Ukraina prezidenti Petro Poroshenko AQSh prezidenti Donalьd Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida mamlakatining demokratiya va islohotlar yo‘lidan toymasligini aytdi va uni bu ishlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Rasmiy Kiev maqtagan ushbu uchrashuv AQSh ma’muriyati nazdida unchalik ahamiyatli bo‘lmadi.
Poroshenkoning Tramp bilan Vladimir Putindan oldin uchrashdi.
AQSh va Rossiya prezidentlari kelasi oyda Germaniyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammita vaqtida uchrashmoqchi.
Sharqiy viloyatlarida Rossiya ko‘maklashayotgan bo‘lginchilarga qarshi kurashayotgan Ukrainada Poroshenkoning Oq Uy xo‘jayini bilan uchrashuviga jasorat sifatida baholanmoqda.
Ammo AQSh poytaxtida 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarga unchalik ahamiyat berilmayapti, chunki Oq Uy Kremlning jahlini chiqarmaslikka urinayotgani sifatida harakat qilmoqda.
– Siz bilan uchrashish men uchun sharaf, muhtaram prezident, AQSh Ukrainaning eng ishonchli va strategik hamkoridir, – dedi Poroshenko Oval kabinetdagi qabul marosimida.
Tramp jurnalistlar oldida bergan qisqa bayonotida muzokarani maqtadi.
– Biz juda yaxshi muzokara qildik, u kunbo‘yi davom etadi. Ishlarimizni ancha yurishtirib oldik, deb hisoblayman. Janob prezident, sizni bu yerda qabul qilayotganimdan xursandman, – dedi Tramp.
Oq Uy uchrashuv bo‘lib o‘tgandan so‘ng tarqatgan matbuot xabarnomasida ikki prezident "Ukraina sharqidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishni, prezident Poroshenkoning islohotlar kun tartibi va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi sa’y-harkatlarini qo‘llab-quvvatlash" haqida fikr almashgani aytiladi.
Poroshenko Oq Uyga tashrifi oldidan AQSh prezidenti bilan Putindan oldin uchrashmoqchi va «bu juda muhim ekani»ni aytgan edi.
Ammo Oq Uy tarqatgan xabarnomasida bo‘lib o‘tadigan tadbirni kamtarona tavsiflab, Tramp milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bilan birga "vitse-prezident Mayk Pens va Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoni bir kirib o‘tuvchi mehmon sifatida" qabul qilishini bildirgan edi.
Shu bilan birga AQSh moliya vazirligi Poroshenkoni chindan ham siylaganini, Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida ushbu mamlakat qo‘shinlariga qarshi uch yildan beri jang qilayotgan bo‘lginchilar, ularning ittifoqchilariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilganini ham qayd etib o‘tish joiz.
Sanksiya ro‘yxatiga tushganlar orasida bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan ayrim rossiyalik ish odamlari bor.
Poroshenkoning AQSh Davlat departamenti, Mudofaa, Savdo va Energetika vazirliklari rahbari bilan muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ukraina prezidenti Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgandan beri u bilan uchrashish uchun vaqt poylayotgan edi.
So‘rovlar natijalari Poroshenko 2014 yili prezident etib saylangandan beri obro‘si keskin tushib ketayotganini ko‘rsatmoqda, ukrainaliklarning aksariyati uning Rossiya tajovuzini bartaraf qilishi va urushni nihoyasiga yetkaza olishiga ishonmaydi.
Poroshenkoning AQSh rasmiy shaxslari bilan har qanday uchrashuvini ukrainaliklar xayrixohlik bilan qabul qiladi, ammo Tramp bilan Putindan oldin uchrashishi uning mamlakat tashqarisidagi asosiy tarafdorlarining ham olqishiga sazovor bo‘lishi turgan gap.
Poroshenko safari vaqtida AQSh Senatining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish to‘g‘risidagi qarorini maqtadi. Uning fikricha, ushbu choralar "bosqinchini Ukrainadan haydab chiqarish" hamda qo‘shinlar va asbob-yarog‘larni olib chiqib ketishga majbur qilishning madaniy usulidir.
Hali sanksiyalar to‘g‘risida Senat qabul qilgan qarorni Vakillar palatasi ham ma’qullashi kerak. Hali unga qachon ovoz berilishi ma’lum emas.
AQSh Davlat departamentida Rossiya bilan Ukraina masalalarini nazorat qilgan Maykl Kimmedj Ozodlik radiosiga, "Tramp ma’muriyatining shu paytgacha Ukraina haqida bildirgan fikrlariga qarab, uning ham Obama ma’muriyati singari ushbu mamlakatga qirg‘in qurollarini jo‘natgisi kelmayapti, deb xulosa qilish mumkin. Sanksiyalar oldingi ma’muriyatniki bilan deyarli bir xil, lekin Ukrainani qirg‘in qurollari bilan ta’minlashga ishonish qiyin", deb aytdi.