Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:21

OzodDayjest: Qamchiqda tadbirkordan pora so‘ragan nozir qamaldi


Namanganda IIB inspektori pora ustida ushlandi. Parlament “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ijrosidan mamnun emas. O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi sudlar o‘xshash ishlar bo‘yicha farqli hukmlar chiqarmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Tadbirkordan pora olgan IIB inspektori ozodlikdan mahrum etildi

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l-patrul xizmati inspektori qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan tovlamachilik bilan pora talab qildi. (“Huquq”, 22 iyun). Qamchiq dovonidagi Xonobod xalqaro o‘tkazish punktida navbatchilik qilayotgan inspektor Toshkentdan 3 ta “Isuzu” yuk mashinasida kiyim-kechak olib kelayotgan tadbirkorlarni tekshirgan. Yuklar hujjati joyida bo‘lishiga qaramay, IIB noziri har bir mashina uchun 1000 dollardan pora talab qilgan, aks holda jinoiy ish ochish bilan tahdid qilgan. Noiloj qolgan tadbirkorlar manzilga – Qo‘qonga yetib olgach, pulni etkazishga rozi bo‘lishgan va bu orada IIB xodimining tamagirligi haqida huquq idoralariga xabar berishgan. Ismi oshkor etilmagan poraxo‘r nozir jinoyat ustida qo‘lga olingan va ozodlikdan mahrum etilgan.

Parlament kitob ta’minoti bo‘yicha bir qator kamchiliklarni aniqladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi viloyatlarda “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘rgandi va bir qator kamchiliklarni aniqladi (“Hurriyat”, 21 iyun). Jumladan, hududlarda badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni chop etish, ta’lim muassasalarini ular bilan ta’minlash, jahon adabiyoti namunalarini tarjima qilish ishlari puxta tashkil etilmagan. Shuningdek, kitoblarni viloyatlarga arzon narxda yetkazish va elektron kitob tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Qolaversa, hali-hanuz qishloq tumanlarida aksariyat maktablarda internet faoliyati sifatli yo‘lga qo‘yilmagan. Parlament ta’lim muassasalaridagi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini tubdan ko‘rib chiqishni tavsiya etgan.

Sudning g‘alati hukmi: Samarqandda boshqa, vodiyda boshqa qonun amal qiladimi?

Jinoyatlarni to‘g‘ri malakalashda sudlar tomonidan xatolarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida vatandoshlarninig burni qonamoqda (“XXI asr”, 22 iyun). Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahri sudi ana shunday g‘alati hukmlardan birini chiqargan. Bir necha nafar olg‘ir O‘zbekistonga aylanma yo‘llar orqali engil mashinalar olib kirib, ularni soxta hujjatlar orqali bir necha o‘nlab fuqaroga sotgan. Ammo hujjatlar soxtaligi hatto davlat notariuslarida shubha uyg‘otmagan. Vatandoshlar ham mashinalar hujjati soxta ekanidan bexabar ularni sotib olgan. Ammo keyinroq mashinalar noqonuniy yo‘llar bilan keltirilgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahri sudi mashinalarni jinoyat quroli deb malakalab, jinoyatdan mutlaqo bexabar holda ularni sotib olgan vatandoshlardan avtoulovlarni tortib olib, davlat foydasiga musodara qilgan. Holbuki, xuddi shunday ish bo‘yicha Samarqand va Qashqadaryo viloyati sudlari aybdorlarga tegishli jazo tayinlab, o‘zi bilmagan holda noqonuniy yo‘l bilan keltirilgan avtoulov sotib olgan vatandoshlarga mashinalarni qaytarib bergan. “Davlat bitta, qonun ham bir, ammo sud qarorlari nega turlicha?! Haqli savolga hamon javob yo‘q”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG