Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:01

Turkmanistonda yopiq binolardagi Osiyo o‘yinlari vaqtida sayyohlarga gidlar tirkab qo‘yiladigan bo‘ldi


Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2016 yil 5 may kuni qadimiy Nisa ziyoratgohidagi 500 kunlik umummiliy ot poygasining ochilish marosimida qatnashmoqda. Tadbir 2017 yili bo‘lib o‘tadigan yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2016 yil 5 may kuni qadimiy Nisa ziyoratgohidagi 500 kunlik umummiliy ot poygasining ochilish marosimida qatnashmoqda. Tadbir 2017 yili bo‘lib o‘tadigan yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

Tashqi aloqalarni unchalik suymaydigan Turkmanistonning mulozimlariga ko‘ra, bu mamlakat sentabrda mezbonlik qiladigan Yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlarini (AIMAG) tomosha qilgani o‘n minglab sayyohlar kelishi kutilmoqda.

Ashxobod rasmiylari kelishi kutilayotgan chet elliklarni mahalliy gidlarni yollashi lozimligi va ulardan uzoq ketib qolmasligi kerakligidan ogohlantirmoqda.

“Sayyohlar Turkmaniston bo‘ylab sayohat qilayotganda ularga har doim gidi hamrohlik qilishi, barcha xarajatlarni sayyohlar o‘zi qoplashi kerak”, deyiladi AIMAG vebsaytida.

Bu yopiq mamlakatga chet ellik sayyohlar safar qilishi uchun ulardan mahalliy gidlarni yollash talab qilinishi Turkmanistonning rasmiy vebsaytida ilk marta bu qadar ochiq-oydin aytilmoqda.

Ushbu majburiyat Turkmanistonga borishga viza olish uchun shusiz ham murakkab bo‘lgan tartibni yanada chigallashtiradi. Turkmaniston dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri bo‘lib, ko‘pincha Shimoliy Koreyaga tenglashtiriladi.

Turkmaniston Turizm vazirligi vakillarining ma’lum qilishicha, “dunyo mamlakatlaridan 150 mingga yaqin tomoshabin” kelishi kutilmoqda va bu pul taqchil postsovet mamlakati uchun uzoq kutilgan daromad manbai bo‘ladi.

AIMAG tashkilotchilariga ko‘ra, 62 mamlakatdan o‘zaro kurashish uchun, taxminan, 5500 nafar sportchi, yana 1200 nafar ularga hamrohlik qiluvchilar, jumladan, trenerlar va rasmiy delegatsiyalar a’zolari keladi.

Sportchilar, trenerlar va rasmiylardan ham Ashxobodning ziyoratgohlarini borib ko‘rish uchun gid yollash talab qilinish-qilinmasligi ma’lum emas.

Turkmanistonlik gidlar chet ellik sayyohlar faqat hokimiyat idoralari ma’qullagan ziyoratgohlarni borib ko‘rishini hamda qarovsiz joylar va eski-tuski ko‘chalardan nariroq yurishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan rasmiy nazoratchi sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

Yaqinda bir ashxobodlik gid va tarjimonning Ozodlikka xabar qilishicha, hukumat gidlardan mijozlarining xatti-harakatlari va qaerda yurgani haqida hokimiyat idoralariga muntazam ravishda xabar berib turishni talab qilmoqda.

Ulardan tashqari, Milliy xavfsizlik xizmati ham sayyohlarni maxsus ulovlarda, bozorlarda esa yayov holda kuzatib yuradi.

Yaqinda bir turkman muxolifat vebsaytining iddao qilishicha, davlat apreldan boshlab to sentyabrgacha gaz va neft sohasi ishchi va xizmatchilarning 15-20 foiz maoshini Yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari xarajatlarini qoplash uchun qaytarib qolmoqda.

Turkmaniston so‘nggi paytlarda xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilish uchun berilayotgan buyurtmalarga pulni ayamayapti.

XS
SM
MD
LG