Линклар

Firibgarlik ustida qo‘lga tushgan ichki ishlar xodimi javobgarlikka tortildi. Sirdaryo viloyat shifoxonasi hamshirasi nikohsiz tug‘ilgan chaqalog‘ini o‘ldirib, hojatxonaga tashladi. Xotinini o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan olotlik yigit 6 yilga kesildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

To‘rtinchi bor jinoyatga qo‘l urgan sobiq ichki ishlar xodimi javobgarlikka tortildi

Ichki ishlar tizimida ko‘p yillar xizmat qilib, nafaqaga chiqqan Sharafiddin Usmanov ko‘plab fuqarolarga firib bergani aniqlandi (“Postda”, 10 iyun). Sh. Usmanov sheriklari bilan mansab kursisiga o‘tkazish, o‘qishga, ishga joylashtirishga va’da berib, odamlardan juda katta miqdorda pul olgan. Masalan, ichki ishlar idoralariga ishga kirmoqchi bo‘lgan jizzaxlik Davron Davurboevdan 2200 dollar va 1,3 million so‘m, qizini oliy o‘quv yurtida o‘qitmoqchi bo‘lgan G‘ofur Umirzoqovdan 5000 dollar olingan. Sobiq ichki ishlar xodimi navbatdagi jinoyatni sodir etayotganda qo‘lga olingan. Xabar qilinishicha, Sh. Usmanov bunga qadar uch marta jinoyat sodir etgan va har gal amnistiyaga muvofiq jazodan ozod etilgan.

Sirdaryoda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan jinoyat sodir etildi

Sirdaryo viloyatida ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan jinoyat sodir etildi (“Darakchi”, 15 iyun). Viloyat shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan ayol nikohsiz tug‘ilgan chaqalog‘ini o‘ldirib, hojatxonaga tashladi. Qayd etilishicha, yoshi o‘ttizdan oshgan hamshira turmush qurmagan. Sovchi yuborgan yigitlarni rad etib, yengil hayotni tanlagan. Axloqi buzilib, yigitlar bilan maishat qilishga odatlangan. Shu tariqa u oilali erkakdan homilador bo‘lib qolgan. Farzandini yashirin ravishda dunyoga keltirgan hamshira odamlarning gap-so‘ziga qolmaslik uchun dastlab uning joniga qasd qilgan, so‘ng chaqaloq jasadini sellofanga solib, o‘zi ishlaydigan shifoxona hojatxonasiga tashlagan. Ushbu mudhish holatga guvoh bo‘lib qolgan farrosh ayol zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Sud jarayonida bolasini o‘ldirgan hamshira qilmishidan afsusda emasligini bildirgan. U 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Buxoroda xotinini o‘zini o‘ldirishga sabab bo‘lgan er 6 yilga kesildi

Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi oliy ma’lumotli, o‘qimishli er o‘z xotinining hayotiga zomin bo‘ldi (“Huquq”, 15 iyun). Ismi oshkor etilmagan yigit turli bahonalar bilan ayolini kaltaklab tahqirlab kelgan. Ayol esa bu haqda ota-onasiga xabar bermay chidab yuravergan. Oilada qiz farzand tug‘ilganidan keyin ham yigitning zo‘ravonligi to‘xtamagan. Tahqir va zo‘ravonlikka chiday olmagan ayol oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilgan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan. Xotinini joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan er 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG