Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 09:07

Qirg‘iziston Oliy sudi muxolifatchiga mamlakatni tark etishni taqiqladi


Cho‘lpo‘n Jakupova o‘zbek qochqinlariga ham ko‘plab huquqiy yordamlarni ko‘rsatgan.

Qirg‘iziston Oliy sudi muxolifatidagi taniqli va ta’sirli siyosatchilardan biri bo‘lgan Cho‘lpo‘n Jakupovaning mamlakatdan chiqishini taqiqladi.

Qirg‘iz parlamentining sobiq deputati, “Adilet” huquq himoyasi klinikasi raisi Cho‘lpo‘n Jakupovaning mamlakatdan chiqishiga taqiq Oliy sud tomonidan 19 iyunda qabul qilinganini Oliy sud matbuot kotibi Aynura To‘kto‘sheva rasman tasdiqladi.

- Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha kollegiyasi nazorat tartibi asosida qo‘zg‘atilgan ishni qarab chiqib, Cho‘lpo‘n Jakupovaga mamalakatni tark etishni taqiqladi. Bu haqda Bishkek shahar Oktyabrь tuman sudi 26 aprelda, Bishkek shahar sudi 18 mayda ajrim qabul qilgan edi, -dedi Aynura To‘kto‘sheva.

Qirg‘iziston bosh prokurori Indira Joldubaeva aprel oyida Cho‘lpo‘n Jakupovani prezident Almazbek Atambaevni haqorat qildi, degan ayblov bilan sudga murojaat qilgan edi. Bunga muxolifatchi Cho‘lpo‘n Jakupovaning Bishkekda o‘tgan davra suhbatida prezident Atambaevni tanqid qilgani sabab bo‘lgan. Jakupovaning tanqidiy fikrini chop etgani uchun Zanoza.kg sayti, jurnalistlar Dina Maslova va Narin Ayip ham sudga tortiilgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, hozircha prezidentni haqorat qilganlik bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar yakunlanmagan. Shu sababdan Oliy sud faqat ayblanuvchilarni mamlakatni tark etishiga qo‘yilgan taqiq masalasini ko‘rib chiqqan.

Cho‘lpo‘n Jakupova o‘zining xorij davlatlariga borishiga qo‘yilgan to‘siqni siyosiy bosim sifatida qabul qilishini aytar ekan:

-Ma’lumki, Oliy sudning qarori yakuniy, hal qiluvchi qaror hisoblanadi. Hali asosiy ish ko‘rib chiqilgani yo‘q. Hozircha faqat mamlakatdan chiqishga qo‘yilgan taqiq ko‘rib chiqildi. Bu yakuniy qaror bo‘lgani uchun bu qaror qayta ko‘rib chiqilishini talab qilib bo‘lmaydi, -deb bildirdi.

Qirg‘iziston bosh prokurori muxolifatchi O‘murbek Tekebaevning prezident korrupsiyaga aralashgani to‘g‘risidagi iddaolarini yoritgani uchun Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati – Azattik radiosini ham sudga bergan edi.

Biroq prezident Atambaev bosh prokurordan Azattik radiosiga nisbatan sudga kiritilgan da’vo arizasini qaytarib olishni iltimos qilgan.

Shundan so‘ng 31 may kuni bosh prokuratura Azattikka nisbatan arizasini suddan qaytarib olgan edi. O‘murbek Tekebaev esa korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan va hozirda ham hibsda qolmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, hukmron sotsial-demokratlar partiyasi vakili, parlament deputati Bakit Jetigenov Cho‘lpo‘n Jakupovaga nisbatan sud jarayoni siyosiy buyurtma degan gaplarga qo‘shilmaydi.

- Prezident ayrim axborot vositalariga nisbatan bildirilgan da’volarni suddan qaytarib oldi. Shuning uchun bu sud jarayonlari buyurtma asosida o‘tkazilayapti, degan gap to‘g‘ri emas. Sudlar qonun asosida qaror qabul qilishayapti, - dedi Bakit Jetigenov.

Cho‘lpo‘n Jakupova so‘nggi 15 yildan beri “Adilet” huquq himoyasi klinikasi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda. U 2015 yilda “Bir Bol” partiyasidan parlament deputatligiga saylangan. Biroq 2017 yilning 1 yanvarida Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilishiga norozilik sifatida deputatlik mandatini namoyishkorona topshirib, deputatlik vakolatidan voz kechgan.

XS
SM
MD
LG