Линклар

Madrasalarga 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinmasligi mumkin


Toshkent Islom instiutiga qabul, 2016 yil (Institut rasmiy saytidan olingan surat)

O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2017-2018 o‘quv yili uchun qabulga oid taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Taklif mualliflari bu muassasalarga kasb-hunar kolleji yoki litseylar bitiruvchilarinigina qabul qilishni tavsiya qilgan. Agar bu taklif qabul qilinsa, o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinmaydi.

Savollarga ko‘milgan taklif

Bu taklif Vazirlar Mahkamasiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan taqdim qilindi.

Mazkur taklif muhokamasi qay bosqichda, qay ko‘rinishida borayotgani va qanday qaror qabul qilinishi haqida hozircha aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi mas’ul mulozimi shunday taklif muhokama qilinayotgani, tez orada yakuniy qaror qabul qilinishini tasdiqladi. Hatto, taklif ortidan idoraga ham savollar kelayotganini qo‘shimcha qildi, ammo, hozircha aniq ma’lumot berolmasligini aytdi.

Prezident bilan iftor

Musulmonlar idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 15 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoevning respublika imomlari va diniy xizmatchilari bilan uchrashishi, birga iftor qilishi kutilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozim diniy ta’lim va bu sohadagi islohotlar masalasi uchrashuvda u yoki bu ko‘rinishda ko‘tarilishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

Ammo, ayni paytda O‘zbekistondagi bir qator Internet nashrlarida 3 ta idora tomonidan ilgari surilgan bu taklif ham ta’lim, ham diniy-fuqaroviy erkinliklarga zid ekani aytilgan shikoyat maktubi chop etildi.

"Qonunga zid taklif"dan shikoyat

O‘zbekiston Islom instituti jamoasi nomidan e’lon qilingani aytilgan bu maktub mualliflari - uni Internet nashrlarida chop etishni o‘zlarining " eng so‘ngi chora"si sifatida ta’riflagan.

Maktubda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan bu taklif "diniy ta’lim yoshining kechiktirilishi va ta’lim qonunchiligi buzilishi" sifatida baholangan.

"Vazirlar Mahkamasiga taklif qilingan hujjatda o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga kollej va akademik litseylarni bitirib, ya’ni 18 yoshdan keyin yana qaytadan o‘rta maxsus ta’limga qabul qilinsin, deyilgan. Bu esa ta’lim qonunchiligi buzilganligidir. Chunki, bu holat O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilab qo‘yilgan uzluksiz ta’lim tizimiga qarshi o‘laroq, ikki bor o‘rta maxsus ta’limining takrorlanishiga olib keladi", deyiladi jumladan ushbu maktubda.

Shu paytgacha respublikada mavjud 9 ta madrasadagi ta’lim majburiy bo‘lgan o‘rta maxsus ta’lim bosqichiga tenglashtirilgan va bu dargohlarga umumiy ta’lim maktablarining 9- sinfini tugatgan bitiruvchilar qabul qilinar edi.

Institut rahbarlari majlisda

Ozodlik Toshkent Islom institutiga bog‘langanida ham bunday taklif haqida "gap-so‘zlar yurgani, hali aniq qaror qabul qilinmagani, institut rahbarlari shu masaladagi majlislar bilan bandligi" haqida javob oldi. Ammo, institut jamoasi nomidan e’lon qilingan shikoyat maktubi haqida esa biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Savollarga javob berishi mumkinligi aytilgan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Ibodulla Ahrorov bilan bog‘lanishning umuman imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Facebook tarmog‘idagi bir necha foydalanuvchi 14 iyun kuni Toshkent Islom institutida o‘qituvchilarning shikoyat maktubi muhokama qilingan majlis bo‘lgani va unda tajribali o‘qituvchilar bu taklifga qarshi fikr bildirgani haqida yozishdi.

Bunday postlardan birida jumladan: " #Iqtibos. Kim bu xabarni tashqariga chiqardi, kim sof.uz ga chiqarib qahramonlik qildi degan mavzuda kecha Islom institutida kichik majlis qilingan. Bugun Islom institutida katta majlis o‘tkazildi. Katta ustozlar yana qayta o‘z noroziliklarini bildirishgan. Shunga qaramay hali hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q", deyilgan.

15 iyundan qabul boshlanadi

O‘zbekistondagi o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va Oliy o‘quv yurtlariga qabul 15 iyundan boshlanadi.

Toshkentdagi ayollar madrasasi - "Hadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtining o‘zini tanishtirmagan xodimi bu yil qabul qilinadigan bitiruvchilar masalasi hanuz noaniq qolayotganini tasdiqladi.

"15-16 iyun kunlarigacha hal bo‘lib qoladi. Hozir shu masalada majlislar o‘tkazilyapti. Shu paytgacha 9- sinfni bitirganlarni olayotgan edik. Endi qanday qaror qabul qilinadi, biz bilmaymiz hali", dedi ta’lim maskani xodimi.

Hozir O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 7 iyunda rasman ochilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi bor.

Bu yilgi qabul jarayoniga bir kun qolganda ham kimlarni qabul qilishi noaniq qolgan o‘rta maxsus islom bilim yurtlari - madrasalar esa 9 ta: Toshkentda "Ko‘kaldosh", Buxoroda "Mirarab", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Kitobda "Xoja Buxoriy", Urganchda "Faxriddin ar-Roziy", Nukusda "Muhammad al-Beruniy", shuningdek, Toshkentda "Xadichai Kubro", Buxoroda "Jo‘ybori kalon" ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

Madrasa bitiruvchisi - mahalla maslahatchisi

Madrasalarni bitirgan bitiruvchilar ilm darajasiga ko‘ra, imom-xatib, imom, imom noibi yoki otin oyi bo‘lib, yohud turli davlat idoralari, ta’lim muassasalari, Mahalla qo‘mitalaridagi "Ma’naviyat markaz"larida diniy maslahatchi bo‘lib ishlashi mumkin.

Rasmiy ma’ulmotlarga ko‘ra, respublikadagi diniy ta’lim maskanlarida bilim oladigan jami talabalar soni 250 nafarga yaqindir va yillar davomida buning 32 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan musulmon O‘zbekistonda mavjud ehtiyojni qoplamasligidan tinglovchilar shikoyat qiladi.

O‘zbekistonda xususiy tartibda diniy ta’lim berish esa 1998 yilda qayta tahrirda qabul qilingan "Vijdon erkiligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG