Линклар

HRW ishchilarni ekspluatatsiya qilayotgani uchun Rossiyaga "qizil kartochka" ko‘rsatdi


Sankt-Peterburgda qurilayotgan Zenit-Arena stadioni.

Yaqinda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Konfederatsiyalar kubogi va 2018 yilgi Jahon chempionati inshootlarini qurayotgan ishchilar “ekspluatatsiya qilinmoqda va ularning mehnat qonunchiligida belgilab qo‘yilgan huquqlari poymol bo‘lmoqda”, deyiladi “Hyuman Rayts Uotch” (HRU) tashkiloti e’lon qilgan hisobotda.

HRU ning 14 iyun kuni e’lon qilingan hisobotida tashkilotning qo‘lida ishchilarga haq to‘lanmagani, ular o‘ta xavfli sovuq sharoitlarda ishlatilgani, e’tiroz bildirgani uchun ta’qibga uchragan holatlarga oid dalillar mavjudligi aytiladi.

Shuning barobarida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Rossiya mezbonlik qiladigan ikkita musobaqadan oldin “mehnat sharoitlarini yaxshilab kuzatib borish borasida olgan majburiyatlarini to‘liq bajarishi shart”, deyiladi hisobotda.

FIFA vakillari HRU hisobotida keltirilgan iddaolar ushbu tashkilotda mavjud ma’lumotlar va bahoga to‘g‘ri kelmayotganini aytmoqda.

Rossiya hukumat idoralari esa hali hisobotga munosabat bildirmadi.

17 iyunda Rossiyaning to‘rtta shahrida futbol bo‘yicha ushbu mamlakat terma jamoasi bilan birga jami 8 ta milliy terma jamoa o‘rtasida Konfederatsiyalar kubogi musobaqalari boshlanadi. Futbol bo‘yicha eng nufuzli sport musobaqasi – Jahon kubogi birinchiligi 2018 yilning iyun-iyul oylarida ushbu mamlakatning 11 shahri, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon va Sochi stadionlarida bo‘lib o‘tadi.

HRUning hisoboti “Qizil kartochka: Quruvchilarning Rossiyadagi Jahon kubogi ob’ektlarida ekspluatatsiya qilinishi” deb nomlanadi. Unda aytilishicha, Jahon kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tadigan oltita stadion qurilishida ishlagan ishchilarga “maosh to‘liq yoki qisman to‘lanmagan, maosh to‘lanishi bir necha oy kechikkan, ular yetarli himoya vositalari bilan ta’minlanmay turib, -25 daraja sovuqda ishlatilgan, ish beruvchilar ular bilan qonuniy ishlashi uchun mehnat shartnomasi tuzmagan”.

Hisobotda Xalqaro qurilish sanoati va yog‘ochga ishlov beruvchi ishchilar federatsiyasi ma’lumotlariga tayangan holda, Rossiyada Jahon kubogi ob’ektlari qurilishida kamida 17 kishi halok bo‘lgani aytiladi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar vakillari ruslar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Belarus, Ukraina va boshqa joylardan kelgan migrant ishchilar bilan suhbatlashdi. O‘sha ishchilar ularga “ish beruvchilar o‘ch olishidan qo‘rqib, huquqlari poymol qilinayotgani xususida gapira olmasligi”ni aytdi. Rossiya hokimiyat idoralari esa HRU vakillari ishchilar bilan gaplashmoqchi bo‘lganda ularni qo‘rqitishga urindi. Politsiya aprel oyida bir tadqiqotchini Rossiya janubidagi Volgograd shahrida hibsga ham oldi.

FIFA o‘tgan yili Rossiya hukumati bilan birga qurilayotgan yoki ta’mirlanayotgan stadionlardagi mehnat sharoitlarini kuzatib borish tizimini o‘rnatayotganini xabar qilgan edi, ammo kuzatuvchilar aniqlagan qonunbuzarlik holatlari tafsilotlarini oshkor qilmadi, deyiladi hisobotda.

Reyter axbort agentligi FIFA voiziga tayanib tarqatgan bir xabarda “tegishli mehnat standartlariga mos bo‘lmagan holatlar aniqlanayotgani, lekin bu yirik miqyosli loyihalar uchun odatiy hol” ekani aytiladi.

Ammo “HRUning qurilish ob’ektlarida ishchilar ekspluatatsiya qilinayotgani to‘g‘risida gaplari FIFAda mavjud ma’lumotlarga mos kelmaydi”, dedi voiz. Uning fikricha, mustaqil ekspertlar va kasaba uyushmalari vakillari har chorakda ma’lumot yig‘ib, ularni baholab boradi.

FIFA vakillarining aytishicha, Rossiya hokimiyat idoralari “o‘z hududida inson va mehnat huquqlarini himoya qilish va qurilish shirkatlari hisob berishi uchun o‘zi javobgardir”.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Mutko may oyida "Sankt-Peterburg shahridagi stadion FIFA talablariga javob beradi va ishchilarning huquqlari poymol qilinayotgani yo‘q", deb aytdi.

XS
SM
MD
LG