Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:10

Ota-onalar 11 yillik maktabga qaytish-qaytmaslik bo‘yicha fikr bildirdi


20 iyun kuni O‘zbekiston viloyatlaridagi barcha 9-sinf bitiruvchilari va ular ota-onalari 9-sinfdan keyingi ta’lim borasidagi so‘rovda qatnashdi. So‘rovni uyushtirgan Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra¸ unda bildirilgan fikrlar¸ 11 yillik maktab tizimiga qaytish-qaytmaslik bo‘yicha qabul qilinadigan rasmiy qarorga asos bo‘ladi.

“Fikrnoma” taklif qilgan fikrlar

20 iyunь kuni 9-sinfni bitirayotgan farzandlari bilan ularning shahodatnomalarini olish uchun maktabga kelgan ota-onalar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hozirlangan “Fikrnoma”ni ham to‘ldirdilar.

Tashkilotchilarga ko‘ra¸ ota-onalar va maktab bitiruvchilari majburiy umumta’lim tizimi kelajagini belgilashi kutilayotgan o‘ziga xos tanlovda ishtirok etdilar.

Fikrnoma”da to‘rtta savol qo‘yilgan. O‘z hududidagi umumta’lim maktabining 10-11 -sinflarida o‘qish istagida bo‘lganlar¸ birinchisini belgilashi kerak. Ikkinchi savol¸ 9-sinfdan keyin qaysi kasb-hunar kollejida¸ necha yil o‘qishni xohlaysiz¸ degan mazmunda. Bu savolga javob berganlar¸ kollej nomi va yo‘nalishni¸ shuningdek¸ bir yil yoki uch yil o‘qish istagida ekanlarini yozishlari kerak. Uchinchisi¸ o‘qishni akademik litseyda davom ettirmoqchi bo‘lganlarga¸ ular ham litsey nomi va yo‘nalishini yozishlari kerak. Va to‘rtinchi savol¸ o‘rta maxsus ta’lim tizimining saralash sinovlaridan o‘ta olmagan taqdirda¸ 10-11 sinfda ta’lim olmoqchisiz yoki boshqa bo‘sh o‘rin mavjud kollej-litseyda o‘qimoqchisiz¸ degan mazmunda”¸ deydi janubiy viloyatlardan birida 20 iyun kuni o‘tkazilgan so‘rovni tashkillashtirgan Tashxis markazi mutasaddisi.

Bu mutaxassisga ko‘ra¸ ota-ona va bitiruvchilar¸ birinchi uch variantdan faqat bittasini tanlashi lozim va birinchisini tanlaganlar¸ 11 yillik maktab tizimiga qaytishni ma’qullab fikr bildirgan hisoblanadi.

“11 yillik maktab tarafdorlari ko‘proq”

20 iyun kungi so‘rovni tashkil qilishga bevosita mas’ul bo‘lgan viloyat Xalq ta’limi boshqarmalarining Tashxis markazi mutaxassislari Ozodlik bilan suhbatda shu kuni barcha xodimlar joylarda so‘rovni risoladagiday uyushtirish¸ ota-ona va bitiruvchilarga savollar mohiyatini tushuntirish uchun tuman va qishloq maktablariga tarqab ketganini bildirdilar.

Bir necha viloyatdagi Tashxis markazining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylari¸ so‘rovda 9-sinf bitiruvchilari va ota-onalarining kamida 90 foizi ishtirok etganini bildirdilar.

Bu so‘rovga qiziqish juda katta bo‘layapti. Ota-onalar o‘zi ulardan shu masalada fikr so‘ralishini ko‘pdan kutayotgan ekan¸ hammasi astoydil to‘ldirdi bugun “Fikrnoma”ni. Hozircha so‘rov natijalariga oid aniq statistika tayyor bo‘lmadi. Lekin ishonch bilan aksariyat 11 yillik maktabga qaytishni yoqlab fikr bildirdi¸ deyishim mumkin”¸ dedi janubiy viloyatlardan birining mazkur so‘rovni tashkillashtirgan rasmiylaridan biri.

Bu mutasaddi¸ chekka qishloqlardagi 9-sinf bitiruvchilari – 14-15 yoshdagi o‘spirin qiz-yigitlarning kollej yoki litseyda o‘qishni davom ettirishi uchun tuman va shaharlarga ketishga majburligi ota-otalarning jiddiy xavotiriga sabab bo‘lib kelayotgani alohida ta’kidladi.

“Aksar kollej-litseylar yotoqxonasida ko‘pi bilan 100 bolaga joy bor. O‘qiydiganlar soni esa¸ 300 dan ko‘p. Yotoqdan joy yetmaganlar 3-4 ta bo‘lib¸ ijarada yashaydi. Ayni qiyin¸ o‘tish yoshida bolasining o‘z bag‘ridan chiqib ketishidan¸ notanish tengqurlari bilan yashab¸yangi muhitga ko‘chishidan norozi ota-onalar anchagina. Shuning uchun ular bolasining 17-18 yoshgacha o‘z yonida qolib¸ o‘z hududidagi maktabda o‘qishini davom ettirish istagini bildirishdi”¸ deydi bu mutasaddi.

“So‘rov natijalari umumta’lim tizimi kelajagini belgilaydi”

Xalq ta’limi vazirligi rasmiylari¸ 20 iyunь kuni o‘tkazilgan so‘rov natijalari o‘rganib¸tahlil qilinganidan so‘ng jamoatchilikka e’lon qilinishini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan rasmiyga ko‘ra¸ so‘rov xulosasi O‘zbekiston bo‘ylab ko‘pchilikning 11 yillik maktabni yoqlab fikr bildirganini ko‘rsatsa¸ mamlakatda umumta’limning 11 yillik tizimiga qaytish boshlanishi mumkin.

Xalq bilan muloqot yilida¸ prezident taklifi bilan xalqdan bu haqdagi fikri so‘ralayapti. Agar ko‘pchilik 11 yillikni xohlasa¸ qaytish¸ 2017-2018 o‘quv yilidanoq boshlanishi mumkin. Toshkentda bu qaytish tajriba sifatida sentabrdan boshlanadigan bo‘ldi. Agar viloyatlar ham shuni yoqlasa¸ butun O‘zbekiston bo‘ylab 11 yillikka o‘tish boshlanishi mumkin”¸ dedi Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi.

O‘tish bilan bog‘liq muammolar

Ozodlik suhbatlashgan Xalq ta’limi vazirligi¸ qolaversa¸ qator viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari¸ respublika maktablarining kelasi sentabrdan boshlab¸ tegishli qaror chiqarilsa¸ 11 yillik maktab tizimiga qaytishga¸ umumiyatla¸ tayyor ekanini bildirdilar.

Viloyat maktablarida joy muammosi deyarli yo‘q. Ayrim maktablarda o‘quvchilar jud kam. O‘qituvchilar ham muammo bo‘lmaydi. Hozirda 8-10 soat dars bilan ishlab yurgan o‘qituvchilar ko‘p¸ shularning soatlari ko‘payadi. Asosiy muammo¸ darsliklar bilan bog‘liq. 10-11 sinflar uchun yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari¸ tabiiyki¸ hozirda yo‘q. Shularni zudlik bilan ishlab chiqib¸ maktablarga tarqatish kerak bo‘ladi. Maktablardagi o‘qituvchilarning aksariyati oliy ma’lumotli¸ darslik bo‘lsa¸ 10-11 sinf matematikasiniyam¸ ximiya-fizikasiniyam shularning o‘zlari o‘qitaveradi”¸ dedi viloyatlardan biri Xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi.

"Porani endi maktabda qolishga beramizmi?"

Ozodlik suhbatlashgan aksar ota-onalar 11 yillik maktabga qaytishga tarafdorligini bildirayotganiga qaramay¸ ular bu o‘tish bilan bog‘liq xavotirlarni ham o‘rtaga tashlamoqda.

Kollej-litsey majburiy bo‘lgani bilan¸ bolalarimizni qabul qilishlari uchun ular rahbarlariga 300-500 dollargacha pora berib kelayotgan edik. Endi bu porani 11 yillik maktabga olishlari uchun beradigan bo‘lmaymizmi ishqilib?”¸ deb yozdi Ozodlik Facebook sahifasiga onalardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan onalardan yana biri¸ 10-11-sinflardagi ta’lim sifatining nihoyatda muhimligi¸ bolalarning qaysi kasbni tanlashi¸ ularning tanlagan oliy o‘quv yurtiga kirish-kirmasligini ayni shu yillar belgilashini ayta turib¸ 11 yillik maktablarni bilim va malakasi yuqori o‘qituvchilar bilan ta’minlash muammosini tilga oldi.

Eski tizim o‘qituvchilari deyarli qolmadi. Maktab va kollejlardagi o‘qituvchilar darajasi qanoatlanarlik emas. Shunday bo‘lmaganda¸ biz falon pul berib¸ bolalarimizga repetiror yollamas¸ ularni har xil pullik o‘quv markazlariga yubormas edik. 11 yillikka qaytish kerak¸ lekin oldin yuqori sinflarga dars beruvchi o‘qituvchilarning o‘zini bir elakdan o‘tkazish kerak¸ deb o‘ylayman”¸ deydi Ozodlik gaplashgan onalardan biri.

Tashabbus muallifi – prezident

16 iyun kuni Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 78-maktabga borgan prezident Shavkat Mirziyoev mazkur maktab bazasida 11 yillik maktab tizimini qayta tiklash taklifini o‘rtaga tashladi.

Ertasiga¸ bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahrining har bir tumanida tajriba sifatida to‘rttadan maktabda 10-11-sinflar ochilishi¸ shuningdek¸ 18 iyun kuni Toshkent maktablarining bitiruvchilari va ota-onalari o‘rtasida shu masalada so‘rovnoma o‘tkazilishini e’lon qildi.

19 iyun kuni esa¸ Xalq ta’limi vazirligi rasmiy saytida Toshkentda bu so‘rovning o‘tkazilgani¸ 20 iyun kuni esa¸ uning butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Ayni paytda¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ O‘zbekistondagi asosiy ijtimoiy so‘rov markazi hisoblangan “Ijtimoiy fikr” guruhi ham 11 yillik ta’lim tizimiga qaytish bo‘yicha aholi fikrini o‘rganishga kirishgan. Markaz mutaxassisining aytishicha¸ bu so‘rov natijasi kelasi oy jamoatchilikka e’lon qilinadi.

XS
SM
MD
LG