Линклар

Qirg‘izistonda prezidentlik sayloviga start berildi


Qirg‘izistonliklar "Oq Uy" deb ataydigan mazkur binoda prezident faoliyat yuritadi.

Qirg‘izistonda 15 iyundan boshlab prezidegntlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni rasman boshlandi. Prezidentlikka nomzodlar uchun ovoz berish esa 15 oktabrda o‘tkaziladi.

Qirg‘iziston parlamenti 14 iyun kungi yig‘ilishida prezidentlik saylovini 15 oktabrda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi.

-Konstitutsiyaga binoan prezidentlik saylovi qachon o‘tishini parlament belgilab beradi. Bugungi qabul qilingan qaror bilan saylovni qachon o‘tkazish shartligi aniq belgilab berildi. Endi hukumat va Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ishlarini boshlaydi, -dedi parlamentdagi hukumron sotsial-demokratlar fraksiyasi lideri Isa O‘murqulov.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 15 iyundan boshlanganini ma’lum qildi. Komissiya bildiruvida ta’kidlanishicha, nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 1 avgustda nihoyasiga etadi. 10 sentabrda nomzodlarning saylovoldi targ‘iboti boshlanadi. Targ‘ibot 14 oktabrgacha davom etadi. 15 oktabrda o‘tadigan saylovning natijalari esa 4 noyabr kuni e’lon qilinadi.

Ayni paytda "Ak shumkar" partiyasi Temir Sarievni, "O‘nuguu-Progress" partiyasi Bakit To‘ro‘baevni, "Respublika" partiyasi O‘mүrbek Babanovni, hukmron sotsial-demokratlar partiyasi amaldagi bosh vazir So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishini ma’lum qildi.

"Ata Meken" partiyasi esa korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan partiya lideri O‘murbek Tekebaev nomzodini ko‘rsatmoqchi. Agar sud Tekebaevga nisbatan “aybdor” degan xulosaga kelsa, Tekebaev saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Qirg‘iziston prezident vakolatlari bir muddat bilan cheklangan Markaziy Osiyodagi yagona davlatdir. Shundan kelib chiqqan holda, amaldagi prezident Almazbek Atambaev saylovda o‘z nomzodini ko‘rsatmasligini, prezidentlik vakolati yakunlanishi bilan u siyosatdan ketishi va ijod bilan shug‘ullanishini bir necha marotaba e’lon qilgan.

Atambaev o‘zi hokimiyatdan ketayotganida “voris operatsiyasi” amalga oshirilmasligini, keyingi prezident demokratik, holis va adolatli o‘tadigan umumxalq saylovida saylanishini va’da qilgan.

-Agar men prezident sifatida “Mana bu mening vorisim bo‘ladi, shuni saylanglar”, deb aytsam, ochig‘i Qirg‘izistonda hech qachon demokratiya bo‘lmaydi. Prezidentni xalqning o‘zi saylasin, -degan edi Atambaev.

Biroq Qirg‘iziston muxolifati Atambaevning bu va’dasiga ishonmagan holda 13 fevral kuni “voris operatsiyasi”ga qarshi turish maqsadida siyosiy forum o‘tkazgan edi. Forumda ishtirok etgan o‘nga yaqin nufuzli muxolif partiyalar vakillari “voris operatsiyasi”ga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqqani aytilmoqda.

Atambaev esa prezidentlik saylovi xalqaro me’yorlar asosida xolis va adolatli o‘tishini ta’minlashini aytayotir.

Shu bilan bir qatorda, xalqaro tashkilotlar, jumladan, YeXHT Qirg‘iziston parlamentiga 2015 yilning 4 oktabrida o‘tgan saylov “raqobat va erkin asosda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoda unikal hodisa bo‘ldi”, deb baholagan edi.

XS
SM
MD
LG