Линклар

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlariga qaramay, O‘zbekistonda bu yil ham byudjet tashkilotlari xodimlari g‘o‘za chopig‘iga jalb qilinmoqda. O‘zbekistonning aksar viloyatlarida davlat idora va tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga safarbar etildi.

Andijonning Buloqboshi tumanida tibbiy muassasalar, ta’lim maskanlari va boshqa deyarli barcha tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jo‘natilgan.

Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining ismini aytmagan xodimiga ko‘ra, ishchilar shu oy boshidan buyon navbati bilan kunlik ravishda dalada tekinga ishlatilmoqda.

- Dalaga chiqayotganimiz bois bemorlarga vaqtida yordam berolmayapiz,u yoqda ishimiz qolib ketyapti”, - deydi Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasi shifokorlaridan biri.

Tumandagi har bir poliklinika yoki shifoxonadan 20ishchi almashib dalada ishlayapti.

- Rayzdrav va rayono ishchi xodimlari majburiy haydalyapti. Bu shaxsan tuman xokimini buyrug‘i bilan. Hamma bezor hokimdan. O‘ziku tuman uchun hech nima qilmadi kamiga ishchi xodimlarga tazyiq o‘tkazyapti. Qachongacha davom etishini hech kim bilmaydi. Har kuni shaxsan o‘zi dalaga kelib nechta xodim chiqayotganini tekshirib ketyapti”, - deydi buloqboshilik yana bir ishchi.

Ozodlik muxbirining o‘rganishicha, idora va tashkilot xodimlarining tekin ishchi kuchi sifatida dalaga haydalishi nafaqat Andijonda, balki O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida kuzatilayapti.

Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani kollejlardan birining xodimiga ko‘ra, tumandagi deyarli barcha ishchilar navbati bilan o‘tgan oy o‘rtalaridan beri dalaga haydalmoqda.

Surxondaryodagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyatdagi Uzun tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari ham yaganaga jo‘natilgan.

-Bir oyog‘imiz dalada yana bir oyog‘imiz shifoxonada. Ertalab sahardan kunni birinchi yarmigacha dalada ishlaymiz. Tushdan keyin shifoxonaga borib u yerda ishlaymiz, - deydi sirdaryolik hamshira.

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay davlat ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.

Huquq faollari O‘zbekistonda hukumatning arzon paxta yetishtirish istagi davlat idora-tashkilotlarining xodimlarini majburiy mehnatga olib chiqarilayotganining asosiy omili ekanini aytishadi:

- O‘zbekistonda majburiy mehnatga davlat mas’ul. Hukumat majburiy mehnatga chek qo‘yish uchun qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishi, fermerlarga o‘zlari olgan hosildan o‘zlari bahramand bo‘lishlariga imkon berishi lozim. Fermer ishchini o‘zi yollab o‘zi dalada ishlatishi, mehnat haqini o‘zi berishi kerak, shunda hech kim dala mehnatiga majburlanmaydi, - deydi majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Ayni paytda O‘zbekiston bu yil ham 3 milliondan oshiqroq tonnalik paxta hosiliga ko‘z tikmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatda paxta yer maydonlari qisqartirilib, o‘rniga meva va sabzavot ekish haqidagi bayonotlariga qaramay hukumat bu yil ham paxtadan ko‘p million tonnalik paxta hosili olinishini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG