Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:25

A. Mansur: Madrasaga 9-sinf bitiruvchisini olmaslikka jiddiy sabablar bor!


Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus islom bilim yurtiga qabul qilmaslik taklifi haqida Ozodlik mushtariylari savollariga javob berdi. Mulozimga ko‘ra, hanuz muhokama qilinayotgan bu taklifning bir sababi madrasa bitiruvchisi - bo‘lg‘usi imom va otin oyilarning yoshini oshirishdir. Ayni paytda, respublikadagi madrasalarda ish boshlagan qabul hay’atlari 9-sinf bitiruvchilari hujjatlarini qabul qilmayotir.

"20 yashar imomlar haqida shikoyatlar bo‘ldi"

O‘zbekistondagi madrasalarga 9-sinf bitiruvchilarni qabul qilmasdan, kollej va litsey bitiruvchilarini qabul qilish taklifi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Bu xabardan so‘ng tinglovchilardan kelgan sharh va maktublarda - bu holda diniy ta’lim olishni istagan yoshlarga ikki marta o‘rta maxsus ta’lim bosqichini o‘qishga majbur bo‘lishidan e’tiroz bildirilmoqda va buning sabab nimada, deya savol tashlanmoqda.

Bu kabi savollardan ba’zilariga javob bergan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur hali bu taklif borasida yakuniy qaror qabul qilinmaganini alohida urg‘uladi:

- Buning ko‘plab sabablari bor va men bulardan bittasini aniq bilaman. Madrasani bitirganlar 20 yoshda bo‘ladi va joylarga borib, yosh-yosh bolalarning imomlik qilishi, nasihat qilishi haqida xalqdan shikoyatlar tushgan. Endi 23-24 yosh bo‘ladi va bu orada ilmi oshadi, dunyoqarashi ham kengayadi. Bitta sababi shu. Albatta, buning boshqa sabablari ham bor va hali muhokalara davom etayapti, tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Yakuniy qaror qabul qilinsin! O‘shandan keyin hamma jihatlarini izohlab, aytaman sizlarga, - dedi, jumladan, Musulmonlar idorasi mulozimi.

Quyida shayx Abdulaziz Mansur bilan suhbatni tinglang:

А.Мансур: Мадрасага қабул ёшини ўзгартиришга жиддий сабаблар бор!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:44 0:00
Бевосита линк

"9-sinf bitiruvchilarini qabul qilmaymiz"

Toshkentdagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida esa 20 iyundan ish boshlagan qabul hay’atlari 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish to‘xtatilganini aytmoqda.

Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘rta maxsus ta’lim bo‘g‘inidagi islom bilim bilim yurtlari - madrasalarga o‘rta maxsus ta’lim bosqichi - kollej va litseylarni bitirib kelganlarning hujjatlarini qabul qilish haqida ko‘rsatma berilgan.

"9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilmaymiz. Faqat kollej va litseylarni bitirganlarning hujjatini olamiz. Bu yilgi qabul uchun hozircha tartib shunaqa, lekin qabul 10 iyulgacha davom etadi, biror yangilik bo‘lib qolsa, aytamiz", dedi ta’lim maskanining muxbir bilan mikrofonsiz gaplashgan xodimi.

Bu taklif Vazirlar Mahkamasiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan taqdim qilingan.

"Qonunga zid taklif"dan shikoyat

O‘zbekistondagi bir qator Internet nashrlarida 3 ta idora tomonidan ilgari surilgan taklif ham ta’lim, ham diniy-fuqaroviy erkinliklarga zid ekani aytilgan shikoyat maktubi chop etgan.

O‘zbekiston Islom instituti jamoasi nomidan e’lon qilingani aytilgan bu maktub mualliflari - taklifni "diniy ta’lim yoshining kechiktirilishi va ta’lim qonunchiligi buzilishi" sifatida baholagan.

"Vazirlar Mahkamasiga taklif qilingan hujjatda o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga kollej va akademik litseylarni bitirib, ya’ni 18 yoshdan keyin yana qaytadan o‘rta maxsus ta’limga qabul qilinsin, deyilgan. Bu esa ta’lim qonunchiligi buzilganligidir. Chunki, bu holat O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilab qo‘yilgan uzluksiz ta’lim tizimiga qarshi o‘laroq, ikki bor o‘rta maxsus ta’limining takrorlanishiga olib keladi", deyiladi jumladan ushbu maktubda.

Ozodlik Toshkent Islom institutiga bog‘langanida institut jamoasi nomidan e’lon qilingan shikoyat maktubi haqida esa biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagan.

Shu paytgacha respublikada mavjud 9 ta madrasadagi ta’lim majburiy bo‘lgan o‘rta maxsus ta’lim bosqichiga tenglashtirilgan va bu dargohlarga umumiy ta’lim maktablarining 9- sinfini tugatgan bitiruvchilar qabul qilinar edi.

Madrasa bitiruvchisi - imom, otin oyi, maslahatchi

Hozir O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 7 iyunda rasman ochilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi bor.

O‘rta maxsus islom bilim yurtlari - madrasalar soni esa 9 ta: Toshkentda "Ko‘kaldosh", Buxoroda "Mirarab", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Kitobda "Xoja Buxoriy", Urganchda "Faxriddin ar-Roziy", Nukusda "Muhammad al-Beruniy", shuningdek, Toshkentda "Xadichai Kubro", Buxoroda "Jo‘ybori kalon" ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

Madrasalarni bitirgan bitiruvchilar ilm darajasiga ko‘ra, imom-xatib, imom, imom noibi yoki otin oyi bo‘lib, yohud turli davlat idoralari, ta’lim muassasalari, Mahalla qo‘mitalaridagi "Ma’naviyat markaz"larida diniy maslahatchi bo‘lib ishlashi mumkin.

Rasmiy ma’ulmotlarga ko‘ra, respublikadagi diniy ta’lim maskanlarida bilim oladigan jami talabalar soni 250 nafarga yaqindir va yillar davomida buning 32 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan musulmon O‘zbekistonda mavjud ehtiyojni qoplamasligidan tinglovchilar shikoyat qiladi.

O‘zbekistonda xususiy tartibda diniy ta’lim berish esa 1998 yilda qayta tahrirda qabul qilingan "Vijdon erkiligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG