Линклар

Rossiyada siyosatchi Aleksey Navalniy tarafdorlari aksilkorrupsiya namoyishiga chiqdi. Politsiya namoyish ishtirokchilarini ushlashni boshladi. Vladivostok markazida muholifatning ruxsat berilmagan mitingida ishtirok etgan 11 kishi ushlandi. Politsiyaning maxsus bo‘linmasi (OMON) xodimlari va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushlanganlar orasida muxolifat faoli Maksim Shinkarenko ham bor. U «Dimon, ko‘zimdan yo‘qol» degan so‘zlar yozilgan plakatni ko‘tarib olgan edi. Navalniyning mahalliy shtabi muvoffiqlashtiruvchisi, shahar dumasi deputati Yuriy Kuchin politsiya tomonidan namoyish boshlanmasdan oldin ushlangan edi.

Vladivostok markazidagi miting ruxsat olinmagan holda o‘tkazildi. Rasmiylar tashkilotchilarga shahar chetidan joy ajratdi, biroq faollar u yerda namoyish o‘tkazishdan voz kechishdi. Namoyishchilarni tarqatishda kazaklar ham ishtirok etdi. Ular bir nechta faolni kaltaklashdi, deya xabar beradi "Mediazona".

Blagoveshchenskda ruxsat berilmagan namoyishda ishtirok etgan kamida to‘rt kishi ushlandi. Ulardan birining qo‘lida «Korrupsiyasiz Rossiya» degan so‘zlar yozilgan plakat bor edi. Bu xaqda "OVD-Info" xabar berdi.

Qozonda rasmiylar shahar chetida namoyish o‘tkazish uchun ertalabki 7da ruxsat berishdi. Bu yerda namoyish tashkilotchisi ushlandi. Mitingda tahminan 400ga yaqin kishi ishtirok etdi. Namoyishlar Barnaul, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Ulan-Ude, Xabarovsk shaharlarida ham o‘tkazildi.

Kuni kecha Aleksey Navalniy bayonot berib, hokimiyat bilan kelishilgan holda Saxarov prospektida o‘tadigan namoyish rasmiylarning bosimi ostida bekor qilinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, rasmiylar mitingda ovoz kuchaytirgich apparatura va videoekranlardan foydalanishga ruxsat berishmagan.

Navalniy o‘z blogida tarafdorlariga murojaat qilib, tinch namoyish o‘tkazish uchun shahar markazidagi Tver ko‘chasiga chiqishga chaqirdi. Moskva hokimiyati miting o‘tkaziladigan joyning o‘zgartirilishi qonunga xilof ekanligini aytdi va «huquqbuzuvchilarga nisbatan keskin chora ko‘rilishi» haqida bayonot berdi. Eslatib o‘tamiz, 26 mart kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi mitingda ishtirok etgan mingdan ortiq kishi ushlangan edi.

Aleksey Navalniy 2018 yili bo‘lib o‘tadigan saylovda Rossiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG