Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:28

Erdo‘g‘on tansoqchisini o‘ldirishda gumonlangan o‘zbek qizini terrorga qarshi idora tergov qilmoqda


O‘tgan hafta Turkiya prezidentining tansoqchilari boshqarmasida ishlaydigan 24 yashar Ramazon O‘zchelikni o‘ldirishda gumonlanib Istanbul shahar Beylikduzi tumani politsiya idorasiga keltirilgan O‘zbekiston vatandoshi Farida Bayramovani Terrorga qarshi kurash bo‘limi so‘roq qilmoqda.

Bu haqda Beylikduzi politsiya idorasi vakili Ozodlikka ma’lum qildi.

Unga ko‘ra¸ 25 yashar O‘zbekiston vatandoshi Farida Bayramova “terrorchilik shubhasi mavjudligi uchun oddiy jinoiy tergov qilinmasdan terrorga qarshi kurash bo‘limida so‘roq qilinmoqda”

Xabarturk gazetasining yozishicha, Malatiyadagi Ismat Ino‘nu universiteti farmatsevtika fakulteti talabasi Farida Bayramovaga oid Istanbul shahar Beylikduzi tumanidagi uydan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tansoqchisining jasadi topilgan.

Hodisani o‘rgangan "Xabarturk" gazetasi jinoyat xabarlari bo‘limi xodimi Sariyor Muslim Ozodlikka Turkiya prezidenti tansoqchilar boshqarmasida 2016 yildan beri politsiyachi lavozimida ishlab kelgan O‘zchelik o‘tgan dushanba kuni soat 14 da Farida Bayramovaning uyida boshidan otib o‘ldirilganini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Farida Bayramova bundan 9 oy oldin JAMOU ijtimoiy tarmog‘i orqali maqtul Ramazon O‘zchelik bilan tanishgan.

Hodisa yuz bergan kun ular birga bo‘lganlar.

Sariër Muslim o‘z maqolasida Farida Bayramovaning tergovdagi ko‘rsatmasidan iqtibos keltiradi.

Voqeadan bir kun oldin u kelib uyimda yotib qoldi. Ertalab soat 10 larda men uyg‘ondim. Uning to‘pponchasini qo‘limga olib shkafning ustiga qo‘ydim. Ramazon esa uxlar edi. Soat 14 da uyg‘ondi. Yemak olish uchun tashqariga chiqib kelmoqchi edi. Kiyina boshladi. Bu orada shkaf ustida turgan to‘pponchani ko‘rdi. Nega uni bizga qaratib qo‘yding, deb so‘radi va pistoletni olib beliga taqdi. Bu paytda men unga qo‘l telefonimda rus ruletkasi videosini ko‘rsatdim. U bo‘lsa, bu o‘yin unday o‘ynalmaydi¸ mana bunday o‘ynaladi, deb to‘pponchani chap qo‘liga olib, peshonasiga tiradi. Uni to‘xtatib qolishni istadim, ammo kech bo‘lgan edi. To‘pponcha otildi. Ko‘z o‘ngimda o‘ldi”.

Beylikduzi politsiya idorasi vakilining aytishicha¸ ana shundan keyin voqea joyiga tezkor guruh yetib kelib, Bayramovani hibsga olgan.

Uyda Bayramovaga oid turli nomerlardagi to‘rtta qo‘l telefoni topilgan:

- Hozir ish bizning nazoratimizda emas¸ terror shubhasi bilan Bayramova so‘roq qilinmoqda. Tafsilotlar sudda aniq bo‘ladi, - dedi Beylikduzi politsiya idorasi vakili.

Unga ko‘ra¸ Bayramovaning salomatligi va ruhiy holati tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va barmoq izlari olingan - shifokorlar Bayramovaning ruhiy sog‘lom ekanini aytgan.

Matbuot: "Rus ruletkasi" hikoyasi ishonchsiz

"Tergovchilar Bayramovaning ko‘rsatmasida ziddiyat topishdi"¸ deya yozadi "Hurriyat" gazetasi.

Tekshiruvlar asnosida na Bayramovaning va na O‘zchelikning telefonidan “Rus ruletkasi” videosi tomosha qilinmagani aniqlangan.

Tergovchilarning matbuotga bildirishicha, Turkiya prezidenti tan soqchilari qo‘lidagi mavjud to‘pponchada rus ruletini o‘ynash imkoni yo‘q.

Voqeani yoritgan Eltuz nashri suhbatlashgan tarixchi Sergey Spiridonov, rus ruletkasi odatda olti o‘qli revolьverda o‘ynalishini aytgan.

"Russkaya ruletka yoki gusarskaya ruletka deb ataladigan bu ekstremal qimor o‘yini asosan revolverda o‘ynaladi. Turkiya politsiyasi qo‘llanadigan va o‘qdoni to‘pponcha dastagida joylashgan qurolda buni o‘ynash imkonsiz," degan Sergey Spiridonov.

Farmatsevtika talabasi¸ uy egasi¸ sportchi va sohibjamol

25 yashar O‘zbekiston vatandoshi Farida Bayramova Istanbuldan 850 kilometr uzoqlikda joylashgan Malatiyadagi Ismat Ino‘nu universiteti farmatsevtika fakulteti talabasi.

Fakultet o‘qituvchisi Bayramovaga aqlli talaba, sportchi va sohibjamol sifatida ijobiy tarafdan bilgani va uning jinoyatda ayblanayotganidan taajjubda ekanini aytdi.

Uning ma’lum qilishicha¸ Bayramova oid barcha hujjatlar Terrorga qarshi kurash idorasiga jo‘natilgan.

"Hozir bizda ta’til bo‘lgani bois Bayramova Istanbuldagi o‘z uyiga bo‘lgan. Boshqa tafsilotlarni ayta olmaymiz," - dedi fakultet o‘qituvchisi.

Ozodlik Bayramovani taniganlardan biri bilan suhbatlashdi.

Unga ko‘ra Bayramovaning ota-onasi Toshkentda taniqli doktor bo‘lib ishlashadi.

Aynan ular qizi uchun Istanbulning dengiz sohilidagi Beylikduzi tumanidan kvartira sotib olib berishgan.

Tahsil va Turkiyadagi yashash bilan bog‘liq xarajatlar ham ota -ona zimmasida bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG