Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:45

OzodDayjest: Tug‘ruqxonalarda suyunchi puli talab qilish to‘xtagani yo‘q


O‘zbekistondagi tug‘ruqxonalardan biri.
O‘zbekistondagi tug‘ruqxonalardan biri.

Toshkentda dollar evaziga xizmat ko‘rsatgan folbin qo‘lga olindi. Qo‘sha-qo‘sha unvonli xonandalar fonogrammada konsert o‘tkazayotgani tanqid qilindi. O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida suyunchi puli talab qilish hamon davom etmoqda.

_____________________________________________________________

Toshkentda 5300 dollar evaziga o‘limni yengmoqchi bo‘lgan firibgar folbin qo‘lga olindi

Toshkentda turli hiyla-nayranglar bilan odamlarning ishonchiga kirib, ulardan katta miqdordan pul olgan folbin ayol qo‘lga tushirildi (“Darakchi”, 22 iyun). Masalan, tijorat bilan shug‘ullanuvchi ayol folbinga uchrab eri xiyonat qilayotgani, uni bu yo‘ldan qaytarib berishini so‘raydi. Qarmog‘iga nahang baliq ilinganini sezgan folbin uni avrashga tushadi: yaqinda o‘lishi, agar dollar olib kelsa, pulning seriya raqamiga qarab duo o‘qib qo‘yishi va shu orqali uni o‘limdan qutqarib qolishini aytadi. Shu tariqa folbin hiyla-nayrang yo‘li bilan tijoratchi ayoldan 5300 AQSh dollari oladi. Folbin, bundan tashqari, yana boshqa vatandoshlarni ham chuv tushirib, katta miqdorda mablag‘ undiradi. “Folbinning firibgarlik faoliyatida qonun himoyachilari tomonidan chek qo‘yildi. Endi u jinoyati uchun qonun oldida javob beradi”, deya ma’lum qiladi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi Zoir Kamolov.

Tug‘ruqxonalarda suyunchi puli talab qilish davom etmoqda

Tug‘ruqxonalarda dunyoga kelgan chaqaloqning yaqinlaridan suyunchi puli talab qilish davom etmoqda, hatto bu hol tijoratga aylangan (“Jamiyat”, 16 iyun). “Suyunchi deb atayotganimiz aslida poradan farq qilmayotgandek, menimcha. Yaqinda kelinimni to‘lg‘oq tutib qoldi va zudlik bilan tug‘ruqxonaga bordik. Navbatchi shifokorlar yordamida ko‘zi yoridi. O‘g‘lim shifokorga suyunchi puli uzatsa, xizmat narxini aytib, o‘zining kechasi uyqudan qolib, ishga kelganini pesh qilibdi”, deydi samarqandlik Sharifa Rahimjonova. Qayd etilishcha, bundan misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Maqolada bunday tamagirliklarga chek qo‘yish vaqti kelgani ta’kidlangan.

“Fonogramma aro qo‘ysam qadam”: qo‘sha-qo‘sha unvonli xonandalarning konserti og‘iz qimirlatish bilan o‘tmoqda

O‘zbekistondagi deyarli barcha xonandalarning san’at saroylaridagi kontserti fonogramma orqali o‘tmoqda, jonli ijrodagi konsertlar esa noyob hodisaga aylandi (“Oila davrasida”, 22 iyun). Butun konsert xonandaning og‘iz qimirlashi bilan o‘tmoqda, yana san’atkor jonli ijrodan charchagandek ikki-uch marta libos ham alishtirib chiqadi. “Axir xalq e’tiboridagi ko‘pchilik san’atkorlarning qo‘sha-qo‘sha unvoni bor. Lekin aqalli bir kungina jonli ijroda konsert berolmasa, shu xonandalar olgan unvoniga munosib deya olamizmi? Mutasaddi tashkilot litsenziya yoki konsert qo‘yish uchun ruxsatnoma berayotganda masalaning shu tomoniga ham e’tibor qaratsa, balki fonogramma degani oz bo‘lsa-da, kamayarmidi?” deya savol qo‘yadi gazeta.

“Konsert jonli o‘tishi kerakligi haqida hech qanday qonun yo‘q. Faqat konsert e’lonida u qanday shaklda bo‘lishi xususida oldindan xabardor qilinishi kerak, xolos. Muxlis konsertda qo‘shiqlar fonogramma orqali ijro etilishini biladimi, shunga rozi bo‘lib kirganmi, xonandadan o‘pkalab bo‘lmaydi, undan jonli ijro talab qilishga haqi yo‘q”, deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmati rahbari Muzaffar Sayfullaev.

XS
SM
MD
LG