Линклар

Xorazm viloyati Yangiariq tumani tibbiyot birlashmasining xodimlari g‘o‘za yaganasiga safarbar etilgan. Birlashma xodimlarining Ozodlikka aytishicha, dalaga chiqishga qarshilik bildirganlar ishdan haydash bilan qo‘rqitilmoqda. Birlashmaning Ozodlik bog‘langan mulozimi esa xodimlarni yaganaga hech kim majburlamayotgani, ular o‘z ixtiyori bilan chiqishayotganini aytdi.

Smenadan dalaga

Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasining ismi ochiqlanmasligini istagan shifokorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana o‘nlab hamkasbi bir oydan buyon dalada ishlashga majburlanayotganini aytdi.

- Men ertalab 8dan smenaga tushaman. Keyin yaganaga ketamiz. Jaziramada tinkamiz qurib, kechqurun qaytib kelamiz va tonggacha smenaga tushamiz. Smenadan chiqib, yana dalaga. Bormayman desak bosh vrachimiz Alisher Xo‘jaxonov “arizangni yoz” deydi. Hatto zontik olib chiqqan qizlarni qo‘lidan zontikini olib, sindirib, huddi urmoqchiday qo‘kib “senlar bayramga boryapsanlarmi”, deb urishadi, - deydi birlashma shifokori.

Shuningdek, shifokorlarning aytishicha, Yangiariq tumani tibbiyot birlashmasining boshlig‘i qo‘li ostidagi xodimlariga yaganaga chiqayotganliklari haqda O‘zbekiston prezidenti qabulxonasi va Ozodlik radiosiga shikoyat qilmaslikni tayinlagan.

- “Qabulxona yoki Ozodlikka aytadigan bo‘lsalaring ishdan ayrilasanlar”, deb qo‘rqitadi. Hamma yaganada, bemorlarga qarashga ulgurmayapmiz, biz sog‘liqni saqlash tizimida ishlaymizku, qishloq xo‘jalik tizimida emas, - deydi ismini aytmagan yangiqariqlik shifokor.

Paxtaga ixtiyoriy

Ozodlik muxbiri 20 iyul kuni Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasi bilan telefon orqali bog‘langanida, ismini oshkor qilmagan birlashma mulozimi kuniga yuzga yaqin xodim paxta dalasiga ixtiyoriy jo‘natilayotganini aytdi.

- Qo‘riqtom qishlog‘i dalalarida biz yordam beryapmiz. Hamma doktorlar ham ambulatoriyalarning ishchilari ham hamshiralar ham dalada. Ko‘ngilli ravshda xo‘jaliklarga yordam berishyapti ayni paytda bemorlarga ham yordam berishga ulgurishyapti. Ikki smena bo‘lib chiqishadi. 50 odam smenada 50 odam dalada. Ko‘ngilli chiqishadi, hech kim ularni majburlamaydi,o‘zlari ochiq havoda yordam berishyapti, - , dedi birlashma mulozimi.

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlariga qaramay, O‘zbekistonning bercha viloyatlarida bu yil ham byudjet tashkilotlari xodimlari g‘o‘za chopig‘i va yaganaga jalb qilinmoqda.

Bundan aval Ozodlik Andijonning Buloqboshi tumanida tibbiy muassasalar, ta’lim maskanlari va boshqa deyarli barcha tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jo‘natilgani haqda xabar bergandi.

Buloqboshi tumanida shifokorlar yaganada.
Buloqboshi tumanida shifokorlar yaganada.

Doimiy holat

Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining ismini aytmagan xodimiga ko‘ra, ishchilar shu oy boshidan buyon navbati bilan kunlik ravishda dalada tekinga ishlatilmoqda.

- Rayzdrav va rayono ishchi xodimlari majburiy haydalyapti. Bu shaxsan tuman xokimini buyrug‘i bilan. Hamma bezor hokimdan. O‘ziku tuman uchun hech nima qilmadi kamiga ishchi xodimlarga tazyiq o‘tkazyapti. Qachongacha davom etishini hech kim bilmaydi. Har kuni shaxsan o‘zi dalaga kelib nechta xodim chiqayotganini tekshirib ketyapti, - deydi buloqboshilik yana bir ishchi.

Shuningdek, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida ham tibbiyot xodimlari navbati bilan o‘tgan oy o‘rtalaridan beri dalaga haydalmoqda.

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay davlat ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay davlat ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.
O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay davlat ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.

Huquq faollari O‘zbekistonda hukumatning arzon paxta yetishtirish istagi davlat idora-tashkilotlarining xodimlarini majburiy mehnatga olib chiqarilayotganining asosiy omili ekanini aytishadi:

- O‘zbekistonda majburiy mehnatga davlat mas’ul. Hukumat majburiy mehnatga chek qo‘yish uchun qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishi, fermerlarga o‘zlari olgan hosildan o‘zlari bahramand bo‘lishlariga imkon berishi lozim. Fermer ishchini o‘zi yollab o‘zi dalada ishlatishi, mehnat haqini o‘zi berishi kerak, shunda hech kim dala mehnatiga majburlanmaydi, - deydi majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Bu yil ham O‘zbekiston 3 milliondan oshiqroq tonnalik paxta hosiliga ko‘z tikmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatda paxta yer maydonlari qisqartirilib, o‘rniga meva va sabzavot ekish haqidagi bayonotlariga qaramay hukumat bu yil ham paxtadan ko‘p million tonnalik paxta hosili olishga bel bog‘lagan.

XS
SM
MD
LG