Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 08:42

Saratonni yengadigan dori kashf qilganini aytgan o‘zbek olimi Nobelga umid qilmoqda


Kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov Ozodlik studiyasida, 2017 yil, 13 iyun.
Kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov Ozodlik studiyasida, 2017 yil, 13 iyun.

O‘zbekistonlik olim, kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov, Ozodlikning Pragadagi studiyasida suhbat tugab, muxbir bilan xayrlasharkan, “Xullas, Nobel mukofoti tomon ketayapmiz”, dedi kulib.

Rigard Farmsintez Latviya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi bosh direktori, 64 yashar Rustam Nuriddinov uzoq yillar Latviyada ishlagan, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini shu mamlakatda yoqlagan.

Pragaga xizmat safari doirasida Ozodlikka bergan suhbati davomida olim o‘tgan yilning yozida shov-shuv bo‘lgan kashfiyoti to‘g‘risida aytib berdi.

2016 yilning yozida “O‘zbek farmatsevti saratonni tumov kabi oson davolash yo‘lini topdi”, degan sarlavha saytlardan saytlarga ko‘chgan edi.

O‘shanda Ozodlik bu mavzuni o‘rganishga urinib, Toshkentdagi Respublika Onkologiya ilmiy markazining Saratonga qarshi preparatlar yaratish laboratoriyasi xodimi, tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Yenikeeva bilan suhbatlashgan, doktor Nuriddinovning o‘zi bilan bog‘lana olmagan edi.

Doktor Yenikeeva hamkasbi to‘g‘risida bunday degan:

- Rustam Nuriddinovni shaxsan taniyman. U o‘zimizda, Toshkent universitetning kimyo fakultetida o‘qigan. Keyin Rigaga ketgan va nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini o‘sha yerda yoqlagan. U immunitetni kuchaytiruvchi, o‘smaga qarshi Leakadin preparatining, sportchilar bilan bog‘liq janjalga sabab bo‘lgan, lekin yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar uchun zarur bo‘lgan Meldronat preparatining yaratilishida ishtirok etgan. Men Rustamni yaxshi odam va jiddiy olim sifatida taniyman, hamkasblari uni hurmat qiladi.

Doktor Yenikeeva o‘tgan yili Ozodlikka bergan suhbati chog‘ida “Rustam Nuriddinov saratonning ustidan g‘alaba qozondi”, degan gaplarga munosabat bildirarkan,“Bu jurnalistlar uydirgan bema’ni gap”,- deb javob bergan.

Kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov Ozodlik studiyasida, orqa planda jurnalist Sarvar Usmon.
Kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov Ozodlik studiyasida, orqa planda jurnalist Sarvar Usmon.

Biroq Rustam Nuriddinov 2017 yilning 13 iyunida Ozodlikka bergan suhbati davomida u o‘z hamkasblari bilan ishlab chiqqan saratonga qarshi preparatni va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasallangan hujayraga yetkazish usulini "saratonga qarshi kurash sohasidagi muhim yangilik", deb baholadi.

Doktorning aytishicha, u a’zo bo‘lgan guruh yangi preparat ustidagi tadqiqotlarni 2013 yili Shveytsariyada o‘tkazgan.

Preparat patentlangan, tadqiqot natijalari 2013 yili Florensiyada o‘tkazilgan ilmiy anjumanda e’lon qilingan.

Quyida kimyo fanlari doktori Rustam Nuriddinov bilan suhbatni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Suhbatni mutaxassislar ham tinglashiga, o‘z fikrlarini tinglovchilarimiz bilan o‘rtoqlashishiga umid qilamiz.

Кимё фанлари доктори Рустам Нуриддинов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:41 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG