Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:52

"Yo‘lak" masalasi hal etilmayotgan so‘xliklar qimmatchilikdan shikoyat qilmoqda


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti.

Ozodlikka murojaat qilgan Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston ichkarisidagi So‘x tumani aholisi vakillari eksklavda poliz ekinlari narxining viloyatning boshqa tumanlariga nisbatan to‘rt baravargacha qimmatligidan shikoyat qildi. So‘xliklar¸ bunday qimmatchilikni¸ qirg‘iz hududidan o‘tishdagi turli noqonuniy o‘lponlar bilan izohladi; Qirg‘iziston Chegara xizmati esa¸ so‘xliklardan qirg‘iz vegarachi va bojxonachilari ta’magirligini isbotlovchi dalillarni rasman taqdim etishni so‘radi.

Ozodlik suhbatlashgan so‘xliklarga ko‘ra, viloyat markazi Farg‘onada narxi 4-5 ming so‘m bo‘lgan qovun-tarvuz shu kunlarda So‘x bozorlarida 15-16 ming so‘mdan sotilmoqda.

So‘xlik tadbirkorning aytishicha, Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalarining “ta’magirligi” tufayli ular So‘x tumanida yetishtirilmaydigan poliz mahsulotlarini 3-4 baravar qimmatga sotishga majbur bo‘lmoqda.

"Har hafta Farg‘onaga borib, bir moshin qovun-tarvuz keltiraman. Chegaradan boshlab to So‘x tumaniga kelgunga qadar, qirg‘iz chegarachilari, bojxonachilari va militsiyasiga yo‘l-yo‘lakay 5 million so‘mgacha pul tarqatib kelaman. Ularning ta’magirligi tufayli tarvuzni 15-16 ming so‘mdan sotishga majbur bo‘layapman. Bo‘lmasa, o‘zini oqlamayapti," - deydi ismi sir qolishini so‘ragan so‘xlik tadbirkor.

Uning ta’magirlik haqidagi iddaosini So‘x tumani hokimligi mulozimi ham tasdiqladi:

- Haqiqatan qovun-tarvuz So‘xda yetishtirilmagani va Farg‘onadan keltirilgani uchun farqi bor, albatta. Savdogarlar qirg‘izlarning ta’magirligi tufayli mashinada olib kelayotgan mahsulotning yo‘lkirasi juda qimmatga tushayotganini aytishadi, - dedi So‘x tumani hokimligi mulozimi.

So‘x eksklavi aholisi mamlakatning asosiy qismiga birgina “Vodil” chegara punkti orqali bordi-keldi qiladi.

O‘zbekistonning So‘x eksklavida 2013 yil 5-6 yanvar kunlari mahalliy aholi va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro ortidan yopilgan Co‘x-Rishton yo‘lidagi chegara punkti hamon yopiqligicha qolmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan so‘xliklarga ko‘ra, "Vodil" yo‘lining uzoqligi, ta’magirliklar va chegara postlaridagi uzundan-uzoq navbat kutishlar aholiga jiddiy qiyinchilik tug‘dirayapti.

Farg‘ona viloyatining So‘x eksklavida yashaydigan Xoldorali Sayfiddinov har gal Rossiyaga borish va qaytishda qirg‘izistonlik chegarachi va bojxonachilar mehnat muhojirlaridan pul talab qilishini, bermaganlar esa turli xil bosimlar ostida qolishini aytdi:

- So‘x posti "Chashmadan" o‘tgandan keyin 70-80 ming oladi. Farg‘onaga borgancha shunchaga tushayapti. Taksiga o‘tirsak, keladiyu so‘mkani ko‘rib, pul ber, deydi. Bermasang, haqorat qilishga tushadi. Huquqimizni talab qilsak, "podstavka" qilaman, deb qo‘rqitadi, - deydi Xoldorali Sayfiddinov.

So‘xliklarning qirg‘iz huquq-tartibot xodimlari ta’magirligi haqidagi iddaosini rad qilgan Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibasi Salqin Abdikarieva, hozirga qadar So‘x aholisidan chegara xizmatiga “biron-bir shikoyat” tushmaganini ta’kidladi:

- Agar fuqarolar chegarachilar hatti-harakatidan shikoyat qilmoqchi bo‘lsa, ular bizga rasman maktub bilan murojaat qilishlari mumkin. Bizga bo‘layotgan ishlarni isbotlab berishsin. O‘tish punktlari va chegara postlarida ishonch telefonlari bor. Bu telefonlar orqali fuqarolar bizga murojaat qilishlari mumkin. Biz, albatta, zaruriy qonuniy choralarni ko‘ramiz. Ular hech qachon bizga rasman murojaat qilishmagan. Ular doimo matbuot xodimlari orqali o‘z arz-dodlarini bildirishgan, - dedi Salqin Abdikarieva.

So‘x eksklavi
So‘x eksklavi

Ayni paytda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlaridan iborat maxsus komissiya So‘x eksklavining 136 kilometrlik chegaralarini aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Rasmiy Toshkent ko‘p yillardan beri Qirg‘izistondan So‘x anklavini O‘zbekiston bilan tutashtiruvchi yo‘lak berishni so‘rab keladi.

2016 yil mart oyida Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha maxsus vakili Kurbanbay Iskanderov Bishkek “hech qachon” O‘zbekistonning So‘x anklavi bilan tutashtiruvchi yo‘lak ochishga rozilik bermasligini bildirgan edi.

Uning aytishicha, agar Qirg‘iziston O‘zbekistonga So‘x anklaviga eltuvchi yo‘lak ochib beradigan bo‘lsa, Botken va Laylak tumanlaridagi 200 ming qirg‘izistonlik anklav holatida yashashga majbur bo‘lib qoladi.

Shu yil 9 iyunda Ostonada ShHT sammiti doirasida Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoev ikki mamlakat chegaralari ochiq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

"Agar biz tadbirkor doiralarimizni birlashtirsak, ular ko‘p narsaga qodir. Jiddiy yutuqlarga erishamiz. Eng asosiysi, biz o‘rtamizda chegaralar bo‘lishini istamaymiz. Chegaralarimiz ochiq bo‘lishi kerak," dedi Ostonada Shavkat Mirziyoev jumladan.

XS
SM
MD
LG