! Aks holda 2-3 yildan keyingi oqibatlarni bartaraf qilish imkonsiz!!!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev xalqning turmush farovonligini yaxshilash, arzon va sifatli mahsulotlar, shu jumladan qurilish materiallari bilan ichki bozorni to‘ldirish, ehtiyojmand oilalarga arzon uylar qurish borasida bir qancha tashabbus ko‘rsatib, xalqning mehrini va ishonchini qozongan bir paytda Farg‘ona viloyatida ayrim rahbarlarning topshirig‘iga ko‘ra, dala chetlarida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va a’zolari tomonidan ekilgan teraklar ayovsiz ravishda kesilmoqda.

Hasharotlarga qarshi kurash, paxta atrofiga tut ekish bahonasi bilan kesilayotgan teraklar shundoq ham moliyaviy ahvoli yomon bo‘lib, davlatdan qarzi bo‘lgan fermerlarning moliyaviy ahvolini butunlay yomonlashishiga olib kelmoqda. Eng yomoni bu teraklar faqat fermer xo‘jaliklari egalari emas, balki, aksariyat holda oylik maosh olmasdan ishlayotgan xo‘jalik a’zolariga ham tegishlidir. Xalqning rizqi bo‘lgan teraklarni kesilishi aholi orasida juda kuchli norozilik, davlat amaldorlariga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Lekin, andishali xalq o‘z g‘azabini faqatgina rahbarlarni g‘iybat qilish bilan so‘ndiryapti.

Ma’lumki, terak bu o‘zbek xalqining milliy qurilish materiali bo‘lib, keyingi 15 yil ichida shaxsan Sh.Mirziyoevning Bosh vazir bo‘lib ishlagan paytidagi tashabbusi tufayli ko‘plab ekilishi natijasida uy va binolar qurilishi uchun zarur bo‘lgan yog‘och qurilish materiallarining arzonlashishiga olib keldi va chetdan sosna va boshqa yog‘ochlar olib kelinishi keskin kamaydi. Chunki, arzon va chidamliligi tufayli terak yog‘och qurilish materiali sifatida deyarli 99 foiz holatda aholi tomonidan uy qurilishida ishlatiladi. Chetdan olib kelingan yog‘ochlar deyarli 4-5 baravar qimmatligi tufayli aholi faqatgina terakni yog‘och qurilish mahsuloti sifatida ishlatadi.

Shu sababli, hozirgi kunda teraklarning ayovsiz kesilishi uzog‘i bilan 2-3 yildan keyin yog‘och qurilish materiallarini o‘ta qimmatlashuviga olib keladi, yog‘ochga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun chet davlatlardan yog‘och mahsulotlarini olib kelish, o‘z navbatida esa ko‘plab valyuta boyliklarimizni chetga olib chiqishga sharoit va zarurat yaratilishiga olib keladi. Xalqning qimmat qurilish materiali sotib olishga majbur bo‘lishi tufayli moddiy ahvoli, turmush sharoitiga keskin yomonlashuviga ham olib keladi. Chunki, Farg‘ona viloyatining o‘zida kesilayotgan teraklar BIR NEChA MILLIONDAN oshadi. Bunday terak kesish albatta o‘zining aks va salbiy ta’sirini ko‘rsatadi va uning oqibatlarini bartaraf etish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Hozirda teraklarni kesilishi terak oldi sotdisi, terakdan meva teradigan yashik va boshqa xalq iste’mol mollariishlab chiqarish bilan bog‘liq jarayonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, bu mahsulotlarni o‘ta qimmatlashuviga olib keladi.

Bundan tashqari, terakni kesilishi tabiiy muhitni butunlay o‘zgarishiga, qishloq hududlardagi va dalalardagi tabiiy manzaralarni, go‘zalliklarni yo‘qolishiga olib keladi va barcha dalalarda sahro, cho‘l manzarasini vujudga keltiradi.

Farg‘ona viloyati shamol ko‘p esadigan hudud bo‘lgani uchun teraklar ixota vazifasini ham bajaradi, shamollarni to‘sadi, qum ko‘chkisidan saqlaydi.Terak bilan ixotalangan paxta maydoni bilan terak ekilmagan yalang ekin maydonidagi paxtaning rivojlanishi o‘rtasidakatta tafovut bo‘lib, yalang joydagi paxtaning hosildorligi keskin kam bo‘ladi. Chunki, ixotalanmagan hududda shamol paxtani barglarini to‘kib, xatto ko‘chatni yangiligi paytida uchirib yuborib, tuproq bosib qolishigacha olib keladi.

Shu sababli, ey amaldorlar terak kesishni TO‘XTATING!!!Prezident siyosatiga zid ish qilmang!! Xalqni rizqini qiymang, uvolidan ko‘rqing!!! Aks holda oqibatlarni bartaraf etish uchun yillar kerak bo‘ladi!!!"

XS
SM
MD
LG