Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:43

Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, AQShning eng yuqori harbiy amaldori, general Jozef Danford 19 iyun kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiya harbiylari bilan aloqalarni qayta yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini aytdi.

Sal oldinroq, Moskva AQSh qiruvchi samolyoti Suriya harbiy samolyotini urib tushirgandan so‘ng aloqalarni uzganini xabar qilgan edi.

Suriyadagi “ziddiyatlarni hal etish” bo‘yicha ishonch telefoni ishga tushirilgan va u ikkala tomon qo‘shinlarini tasodifiy to‘qnashuvlardan himoya qilib kelayotgan edi.

Chunki Rossiya bilan AQSh qo‘shinlari ayni bir hududda alohida-alohida kampaniyalar o‘tkazayotgani sababli bunday ehtimol juda yuqori.

Biz ziddiyatlarni bartaraf etish uchun yaqin soatlarda ham diplomatik, ham harbiy yo‘nalishda ish olib boramiz, − dedi Jozef Danford. − Ayni paytda oramizdan kimdir vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishi eng yomon ish bo‘lur edi.

Danford shu kunlarda butun diqqat-e’tiborini Qo‘shma Shtatlarning Suriyadagi asosiy maqsadi – Islom davlati ekstremistlar guruhini engish ekaniga qaratayotganini aytdi.

Rossiya Federatsiyasi ham maqsadi biznikiga o‘xshash, ya’ni DAIShni yo‘q qilish ekanini aytdi. Yaqin soatlarda bu gap qanchalik haqiqat ekanini bilib olamiz, − dedi u.

General Jozef Danford, AQShning Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi:

Noxush hodisa dam olish kunlari Suriya hukumatiga tarafdor birlashgan qo‘shinlarning amaliyotidan so‘ng sodir bo‘ldi. Natijada “Suxoy” qiruvchi uchog‘i jang maydoniga kirib qoldi. Biz ularni, yaqin kelmang, deb ogohlantirish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Shundan so‘ng qo‘mondon biz qo‘llab-quvvatlayotgan qo‘shinlarga tahdid tug‘ilmoqda, degan fikrga kelib, buyruq berdi. Rejim qo‘shinlariga qarshi qilgan birdan-bir ishimiz o‘zimizni himoya qilish bo‘ldi, xolos. Oqibatda ikkita ko‘ngilsiz hodisa ro‘y berdi, biz bu haqdagi fikrimizni ochiq bayon qildik”.

Rossiya Mudofaa vazirligi ishonch telefonidan foydalanishni to‘xtatib qo‘ygani haqida bayonot berdi. Vazirlikdagilarning fikricha, ishonch telefonidan foydalanishni Pentagon oldinroq to‘xtatib qo‘ygan va shu sababli 18 iyunda “SU-22” qiruvchi uchog‘ini urib tushirgan edi.

Dinfordning bildirishicha, Rossiya Mudofaa vazriligining bayonotiga qaramasdan, ishonch telefonidan “so‘nggi soatlar”da ham foydalanilgan.

Rossiya 19 iyun kuni yana Markaziy Suriyada havodan mudofaa tizimlari AQSh boshchiligidagi koalitsiya uchoqlarini kuzatuvga olamiz, deb ogohlantirdi va Pentagonga ayrim uchoqlarining nariroqda uchishini maslahat berdi.

Biz Suriya osmonida uchayotgan uchoqlarning uchish yo‘lini o‘zgartirish bo‘yicha ehtiyot choralarini ko‘rdik, bu bir tomondan, Islom davlati qo‘shinlarini nishonga olish, ikkinchidan esa, jang maydonlarida mavjud tahdidni hisobga olgan holda uchuvchilarimizning xafsizligini ta’minlash imkonini beradi, − dedi Pentagon voizi, mayor Adrian Rankin-Gellouey.

Oq Uy voizi Shon Speyser, Qo‘shma Shtatlar “manfaatlarimizni himoya qilish uchun hamma ishni qiladi”, dedi va ruslar bilan muloqot qilish uchun Vashingtonning aloqa linisi doimo ochiq turadi, deb qo‘shimcha qildi.

AQSh 17 aprel kuni hukumat qo‘shinlari tinch aholiga kimyoviy qurol bilan hujum qilganini iddao etib, Suriya aviabazasiga qanotli raketalar bilan hujum qilgan edi. O‘shanda ham Moskva “ziddiyatlarni hal etish” bo‘yicha ishonch telefonidan foydalanishni to‘xtatib qo‘yishini aytib qo‘rqitmovchi bo‘lngan edi. Biroq aloqa ozroq muddat uzilib qoldi, xolos.

Ishonch telefoni AQShning Qatardagi harbiy boshqaruv markazi bilan ularning Suriyada ish olib borayotgan rossiyalik hamkasblarini bog‘lab turadi.

Rossiyaning ogohlantirishidan so‘ng Avstraliya “ehtiyot chorasi” sifatida Suriyaga havodan zarba berishni to‘xtatib turishga qaror qilgani haqida bayonot berdi.

XS
SM
MD
LG