Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:03

"Jonli muloqot"dan rossiyaliklar charchadimi yoki charchagan Putinmi?


Vladimir Putinning rossiyaliklar bilan "Jonli muloqoti" 15 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.
Vladimir Putinning rossiyaliklar bilan "Jonli muloqoti" 15 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin har yili o‘tkazadigan jonli muloqotlarida o‘zini Rossiyaning munosib etakchisi o‘laroq ko‘rsatib keladi. Ammo bu yilgi muloqotida prezident ancha noqulay ahvolga tushib qoldi.

Kremldagi ob-havodan yaxshi xabardorlar Putin Rossiyada yirik namoyishlar tinchimayotgan bir paytda jonli muloqot o‘tkazishga qaror qilganidan afsuslanishi mumkinligini aytmoqda.

Har doimgidek oldindan tayyorlangan muloqot 15 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. To‘rt soat davom etgan suhbat davomida prezidentga asosan ish haqi bilan bog‘liq savollar berildi.

Tahlilchi Mark Galeotti Ozodlik bilan suhbatda: “Putin qayta-qayta urg‘u bergan masala "iqtisod va nihoyat oyoqqa turayotgani" bo‘ldi. Tabiiyki, bu fikrni qayta-qayta takrorlashga majburligi hukumat statistikasi qanday bo‘lishidan qat’inazar, oddiy rossiyaliklarning aksariyati hech qanday ijobiy o‘zgarish his qilmayotganini anglatadi”, dedi.

Ko‘plab rossiyaliklar duch kelgan iqtisodiy qiyinchiklar odamlar orasida norozilik o‘sib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Hafta boshida Rossiyada keyingi yillardagi eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ularga muxolifatchi va korruptsiyaga qarshi kurashuvchi faol Aleksey Navalniy yetakchilik qildi.

Galeotti Ozodlik bilan suhbatda: “Ochig‘i, Putin hozir chetlab o‘tib bo‘lmaydigan mazkur tadbirni boshlaganidan afsuslansa kerak, deb o‘ylayman. Uning tayyorgarligi yoki g‘ayrati haqida savol yo‘q, lekin endilikda u bu ishdan huzur olmayotgani ko‘rinib turibdi”, dedi.

Tomoshabinlardan biri prezidentdan: “Putin, tayyorlangan savollar bilan o‘tayotgan bu tsirkka odamlar ishonadi, deb o‘ylaysizmi?”, deb so‘radi.

“Qachon iste’foga chiqasiz?” deya savol berdi yana bir rossiyalik.

“Dojd” telekanali tahlilchisi Stanislav Belkovskiy: “Hatto Vladimir Vladimirovich Putin ham qariyapti. Albatta, oddiy odamlardan sekinroq suratda. Ammo hatto uning o‘zi ham mazkur mazmunsiz ermakdan charchadi”, deb fikr bildirdi.

XS
SM
MD
LG