Линклар

1 iyuldan boshlab o‘zbekistonlik xonandalar kliplarini YouTube videoportaliga joylashtirish uchun ham "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi qoshida tashkil etiladigan badiiy kengash ruxsatini olishi kerak bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan bu xabarni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi (avvalgi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi) qoshidagi Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov Ozodlik bilan suhbatda tasdiqladi.

Xonandalar bilan litsenziya bitimlariga o‘zgartishlar kiritilgani, endilikda ularga badiiy kengashni tasdig‘isiz o‘z kliplarini Internetda tarqatmaslik majburiyati yuklanishini aytgan Abduqahhorovga ko‘ra, rasmiy ruxsatsiz kliplarini Internetga joylagan san’atkorlar litsenziyadan mahrum etilishlari mumkin:

- Endi har bir xonanda televideniegami, Internet tarmoqlarigami tayyorlagan klipini berishdan oldin “O‘zbekkonsert” qoshida tuziladigan badiiy kengashdan ruxsat olishi kerak bo‘ladi. Bu yerda asosiy maqsad o‘zimizning o‘zbekona urf-odatlarimizga sodiq qolish, milliy zehniyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan kliplarning chiqib ketishi oldini olishdir - dedi Odiljon Abduqahhorov.

"O‘zbekkonsert" qoshida tuziladigan badiiy kengashning taniqli klipmeyker, rejisser, shoir, sayqalchi va bastakorlardan iborat bo‘lishi va ular tarkibining doim o‘zgarib turishi aytilmoqda.

Odiljon Abduqahhorov, “O‘zbekkonsert” muassasasining biron xodimi badiiy kengash a’zosi bo‘la olmasligini ta’kidladi:

- U yerda o‘z sohasining haqiqiy egalari bo‘ladi. Shu sohani tushunib yetgan, shu sohada qaynagan insonlar bo‘ladi. O‘ylaymanki¸ ular tasdiqlagan kliplar televideniedan qaytmaydi, ayni paytda bemaza kliplarning chiqib ketishi oldi olinadi, - deydi Abduqahhorov.

"Sakramento" bo‘lmaydi endi

Ayni paytda o‘zbek kanallarida ham o‘zbek san’atkorlarining “axloq-odobi” mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda.

20 iyun kuni “O‘zbekiston” davlat kanalida namoyish etilgan “Bu ham muhim” ko‘rsatuvida ayrim o‘zbek xonandalarining kliplari tanqid qilindi.

Xususan¸ xonanda Munisa Rizaevaning ispancha ohangdagi “Sakramento” qo‘shig‘i va unga olingan klip tanqid nishoniga aylandi.

Ko‘rsatuvda¸ hatto¸ milliy zehniyatga zid keladigan kliplarni chiqarayotganlarni javobgarlikka tortish chaqiriqlari ham yangragandi.

Ko‘rsatuv qatnashchilaridan biri:

“O‘zbeknavo"da ham internet bor¸ kuzatasizlar. Mana shunaqa chiqdimi Internetda, shundoq chaqiring, topish mumkin. Mana shunaqalarni qanaqadir javobgarlikka tortish kerak”, - dedi.

Odiljon Abduqahhorovning aytishicha, “Sakramento” klipi¸ qolaversa "milliy an’analarga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa kliplar" ham efirdan olib tashlangan:

- “Sakramento”ni ham xat bilan efirdan olib tashlaganmiz. Otabek Mutalxo‘jaevni “Bombey” klipini olib tashladik. Undan tashqari Sardor Mamadalievning “Omonyor” klipini olib tashladik. Buning ayrim sabablari bor. U yerda bachkanalik bor. O‘zbekiston Xalq artisti yoki Xizmat ko‘rsatgan artist bo‘lgandan keyin kliplari ham shunga yarasha bo‘lishi kerakda! Buni inernetga qo‘ysa¸ butun dunyo ko‘radi. Buni ko‘rib ular o‘zbek san’atiga baho beradi, - deydi “O‘zbekkonsert” mulozimi.

Munisa Rizaevaning YouTube ga qo‘yilgan sho‘x, raqsga chorlovchi “Sakramento” klipini hozirga qadar 3 million 700 mindan ortiq odam tomosha qilgan.

Ozodlik “Sakramento ” klipi O‘zbekistonda taqiqqa uchragani haqda Munisa Rizaevadan munosabat ololmadi.

"Bachkanalik ham evi bilan"

Ozodlik bilan suhbatda xonanda Aziza Niyozmetova san’atkorlar va ularning ashula va kliplarini filtrdan o‘tkazilishini to‘g‘ri, deb hisoblaydi:

- Har bir narsaning o‘z razmeri bo‘ladi. G‘ishtni ham qolipi bor. San’at ham shunday. Filtrlab¸ to‘g‘ri qilishayapti. Hozir ashulalar bachkanalashib borayapti, kliplar undan battar bachkana. Bachkanalik ham evi bilan. Chet eldan ko‘chirib, oldi-qochdi gallar bilan qo‘shiq qilishayapti, kliplarni ham ko‘chirib shtampovkalashayapti. Buni to‘xtatish kerak, to‘g‘ri qilayapti "O‘zbeknavo", - deydi Aziza Niyozmetova.

Ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik klipmeyker, bir necha ming dollar to‘lab olingan, millionlab tomoshabin to‘plagan klipning efirdan olinishini adolatdan emas, deb hisoblaydi:

- To‘g‘risini aytsam, shu “Sakramento” klipi eng yaxshi kliplardan biri. Ashulachi shuncha mablag‘ to‘lab klip yasattirsayu uni bir kunda olib tashlashsa, bu adolatdan emas. Menimcha san’atni ramkalash yaxshi emas. Qo‘shiq yaratsin, klip yaratsin, bahoni tomoshabin bersin, qandaydir badiiy kengashlar emas, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik klipmeyker.

“O‘zbekkonsert”ning Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov esa san’atkorlar ortiqcha xarajatlarga kuyib qolmasliklari uchun klip g‘oyasini badiiy kengash bilan oldindan maslahatlashishni tavsiya qiladi:

- Badiiy kengash tuzilishining yana bir yaxshi jihati, xonandalar kengashga kelib klip bo‘yicha g‘oyasi va ssenariysini oldindan kengashga taqdim etib tasdiqlab olishi mumkin. Bu bilan klip tayyor bo‘lgandan keyin badiiy kengashdan o‘tmay ortiqcha xarajatga kuyib qolish ehtimoli bartaraf etiladi,- deydi Odiljon Abduqahhorov.

O‘zbek xonandalari Rayhon va Lola "milliy mentalitetga mos kelmagan" kiyimlar kiygani uchun tanqidga uchragan.
O‘zbek xonandalari Rayhon va Lola "milliy mentalitetga mos kelmagan" kiyimlar kiygani uchun tanqidga uchragan.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi avval "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi deb atalgan va birlashma san’atkorlar ustidan nazorat qiluvchi asosiy tsenzor sifatida qaralgan.

Bir yil avval "milliy mentalitetga mos kelmagan" kiyimlar kiygani uchun o‘zbekistonlik xonanda Lola Yo‘ldosheva litsenziyasidan mahrum qilingan edi.

Uning Rayhon bilan aytgan dueti chog‘idagi o‘zini tutishi va libosi "O‘zbeknavo" tomonidan qoralangandi.

XS
SM
MD
LG