Линклар

Шошилинч хабар
07 Sentabr 2026, Toshkent vaqti: 03:12

"Agrobank" pilla rejasini bajarmagan fermerga pul bermayapti

Chopiqchilarning bir kunlik mehnat haqi 30-50 ming so‘m (4-7 AQSh dollari) ekanligi aytiladi
Chopiqchilarning bir kunlik mehnat haqi 30-50 ming so‘m (4-7 AQSh dollari) ekanligi aytiladi

“Agrobank”ning Jizzax viloyati Arnasoy tumani filiali pilla rejasini bajarmagan¸ shuningdek¸ o‘tgan yilgi kreditini qoplay olmagan fermerlarga ish haqi uchun belgilangan kredit berishni to‘xtatdi. Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar¸ bu ishning hokim buyrug‘i bilan qilinayotganini aytdi; hokim va bank rahbari esa¸ bu xabarni inkor qilishga urindi.

Ozodlik suhbatlashgan arnasoylik fermerlardan biri¸ Arnasoy tumanida qariyb 460 ta fermer xo‘jaligi borligi va hozirda ularning qariyb yarmi joriy hosil uchun ajratilgan ish haqini “Agrobank”dan ola olmayotganini bildirdi.

“Har yili paxtaga, g‘allaga, pillaga 0,3 foizlik imtiyozli kredit ajratiladi. Bu g‘o‘zaning chopig‘i, yagana, chekanka, paxta terimi, solyarkaga, mineral o‘g‘itlarga sarflanadi. Biz qoida bo‘yicha shuning 60 foizini paxta terilguncha olishimiz kerak. Ya’ni har o‘n besh kunda ish haqiga, kultivatsiyaga, chopiq-yaganaga pul naqd shaklda berilishi shart. Bosh vazir Abdulla Aripov kelib ketganda bir marta olib qoldik, tamom, o‘shandan buyon bir so‘m ham bergani yo‘q”, deydi shaxsi ochiqlanmasligini istagan arnasoylik fermer.

Bu fermer¸ Arnasoy tuman hokimi ochiq majlisda “Agrobank” rahbariga pilla rejasini bajarmagan fermerlarga pul bermaslik haqida buyruq berganiga shaxsan o‘zi guvoh ekanini aytadi.

“Bu yil pillamizga qandaydir kasal keldimi, qurtlar katta-katta bo‘lganda, barg yemay qo‘ydi. Ha, endi uyquga ketdi¸ deb o‘yladik. Yo‘q, 3-4 kundan keyin sasib ketdi. Hammasi o‘lib qoldi. Mutaxassislarni chaqirdik, akt qildik. Tumandagi fermerlarning qariyb yarmida shunday holat yuz berdi. Endi esa, hokim yerning tagidan bo‘lsa ham pillani topib bajarasan, bajarmasa pul berma deb “Agrobank”ka majlisda aytdi. Shunga pul bermayapti. Fermerlar Samarqand viloyatiga borib ortiqcha pilla izlab yuribdi. Bu yoqda esa asosiy ishimiz qolib ketayapti”, deydi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir arnasoylik fermer o‘tgan yilgi kreditdan qarzi qolganlarga ham "Agrobank" pul berishni to‘xtatganini qo‘shimcha qiladi.

“O‘tgan yili paxta hosili yaxshi bo‘lmagani uchun berilgan kreditdan bir oz qarz bo‘lib qolgan fermerlarga ham bank pul bermayapti. Buni qarang endi, hozir chopiq avjida. Odamlar bir egat paxtani 3 ming so‘mdan kamiga chopmaydi, yagana ham 3 ming so‘m. Hozir odamlardan protsentga qarz olib qilayapmiz. Bankda davlat ajratgan pul turibdiyu, lekin bermayapti. Zavodlarda o‘tgan yilgi paxta hosilidan pullarimiz turibdi, uni ham ololmayapmiz. Qo‘shnilarimiz, Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlarida hamma fermerlar pullarini olayapti, negadir birgina Arnasoyda shunday bo‘layapti”, deydi bu fermer.

“Agrobank”ning Arnasoy tumani bo‘limi boshqaruvchisi Zokir Qodirqulov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning iddaolarini inkor qilishga urindi¸ ayni paytda¸ hokimning pilla rejasini bajarmagan fermerga kredit bermaslik buyrug‘ini bilvosita tasdiqladi.

“Yo‘q, bunaqa holat yo‘q, olmagani bo‘lsa, marhamat kelsin, istagancha olaversin. Hokimiyatdagi yig‘ilishda fermerlarga hokim aytgan edi, pillani bajarib qo‘y, ish haqingning hammasini olasan, deb. Biz bajarsa-bajarmasa paxtasiga qarab berayapmiz, hech qanaqa e’tiroz yo‘q”, dedi Zokir Qodirqulov.

Arnasoy tumani hokimi Ergash Soliev Ozodlik muxbiriga pilla planini bajarmaganlar emas¸ o‘tgan yilgi qarzini qoplamaganlarga kredit berish to‘xtatilganini bildirdi:

- Bu pilla planiga bog‘liq emas, kimki kreditni qoplagan bo‘lsa¸ ish haqini oladi¸ qoplamagan bo‘lsa¸ pul yo‘q, dedi hokim.

Jizzaxlik fermerlar joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzaev selektor yig‘ilishida fermerlarning qarzlari vaqtincha muzlatib turilishi va qarzlar yangi hosildan undirib olinishi haqida gapirganini aytgan edilar.

Lekin, keyinchalik bu borada birorta rasmiy hujjat e’lon qilinmadi.

O‘zbekiston aksiyadorlik tijorat "Agrobank"ining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha, ayni paytda kredit bo‘limi rahbarlari va mutaxassislari to‘lanmay qolgan kreditlarni undirish uchun viloyatlarga xizmat safariga yuborilgan.

XS
SM
MD
LG