Линклар

Toshkentdagi P.F.Borovskiy​ nomidagi tibbiyot kolleji talabalarining bir guruh ota-onalari bilan uchrashgan shahar hokimi o‘quvchilar bu dargohni bitiradi, deb va’da qilgan. Bu haqda Ozodlikka kelgan murojaatda aytiladi. Ayni paytda, shahar hokimligiga kollejga qabulni to‘xtatish taklifi kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejida o‘qiyotgan o‘quvchilarning ota-onalar nomidan Ozodlikka kelgan murojaatda aytilishicha, Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari kollejda kamida yana 2 yil o‘qish bo‘lishini va’da qilishgan.

"Bugun ota-onalardan vakillari shahar hokimligiga borishganida, shaxsan hokimning o‘zi: "Keyingi haftada bu masalada qaror chiqadi, sizlarning bolalaringiz kollejni bitiradi, mana men so‘z beraman, xotirjam bo‘ling!" deb va’da beribdi. Biz yangi hukumatimizning yaxshi ishlarini ko‘rib turibmiz, faqat yaxshilikka umid qilayapmiz", dedi kollej o‘quvchilaridan birining ismini oshkor etmayotganimiz otasi.

Telegram orqali 20 iyun kuni shahar hokimligidagi uchrashuvda bo‘lgan onaning Ozodlikka taqdim qilgan audiomurojaatida ham o‘quvchilarning boshqa bilim dargohlariga taqsimlanmay, aynan shu kollejni bitirishi va’da qilingani ta’kidlangan.

"Bolalaringiz kollejni bitiradi, men so‘z beraman, dedi hokim. Xullas, umidingizni yo‘qotmang, bolalaringizni tinchlantiring, o‘qish bo‘ladi, nasib etsa!" deyiladi audioyozuvda.

Ozodlik bu murojaatga oid savollarga Toshkent shahar hokimiyatidan aniq javob ololmadi. Hokimlikning ayni masala bilan shug‘ullanayotgani aytilgan kompleksi rahbari Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga hozircha javob bermadi.

Bunga qadar ushbu kollejda o‘quv jarayoni to‘xtatilishi, hozirda uning 1 va 2-bosqichini tugatgan o‘quvchilari boshqa kollejlarga taqsimlanishi aytilgan edi.

Bu xabar ortidan kollej o‘quvchilarining 60dan ortiq ota-onasi 17 iyun kuni dargohda yig‘ilib, rahbariyatdan bolalarini boshqa kollejlarga tarqatilmaslikni talab qilgan.

Ozodlikka shanba kungi uchrashuv aks etgan videotasvir ham taqdim qilindi.

Unda kollej rahbariyati va Toshkent shahar hokimligi rasmiylari ota-onalarni tinchlantirishga uringani va muhimi, bu jarayonga oid xabar, video-audio materiallarni ijtimoiy tarmoqlarga yoymaslikni so‘ragani aks etgan.

Kollej o‘quvchilaridan birining uchrashuvda qatnashgan onasi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda: "Hozircha bizni tinchlantirishga urinishmoqda. Chunki, kaltaklab o‘ldirilgan Jasur ishi juda ovoza bo‘lib ketdi va hammasi shuning ortidan boshlanib ketdi. Lekin, bu ish uchun bolalar javobgar bo‘lmasligi kerak. Kollejni yopish ahmoqona qaror! Aybni qilgan rahbarlarni olishsin, lekin kollejni nega yopishadi?! Iltimos, buni prezidentimiz Shavkat Miromonovichga etkazinglar! Biz u kishiga ishonamiz, umidimizni puchga chiqarmaydi!" dedi.

Ammo, 19 iyun kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy saytida bu kollejga qabul qilishni to‘xtatish taklifi Toshkent shahar hokimligiga kiritilgani xabar qilindi.

Xabarda Borovskiy nomidagi kollejning faoliyati o‘rganilgani, natijada, jiddiy muammolar borligi aniqlangani aytilgan. Masalan, 2 ming o‘quvchi o‘rni bo‘lgan kollejda 3 ming 94 nafar o‘quvchi o‘qiyotgani bois, darslar 2 smenada tashkil etilgani aniqlangan.

Bu esa, tekshiruv guruhi xulosasicha, o‘qituvchilarning "o‘z ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan".

Natijada, "P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan tegishli takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etilgan".

Ozodlikning bu boradagi murojaatiga javoban, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi, Borovskiy kolleji taqdiri hozircha ochiq qolayotgani, tez orada yakuniy rasmiy hujjat qabul qilinishi kutilayotganini aytdi.

Rasmiy muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda: "Ahvoli birovning 17-18 yashar bolasi urib o‘ldiriladigan darajada yomon bo‘lgan kollej, vse-taki yopilishi kerak", dedi.

Janjal ortidan vafot etgan talaba Jasur Ibrohimov
Janjal ortidan vafot etgan talaba Jasur Ibrohimov

Mulozim tilga olgan hodisa - shu yilning mayida sodir bo‘lgan edi. Kollejning 2-bosqich o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov joriy yilning 3 may kuni o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklangan edi.

U 5 marta jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazib, voqeadan bir oy o‘tgach, olamdan o‘tdi.

Jasur Ibrohimovning 1 iyun kuni olamdan o‘tgani haqidagi xabar 3 iyun kuni tushdan so‘ng Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar tomonidan shiddat bilan yoyildi. ​Natijada 400 ga yaqin odam Jasur Ibrohimov oilasini qo‘llab-quvvatlab, aybdorlar jazolanishi talabi bitilgan petitsiyaga imzo chekish uchun Bobur bog‘iga yig‘ildi.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori shaxsan nazoratga oldi. Petitsiyadan bir kun o‘tib, Ibrohimovning o‘limi bo‘yicha bir o‘quvchi hibsga olindi.

Jasur Ibrohimovning o‘limi ortidan u o‘qigan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji direktori Lutfi Yusupova va direktorning ikki o‘rinbosari ishdan haydaldi.

Jasurbek Ibrohimov ishi yuzasidan YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham bayonot tarqatib, o‘quvchilar orasida zo‘ravonlik ortayotganidan xavotir bildirdi va muammoni hal qilishda O‘zbekiston hukumatiga yordamini taklif qildi.

XS
SM
MD
LG