Линклар

Hokimliklar e’tiborsizligi bois arxivlar abgor ahvolda qolmoqda. Sayyohlar tashlab ketayotgan chiqindi Ugam-Chotqol milliy bog‘i ekologiyasiga xavf solmoqda. Atoqli rejissyor Olimjon Salimov behurmat qilindi.

________________________________________________________________

Hokimliklar arxiv ishiga panja orasida qaramoqda – hujjatxonalarga hasharotlar uya qurgan

O‘zbekiston tumanlaridagi aksar arxivlar abgor ahvolda, muhim hujjatlar yaroqsiz binolarda saqlanmoqda. Hujjatxonalarda hasharotlar uya qurgan (“Oila davrasida”, 15 iyun). “Arxivlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash tegishli hokimliklarning vazifasiga kiradi. Afsuski, ayrim hokimliklar arxivlarga panja orasidan qarab, jiddiy e’tibor bermaydi. Shu bois arxivlarning aksariyatida vaziyat yomon”, deydi “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori o‘rinbosari Dildora Kuchkarova.

Sayyohlar tashlab ketayotgan chiqindi Ugam-Chotqol milliy bog‘i ekologiyasiga xavf solmoqda

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi dam olish hududi ekologiyasini muhofaza etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda (“Jamiyat”, 9 iyun). Bu yerga dam olishga kelgan sayyohlar tabiat bag‘riga polietilen xalta va idishlar, oziq-ovqat qoldiqlarini tashlab ketmoqda. Tabiatni muhofaza qilish inspektsiyasi vakili Akromjon G‘ulomovga ko‘ra, bu hol hudud ekologiyasiga xavf solmoqda. Chiqindilar tufayli hayvonlar nobud bo‘lmoqda. Yaqinda BMT hamkorligida o‘tkazilgan aksiya davomida bir kilometr hududdan 20 qopdan ziyod chiqindi yig‘ilgan. Qayd etilishicha, Ugam-Chotqol davlat milliy tabiiy bog‘i joylashgan ushbu yashil hududga zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q.

Atoqli rejissyor Olimjon Salimov behurmat qilindi

O‘zbekiston san’at arbobi, atoqli rejissyor Olimjon Salimov O‘zbek davlat drama teatri muvaqqat rahbari – “kasbi kori teatrga mutlaqo aloqasiz yigitcha” tomonidan behurmat qilindi (“Hurriyat”, 14 iyun). Madaniyat vaziri tomonidan teatr bosh rejissyori sifatida tayinlangan Olimjon Salimov teatr jamoasi bilan tanishish uchun muvaqqat direktordan shtat jadvalini so‘ragan. Ammo yosh direktor: “Sening ishing spektakl qo‘yish, teatrda kim ishlaydi, bu yerga kim kirib-chiqadi, ishing bo‘lmasin” deya 70 yoshli rejissyorga do‘q urib, haydab solgan.

“Mannon Uyg‘ur sho‘ro paytida, mafkuradan og‘ib ketayapti deb, bir muddat bosh rejissyorlikdan olinib, chekkaga surib qo‘yilgan bo‘lsa, To‘la aka (Toshxo‘ja Xo‘jaev) san’atdagi diletantlar tufayli teatrdan bezib, ichkilikka berilib, ajalidan besh kun burun o‘lib ketgan bo‘lsa, Ergash Masafaevning qismati yoki o‘zimning, Olimjonning talabchanligimiz uchun boshimizda o‘ynagan malomat qamchilari, xo‘r-xorliklar – qachon tugaydi bular?! Kim himoya qiladi bizni?!” deya bu holni keskin tanqid qilgan boshqa bir atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev.

Qayd etilishicha, o‘zi shundoq ham barmoq bilan sanarli rejissyorlar qadrlanmasa, rejissyor anqoning urug‘iga aylanib, o‘zbek teatrining kuni matmusalarga qolishi mumkin.

XS
SM
MD
LG