Линклар

Davlat mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanib qo‘lga olingan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining rahbari Omonullo Yunusov ustidan tergov yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Ozodlikka sizdirilgan hujjatlarda, “tergov davomida Yunusov agentlik hisobchisi Dilfuza Usmonova bilan til biriktirib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining mablag‘larini talon-taroj qilgani, agentlikka 229 million 534 ming 385 so‘m miqdorida ziyon yetkazgan”i aniqlangani aytiladi.

Yunusov va agentlikning hisobchisi Dilfuza Usmonova o‘tgan yil avgust oyida O‘zbekiston jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni “O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish” da ayblanib Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘z ishxonasida qo‘lga olingan edi.

Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga ko‘ra, hozirda Omonullo Yunusov va Dilfuza Usmonovalar ustidan ochilgan 9229-sonli jinoyat ishi sudga oshirilgan.

Toshkentning Yunusobod tumani sudi hozirda bu ishni ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining ismi sir qolishini istagan xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, bu yerda katta rastrata haqida gap ketyapti.

"Agentlikda tekshiruv hozir ham ketyapti. Hamma asabiy xolatda. Davlat byudjetidan kitob nashr qilish uchun ajratilgan bir necha million so‘mlik mablag‘ talon-taroj qilingan, MXHni maxsus tergov guruhi bu bilan shug‘ullandi”, - dedi Ozodlikka agentlik mulozimlaridan biri.

58 yoshli Omonullo Yunusov 2013 yildan beri O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Omonullo Yunusov agentlikka rahbar bo‘lishidan oldin 2005-13 yillarda mamlakatda turdosh korxonalar orasida monopolist hisoblangan “Sharq” matbaa kontserniga rahbarlik qilgan.

Agentlik rasmiy saytida 16 iyun kuni ham Yunusov Omonullo Hamidullaevich nomi agentlik Bosh direktori maqomida turibdi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati rahbari Shavkat O‘rinov Ozodlik bilan suhbatda Omonullo Yunusov hozir ham rasman agentlik rahbari lavozimida qolayotganini aytdi.

- U kishi avgustdan beri yo‘q. Uni ustidan ish qay jarayonda, xabarim yo‘q. Lekin, hukumatdan Yunusovni bo‘shatish qarori kelgani yo‘q. Uni ishini hozir o‘rinbosari bajaryapti, - dedi O‘rinov.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyotlarda bir yil avval keng ko‘lamli taftishlar boshlangan.

Toshkent shahar prokuraturasi va O‘zbekiston Moliya vazirligining nazorat taftish boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa uyida olib borilgan taftishlar chog‘ida 2,2 milliard so‘mlik kamomad aniqlangan edi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi noshirlik¸ matbuot nashrlari hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan boshqaruv organi hisoblanadi.

“O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, “G‘ofur G‘ulom”, “Cho‘lpon” kabi nashriyotlar ham shu agentlik tasarrufidadir.

XS
SM
MD
LG