Yoqutistonning qurilish maydonchalaridan birida 15 iyun kuni mehnat muhojirlari orasida ommaviy mushtlashuv bo‘ldi. Videotasvirga olingan janjal turli pudratchi tashkilotlar ishchilari orasida bo‘lgani xabar qilinmoqda. Ba’zi mahalliy nashrlarga ko‘ra, insident ishtirokchilari markaziy osiyolik mehnat muhojirlaridir.
Joriy yilning 15 iyun kuni Yoqutiston poytaxti Yakutsk shahridagi Avtodorojnaya ko‘chasidagi “Prometey” turar-joy kompleksi qurilishida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv ishtirokchilari politsiya tomonidan hibs etildi.
Saxa (Yoqutiston) Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi rasmiy xabariga ko‘ra, janjalga turli pudratchi tashkilotlar ishchilari orasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.
- Taftish uchun politsiya bo‘limiga 110 nafar odam keltirildi, ulardan 5 nafari janjal sababchisi ekani aniqlandi. Mushtlashuv sababchilari mahalliy qonunchilik asosida javobgarlikka tortiladi. Tortishuvga turli pudratchi tashkilotlar ishchilari orasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan, deyiladi rasmiy xabarda.
Ozodlik so‘roviga Yakutsk Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi navbatchilar bo‘limida mushtlashuvda ishtirok etgan migrantlardan hech kim tibbiy yordam so‘rab shifoxonaga murojaat qilmaganini bildirishdi.
E’lon qilingan videoda o‘nlab migrant mushtlashuvda qo‘l-oyoqdan tashqari tayoq va tosh ishlatayotganini ko‘rish mumkin.
(Yakutskdagi muhojirlar mushtlashuvi videoga olindi)
Politsiyaga ko‘ra, shuningdek, tekshiruv davomida 23 nafar xorij grajdani migratsiya qonunchiligini buzgani aniqlangan.
Ular ham Rossiya Ma’muriy qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksning 18.8 moddasiga muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortilishi ma’lum qilindi.
Politsiya mojaro davom etishi oldini olish uchun hodisa joyiga OMON jangchilarini tashlagani, idoraga diaspora rahbarlari va jamoalar vakillari ham chaqirtirilganini xabar qilmoqda.
Ozodlik Rossiyada mehnat muhojirlari orasida bo‘lib o‘tgan boshqa ommaviy mushtlashuvlar haqida ham xabar bergan.