Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Mirziyoev O‘zbekistonda Axalteka va Qorabayir yetishtirishga qaror qildi


Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda ot yetishtirish va ot sporti bo‘yicha qaror imzoladi. Qarorga muvofiq Qashqadaryoda "O‘zbekneftegaz" shirkati otalig‘ida Qorabayir otlari, Toshkentda esa viloyat hokimligi otalig‘ida Axalteka otlari yetishtiriladi. Shu bilan birga otboqar, chavandoz va ot sporti trenerlarini tayyorlaydigan dargohlar ham ochiladi.

O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida chop etilgan "O‘zbekiston Respublikasida ot yetishtirish va ot sportini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 3057-qaror 15 iyunda imzolangan.

Qarorda mamlakatda mavjud Ot sporti federatsiyasi nomini "Ot yetishtirish va ot sporti federatsiyasi" qilib o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda Qorabayir va Axalteka zotlaridan sportchi otlarni yetishtirish, bunda xorij tajribasini o‘zlashtirish, ot sporti va ot yetishtirish uchun zarur davlat rejasini ishlab chiqish, bu sport turini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, bu maqsada bolalar ot sporti maktablari, seksiyalari, klublarini ochish belgilangan.

Bu maqsad uchun mablag‘ni Federatsiya qoshida ochiladigan jamg‘armadan olish, jamg‘armaning esa bu mablag‘ni federatsiya a’zolari va homiylardan yig‘ishi rejalanmoqda.

Bundan tashqari, federatsiya rahbariyatiga sport uchun yetishtirgan otlarini valyuta majburiyatlarisiz eksport qilish imkoni ham berilgan.

Shuningdek, federatsiya 2021 yilning 1 yanvariga qadar soliq va boj to‘lovlaridan ozod qilindi.

Qarorda tegishli tashkilotlarga ikki oylik muddat ichida ko‘zlangan maqsadni amalga oshirishga qaratilgan 2021 yilgacha davlat dasturini ishlab chiqish vazifasi topishirildi.

2018 yilning 1 yanvarigacha "O‘zbekneftegaz" shirkati Qashqadaryoda Qorabayir yetishtiruvchi kompleksni qurib bitirishi, Toshkent viloyat hokimligi esa "Markaziy ippodrom" kompleksini ta’mirlab, Axalteka otlarini yetishtirishga hozirlashi kerak.

Shu yilning mart oyida O‘zbekiston prezidenti Turkmanistonga ilk rasmiy tashrif bilan borgan va o‘shanda Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhamedov unga zotdor Axalteka otini sovg‘a qilgan edi.

O‘shandayoq prezident Mirziyoev O‘zbekistonda zotdor otlarni yetishtirish g‘oyasi tug‘ilgani va, shu yil aprel oyida Qashqadaryoga qilgan safari paytida esa, tez orada respublikada zotdor otlarni yetishtirish boshlanishi haqida gapirgan edi.

O‘zbekistondagi rasmiy manbalar Qorabayir zotdor otlarga "vatani O‘zbekistonda bo‘lgan va zoti jahon ot selektsiyasining oltin fondiga kiritilgan", deb ta’rif beradi.

XS
SM
MD
LG