Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:23

Mirza Azizov: 2010 yil 13 iyunida men O‘shda qayta tug‘ilganman


O‘zbekiston Xalq artisti Mirza Azizov O‘shdagi Amir temur shaharchasidagi muhlislari bilan.
O‘zbekiston Xalq artisti Mirza Azizov O‘shdagi Amir temur shaharchasidagi muhlislari bilan.

O‘shda so‘nggi 25 yilda birinchi marotaba amalga oshirilgan Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama va komediya teatrining bir haftalik gastrollari yakunlanishi munosabati bilan Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan teatr direktori, O‘zbekiston Xalq artisti Mirza Azizov “2010 yil 13 iyunida men O‘shda qayta tug‘ilganman”, deb aytdi.

-2010 yilda qaysidir reaktsion kuchlar ikki pokiza xalq-o‘zbek va qirg‘izni urushtirishga harakat qilganiga men guvoh bo‘lganman. O‘shanda O‘shga mehmondorchilikka kelgan edim. Birdan nizo boshlanib, men bu yerda 4 kun qolib ketdim. O‘shanda meni hozir Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlayotgan general –mayor Kursan Asanov qutqarib chiqqan edi. U kishi nafaqat meni, balki ko‘plab talabalarni, O‘shga xizmat safri bilan kelgan o‘nlab odamlarni ham qutqarib qoldi. Men Kursan Asanovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘shanda 13 iyun kuni men O‘shda qayta tug‘ildim, desam ham bo‘laveradi, - dedi Mirza Azizov.

Suhbatdoshimiz O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy aloqalarning tiklanishi ortidan o‘zbek va qirg‘iz xalqalarining birodarligi yanada mustahkamlanadi, degan ishonchda.

Teatr san’atkorlari gastrollar yopilishi arafasida O‘shning Amir Temur shaharchasida qirg‘iz san’atkorlari bilan birgalikda do‘stlik konsertini ham uyushtirganlarini aytdi Mirza Azizov:

- Insonlarning qalbiga ezgulik ekishda ma’anaviyatni,madaniyatni, ma’rifatni, san’atni judayam o‘rni katta. Shu ma’noda biz u erdan Botir Ergashev qalamiga mansub qirg‘iz-o‘zbek, o‘zbek-qirg‘iz do‘stligiga atab maxsus qo‘shiqlar qildirdik. Mana shu qo‘shiqni aytganda qirg‘izu-o‘zbek o‘rnidan turib, ko‘zida yosh bilan qarsak chalyapti.Bu qo‘shiqda shunday bir ma’no borki, Manas O‘zbekistonda qanday mashhur bo‘lsa, o‘zbeklar undan qanday ma’naviyat topishsa, Alpomish bobomizdan qirg‘izlar ham huddi shunday manaviyat, ma’rifat topadi. Shuning uchun ham bizni kelishimiz bu do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi,deb o‘ylayman. Do‘stligimizga o‘zimizning kichkina bo‘lsa ham hissamizni qo‘shdik, - dedi Mirza Azizov.

Muqimiy nomidagi teatrning gastrollari O‘shda 6 iyun kuni boshlangan edi. Bu yerda o‘zbek san’atkorlari O‘sh shahrida va viloyatning qator tumanlarida “Jaydari kelin” spektaklini namoyish etdilar.

Muqimiy teatri direktori Mirza Azizov gastrol yopilishi arafasida “Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat a’lochisi” nishoni bilan taqdirlandi.

- Gastrol safarimizning yopilish marosimida biz bir-birimizni tabrikladik. O‘shanda, Qirg‘iziston Madaniyat vazirligining “Madaniyat a’lochisi” medali bilan taqdirlandik. Bu, albatta, men uchun berilgan medal emas, bu “Muqumiy” teatri uchun, o‘zbek san’ati uchun berilgan mukofotlar deb bilamiz. Albatta, biz Xudo xohlasa, kelajakda ikkita ulug‘ prezidentlarimiz sabab bordi-keldilarimizni yanada kuchaytiramiz, -dedi Mirza Azizov.

Mirza Azizov o‘zbekistonlik san’atkorlar nafaqat O‘shdagi Bobur nomidagi o‘zbek akademik teatri bilan, balki Bishkekdagi san’at dargohlari bilan ham hamkorlik qilish umidida ekanini aytdi:

- Bordi keldilarimizga ko‘z tegmasin. Biz nafaqat Bobur nomidagi akademik musiqali drama teatri bilan, balki Bishkekdagi va boshqa-boshqa qirg‘iz drama teatrlari bilan bordi - keldilarimizni endi davom ettiramiz. Bizda bir umr Chingiz Aytmatovning asarlaribarcha teatrlarimizda juda katta bir ko‘tarinki ruxda sahnalashtirilgan. Albatta, o‘zbek dramaturglari asarlari qirg‘iz sahnalari yuzini ko‘rgan. Mana shu ishlarni yana davom ettirsak, bu do‘stlikka xizmat qiladi. Ezgulikka xizmat qiladi, -dedi Muqimiy teatri rahbari Mirza Azizov.

XS
SM
MD
LG