Линклар

Birlashgan millatlar tashkilotining Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy Komissarligi tomonidan 20 iyun - Xalqaro qochqinlar kuni munosabati bilan e’lon qilingan hisobotda, jahondagi qochqinlar soni rekord darajaga yetgani ta’kidlandi.

BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy Komissari Filippo Grandi qochqinlar kuni arafasida Jenevada chiqish qilar ekan:

-Qochqinlarning umumiy soni 65 million 600 ming kishiga yetdi. O‘tgan yili ularning soni 65 million 300 ming kishi edi. Dunyodagi har bir 113 kishidan biri qochqin yoki uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan odamdir. Qochqinlar oqimining kamaymayotgani, aksincha ozgina bo‘lsa ham ko‘payib borayotgani yomon yangilikdir, -deb aytdi.

BMT hisobotida bildirilishicha, 65 million 600 ming odamning 22,5 millioni bevosita qochqinlarni, 40 milliondan ko‘prog‘i o‘z mamlakati ichida uy-joyini tashlab boshqa hududga ko‘chganlarni, 2 million 800 minggi esa qochqinlik maqomi olish uchun ariza bergan odamlarni tashkil qiladi.

Qochqinlarning teng yarmi Suriya, Afg‘oniston, Iroq va Janubiy Sudan vatandoshlaridir. Qochqinlar orasida suriyaliklar 12 million, afg‘onlar 4 million 700 ming, iroqliklar 4 million 200 ming, sudanliklar 4 millionga yaqinni tashkil qiladi.

BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy Komissarligining navbatdagi yillik hisoboti Yevropada qochqinlar atrofida yuzaga kelgan vaziyat ancha yumshab qolgan bir pallaga to‘g‘ri keldi. 2015 yilda Yevropa Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta misli ko‘rilmagan darajada qochqinlar oqimi qamrovida qolgan edi.

Filippo Grandi bu masalaga ham e’tibor qaratar ekan, mana bularni aytdi:

-Biz o‘tmishdan yetarli saboq ola bildik, deb o‘ylayman. Chegaralar barcha mamlakatlarda, Yevropada ham, uning tashqarisida ham yopilgani sababli suriyaliklar ko‘rinish bermay qoldi. Ular avvalgiday harakatlanmagani uchun unutilib ham qolmoqda. Biroq bu inqiroz hali ham mavjud va uni hal qilishimiz darkor. Bu inqiroz qochqinlarning uyiga qaytishi bilangina barham topadi, deb umid qilaman, - dedi Filippo Grandi.

BMT hisobotida ta’kidlanishicha, bugungi kunda eng ko‘p qochqinlarni qabul qilgan davlat Turkiya bo‘lib qolmoqda. Bu yerda 3 millionga yaqin qochqin bor. Pokistonda 1 million 400 ming, Livanda bir million qochqin yashamoqda.

XS
SM
MD
LG