Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:17

Rossiyadagi do‘konlar tarmog‘i geylarga nafratini ochiq yoymoqda


Rossiyada kichik, ammo shitob bilan kengayib borayotgan do‘konlar tarmog‘i o‘nlab binolari derazalariga noan’anaviy jinsiy aloqaga moyil kishilarni kamsituvchi “Besoqolbozlar kirishi mumkin emas”, degan yozuvlar osib qo‘yib, nom qozondi.

Rossiyalik biznesmen German Sterligov oziq-ovqat do‘konlaridan yana birining ochilish marosimida besoqolbozlikka toqat qila olmasligini ochiq aytdi.

Hatto, mahalliy OAVga ko‘ra, Markaziy Rossiyaning Kirov shahridagi “Non va tuz” do‘koni o‘sha shiorni taxtaga o‘yib yozib, 2000 rubldan (35 dollar) pullamoqda.

Shiorda geylarni haqoratlovchi atamadan foydalanilayotgani, aksariyat OAV bu so‘zni to‘liq yozishdan bosh tortayotganiga qaramay, Moskva, Sankt-Peterburg va Kirov shaharlari aholisi ushbu yozuvdan xijolat tortmayotgan ko‘rinadi.

Aksincha, do‘kon oldidan o‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilar shior oldida turib, xursand holda suratga tushayotganini kuzatish mumkin.

Ammo, Moskvada 1 iyunga o‘tar kechasi bir do‘konning derazasi sindirib ketildi va davlat televideniesi bu haqda ushbu do‘konlarni “anchadan beri LGBT vakillari nishonga olib kelayotgan edi” deya sharh berdi.

Do‘konning Sankt-Peterburg shahridagi Ligovskiy shohko‘chasining shundoq biqinida joylashgan filialida nomini oshkor qilishni istamagan bir xaridor ayol ushbu shior Sankt-Peterburg shahri qanchalik bag‘rikeng ekani ko‘rsatkichi bo‘ldi, odam nimani xohlasa, shuni gapirish huquqiga ega bo‘lishi kerak, deb aytdi.

“Rossiya dehqonlari” ishlab chiqarayotgan tabiiy oziq-ovqat, atir-upa va boshqa mahsulotlarni sotadigan “Non va tuz” tarmog‘ini bir qilig‘i ortiq multimillioner German Sterligov asos solgan edi.

Monarxiyachi Sterligov XIX asr tartiblari bilan yashashi, o‘tgan asrdagi davlat to‘ntarishidan oldingi kalendarga amal qiladi. Bu kalendarni u Iso Masihning tavallud sanasiga sakkiz yil qo‘shib o‘zgartirgan. Masalan, u vebsayti “Iso Masih tavalludining 2018 yil 28 may kuni” - ya’ni, yanga sanaga ko‘ra, 2010 yil 11 iyun kuni - tashkil etilganini aytadi. U ruscha “besplatniy” so‘zini esa “z” tovushi bilan yozadi, shu tariqa “bes” (“iblis) so‘zini yozishdan qochadi.

Ilgari u Rossiyaning Ural tog‘laridan sharqda joylashgan hududlarini to‘liq G‘arbga sotish, o‘sha yerlardagi dehqon xo‘jaliklarida yashaydigan aholini Rossiyaning Yevropa qismiga ko‘chirish taklifi bilan chiqqan edi.

U Sankt-Peterburgdagi do‘konlaridan birining ochilish marosimida asarlari “barcha insoniyatni zaharlagani” uchun Albert Eynshteyn va boshqa olimlarning portretlariga tuxum otish uchun tarafdorlarini taklif qilgan edi. Aytishicha, u cho‘qintirilmagan va rus-pravoslav cherkovini tan olmaydi, chunki barcha ruhoniylarni bid’atchilar deb biladi va hokazo.

Yaqinda Rossiya hukumati va davlatga qarashli OAV mustaqil OAV bilan inson huquqlari himoyasi faollari guruhlarining geylar Shimoliy Kavkaz mintaqasiga qarashli Chechnyada doimiy tarzda ta’qib qilinayotgani to‘g‘risidagi xabarlarini e’tiborsiz qoldirdi.

30 may kuni Sankt-Peterburg shahri sudi besoqolboz jurnalist Dmitriy Silikinni o‘ldirgani uchun 21 yashar millatchi talaba Sergey Kosirevni 8,5 yilga kesdi. Garchi sud mahkamasi yopiq tarzda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, faollar jinoyat geylarga nisbatan nafrat sabab sodir etilgan, deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG