Линклар

Шошилинч хабар
12 May 2026, Тошкент вақти: 09:55

Moskva harbiy sudi yana besh muhojirni "hizbchilik"da aybdor deb topdi (FOTO, AUDIO)

Sudlangan "hizb"chilar sud zalida
Sudlangan "hizb"chilar sud zalida

Moskvada sud 5 nafar markaziy osiyolik muhojirni “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga a’zolikda aybdor deb topib, 15 yildan 18 yilgacha ozodlikdan mahrum qildi. Sud muhojirlarni "terrorchi" deb hukm chiqargan bo‘lsada, ular qo‘yilgan ayblovlarning barchasini rad etmoqda. Himoyachilar “hizbchilik” bilan bog‘liq bu ish yuzasidan yuzdan ortiq asosan o‘zbek va tojiklar tergovga tortilgani, ulardan 22-tasi ozodlikdan mahrum etilganini bildirmoqda.

Moskva okrug harbiy sudi Rossiyada taqiqlangan "Hizb ut-Tahrir al-Islomiya" diniy-siyosiy tashkilot a’zosi bo‘lgan 5 muhojirni jami hisobda 81,5 yilga qamadi.

Harbiy sud matbuot xizmatining Ozodlikka bergan ma’lumotga ko‘ra, Amirxon No‘monjonov, Alisher Huseynov, Suhrob Ironov, Naimjon Xo‘jaev va Mirzobahovaddin Qurbonovlar taqiqlangan tashkilotda a’zolikda ayblanib, 15 yildan 18 yilgacha qattiq rejimli koloniyaga jo‘natildi.

Sud mahkamasi tafsilotidan ma’lum bo‘lishicha, 2015 yilning oktabrida 100ga yaqin asosan O‘zbekiston va Tojikiston vatandoshlari bo‘lgan muhojir orqasidan Rossiya IIV va FSBsi kuzatuv olib borgan va ular tergovga tortilgan.

Maxsus amaliyot paytida ulardan 22 nafari Moskvadagi "Hizb ut-Tahrir" partiyasiga a’zolikda ayblanib qo‘lga olingan.

Sud jarayoni tafsilotini Ozodlikka yoritib bergan advokat Timofey Shirokovning aytishicha, Moskvaning Koptevo tumanidagi kvartiralardan birida bu tashkilot olib borgan yig‘inlardagi suhbatlar maxsus kuchlar tomonidan audio va videoga yozib borilgan.

Himoyachi Timofey Shirokov qo‘lga olinganlardan 17 nafari 2016 yilda terrorchilik tashkilotiga a’zolikda (RF JK 205.5 moddasi 2 qismi) aybdor deb topilib, to‘rt yildan yetti yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilganini eslatdi.

U bu guruhning 5 nafari tashkilot tuzganlikda aybdor topilib, misli ko‘rilmagan qattiq jazo olganini Ozodlikka aytadi:

- Bunday muddatlar hatto Sovet davrida berilmagan: eng ko‘pi bilan 15 yillik jazo muddati mavjud edi. Qamalgan yigitlar oddiy muhojirlardir, hammasining millati o‘zbek yoki tojik. Negadir hozirgi Rossiyada shu farrosh, kuryer va quruvchilar davlat uchun xavf tug‘dirayapti, degan fikr urchidi. “Hizb ut-Tahrir”ga a’zolikda ayblanayotganlarga “terrorchilik” moddasini qo‘yish ham “urf” bo‘ldi. Rossiya “hizbchilar”ni “terrorchi” deb atayotgan dunyoda yagona davlat. Masalan, hatto O‘zbekiston va Tojikistonda bu tashkilot “ekstremistik” deb tan olinadi. Vaholanki, bu tashkilot birorta ham teraktga aloqadorligi isbotlanmagan, dedi advokat Shirokov.

Suhbatdoshning aytishicha, tergov davomida uning himoyasidagilarga tergovchilar tomonidan "o‘z aybiga iqror bo‘lish" taklif qilingan.

Sud bu beshovlonni yig‘inlar uyushtirganlikda, diniy mavzuga oid suhbat qurganlikda, "hizb" g‘oyalarini targ‘ib etganlikda aybdor deb topdi.

Адвокат Тимофей Широков билан тўлиқ суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:31 0:00
Бевосита линк

Moskva okrug harbiy sudi Tojikiston vatandoshi Amirxon No‘monjonovga 15 yilga, Alisher Huseynovga 15,5 yil, Mirzobahovaddin Qurbonovga 16 yil,Naimjon Xo‘jaevga 17 yil va Suhrob Ironovga 18 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Sud, shuningdek, ayblanuvchilarga 130-150 ming rubl jarima ham soldi.

Zalda o‘tirgan ayblanuvchilar yaqinlari sud qaroridan mutlaqo norozi ekanini bildirdi.

Sud mahkamasida "Memorial" tashkiloti nomidan kuzatuvchi bo‘lib borgan huquq faoli Bahrom Hamroev Rossiyada qotillik uchun bunday qattiq jazo tayinlanmasligini gapirdi.

U o‘zining Feysbuk sahifasida ayblanuvchi Alisher Huseynovning onasi sud qarori o‘qilganidan keyin "Bolalarimiz terrorchi emas!" deya qichqirganini yozdi.

Advokat Timofey Shirokov oxirgi paytlarda Rossiyaning ko‘plab mintaqalarida “hizbchilikda” ayblanib qo‘lga olinganlar ustidan namoyishkorona sud mahkamalari o‘tkazilganini ma’lum qildi.

U “xatar guruhiga” birinchi navbatda markaziy osiyolik dindorlar kiritilgani bejiz emasligini tushuntirishga urindi.

Advokat T.Shirokovning himoya so‘zi
Advokat T.Shirokovning himoya so‘zi

- O‘zlarining turmush-tarziga muvofiq, biror jinoiy uyushmaga a’zo bo‘lmasdan ham Rossiyada olib borilayotgan tergov uslublariga ko‘ra, ular “xavfli odamlar” qatoriga kiritilayotir. Bir tomondan tergov odamlarni diniy ayblovlar bilan qamayapti, boshqa tomondan “shahidlar” va “aziyat chekuvchilar” sonini ko‘paytirmoqda. Biz sudning bu qarori ustidan shikoyat qilamiz, dedi himoyachi Timofey Shirokov.

“Hizb ut-Tahrir al-Islomiya” 2003 yilda Rossiya Oliy sudi tomonidan "terrorchi" tashkilot deya e’lon qilingan.

2016 yil - 2017 yilning birinchi yarmi davomida Chelyabinsk, Simferopol, Bog‘chasaroy, Kanash, Cheboksari, Penza, Qozon, Bugulma, Moskva, Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va boshqa ko‘plab mintaqalarda “hizbchilik”da ayblanib, yuzlab odam tergov qilindi va qamoqqa tashlandi.

2016 yilning 26 aprelida Rossiyaga qo‘shib olingan Qrim Oliy sudi “Hizb ut-Tahrir”ni “Ukraina diversiya va ayg‘oqchi harakatlariga aloqadorlikda” gumonlab, taqiqlagan edi.

Rossiya - bu diniy partiyani “terrorchi” deb e’lon qilgan yagona davlat.

“Hizb ut-Tahrir” tarafdorlari siyosiy va saylov yo‘llari bilan hokimiyatni egallash, halifalik tuzish va “islomiy hayot” tarzi va tizimini joriy etishni o‘z maqsadi deb biladi.

“Hizb ut-Tahrir” barcha Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonda “ekstremistik” tashkilot sifatida qonun tomonidan taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG