Линклар

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati vazirlik rahbari Abdulaziz Komilov 5 iyulda o‘tkazadigan vatandoshlar bilan muloqotiga tayyorgarlik to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, tashqi ishlar vaziri vatandoshlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishi to‘g‘risida internet saytlarida e’lon qilingandan so‘ng, vazirlikning virtual qabulxona, muloqot@tiv.uz elektron manzili, Feysbukdagi sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga xatlar kela boshlagan.

Kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning asosiy qismi quyidagi masalalarga tegishli:

- hujjatsiz va moliyaviy ta’minotsiz qolgan xorijdagi fuqarolarimizning vatanga qaytishlari;

- ota-onalari xorijda yashirinib yurgan bolalarni boqish uchun aliment undirish;

- O‘zbekiston hududidan chiqib ketgan ota-onalarni izlash;

- boshqa davlatlarda sudlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish;

- vatandan yiroqda vafot etgan fuqarolar jasadini qaytarish;

- xorijga chiqishda yordam berish;

- O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish;

- TIV tizimiga ishga joylashish.

Ma’lumotda aytilishicha, kelib tushgan savollar orasida O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham anchagina. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari, jumladan tashqi chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasining borishiga oid mavzular ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi xalqaro o‘yinlari natijalaridan ranjigan futbol muxlislari nomidan ham murojaat kelib tushgan.

"Barcha murojaatlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, vazirga ma’lum qilinmoqda va uning shaxsiy nazoratiga olinmoqda. O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgach, fuqarolarga rasmiy javoblar va tegishli izohlar beriladi", deyiladi TIV matbuot xizmati ma’lumotida.

2017 yilning 5 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 14.00 dan 16.00 ga qadar tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistondagi va xorijdagi hamyurtlar bilan uchrashuv o‘tkazishi va ularning savollariga javob berishi haqida avval xabar berilgandi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga savollaringizni Ozodlik orqali ham berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG