Линклар

BMT Bosh kotibi O‘shda 2010 yil qirg‘ini qurbonlarini xotirladi


O‘shdagi o‘zbeklar jamiyati raisi Abdurashid Xo‘jaev (chapda) va O‘sh viloyat gubernatori o‘rinbosari Axmadjon Muhammadjonov 2010 yil iyun voqealari qurbonlarini xotirlash marosimida.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 11 iyun kuni O‘shda 2010 yil qirg‘inida qurbon bo‘lganlarni xotirlash tadbirlarida ishtirok etdi.

O‘sh o‘zbek milliy –madaniy markazi prezidenti Abdurashid Xo‘jaev BMT Bosh kotibini kutib olganlar va u bilan uchrashganlar orasida bo‘ldi. U Guterrishning O‘shga qilgan tashrifi haqida mana bularni aytdi:

-Kecha (11 iyun kuni) kech soat 5larda Guterrish O‘shga keldi. Dastlab, O‘shda “Onalar ko‘z yoshi” haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. Shundan so‘ng soat 6da hokimiyatning deputatlar zalida BMT Bosh kotibi shahar faollari bilan uchrashdi. U yerda Guterrish “o‘zbek va qirg‘iz xalqi umrbod birga yashagan, qondosh-jondosh va dono xalq bo‘lgani uchun qonli voqealarni uch kun ichida bartaraf etib, tinchlik o‘rnata oldi. Mana shu tinchlikni bundan buyon ham mustahkamlash kerak”, degan gaplarni aytdi, -dedi Abdurashid Xo‘jaev.

Unga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida 7 yil avval O‘shda sodir bo‘lgan millatlararo nizoni unitish vaqti kelganini ayrim faollar alohida ta’kidlaganlar.

-Umumiy maqsad iyun voqeasini esdan chiqarish, aslida. Bu voqeani hadeb odamlarning esiga solaversak, tuzalayotgan yaralarni yana yangilaganday bo‘lib qolayapti. Endi, bundan buyog‘iga tinchlik bo‘lsin, osoyishtalik bo‘lsin, qirg‘iz bilan o‘zbekning do‘stligi hech qachon buzilmasin, -dedi Abdurashid Xo‘jaev.

Guterrish 2010 yilda BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari bo‘lib turganida birinchi marotaba O‘shga kelgan edi. Xo‘jaevning aytishicha, BMT Bosh kotibi o‘sha kunlarni xotirladi va qirg‘inda qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

“Ko‘p millatlilik, turli diniy konfessiyalarning mavjudligi boylik ekanini tushunishimiz kerak. Tinchlik o‘rnatilishi uchun sizlar juda qattiq harakat qildingiz, biroq bu jarayonni to‘xtatib qo‘ymaslik muhimdir. Ramazon oyi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash oyidir”, dedi BMT Bosh kotibi o‘z so‘zida.

Bundan 7 yil avval O‘shda sodir etilgan etnik to‘qnashuvlarda 450ka yaqin odam halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq odam yaralangan va minglab uylar yondirib yuborilgan edi.

BMT Bosh kotibi Markaziy Osiyo safari davomida Bishkekda prezident Atambaev bilan ham uchrashdi. Uchrashuv paytida Guterrish:

-Markaziy Osiyo safari doirasida Qirg‘izistonga ham kelganimning alohida ahamiyati bor. Men Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar bilan tig‘iz hamkorlik o‘rnatish niyatidaman, -deb bildirdi.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo safari 8-9 iyun kunlari Qozog‘istondan boshlangan. 10 iyun kuni Guterrish Samarqandda prezident Mirziyoev bilan uchrashdi. Qirg‘iziston safarini yakunlagan BMT Bosh kotibi 12 iyunda Tojikistonga, 13 iyun kuni esa Turkmanistonga boradi.

XS
SM
MD
LG