Линклар

Turkiyaning Istanbul shahrida ikki o‘zbekistonlik qochqin, yaqinlarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 22 iyunda O‘zbekistonga "maxfiy tarzda" berib yuborilgan. 38 yoshli Erkin Avazov va 34 yoshli Abdulla Ermatovlar radikal islomiy guruhlarga aloqadorlikda gumonlanib ikki oy avval hibsga olingandi. Ular O‘zbekiston so‘rovi asosida ekstraditsiya etilgan.

Yaqinlariga ko‘ra, ikkovlon shu yilning aprel oyida Istanbulning Pendik mavzesida turk politsiyasi o‘tkazgan aksil-terror reydlari payti hibsga olingan.

Ular O‘zbekistonda diniy ekstremizm ayblovi bilan qidiruvda bo‘lgan.

Asli Qashqadaryodan bo‘lgan Erkin Avazovning hozirda Turkiyada qolgan rafiqasi Ozodlik bilan suhbatda erining hech qanday diniy-radikal guruhlarga aloqasi bo‘lmaganini aytdi.

- Ikki bolam bilan Turkiyada qoldik. Xo‘jaynimni hech qanaqa guruhlarga aloqasi yo‘q edi. Shu yerda savdogarchilik qilardi. Ikki oy avval bizni rayonimizdagi reydlar payti politsiya ushlab, hujjati yo‘qligi uchun olib ketgandi. Endi O‘zbekistonga maxfiy tarzda berib yuboribdi, - deydi Erkin Avazovning ismi sir qolishini istagan rafiqasi.

Erkin Avazov Turkiyaga 2014 yilda rafiqasi va ikki farzandi bilan Rossiyadan ko‘chib kelgan.

Turmush o‘rtog‘i tirikchilik uchun ular O‘zbekistondan Rossiyaga, keyin Turkiyaga kelishga majbur bo‘lganini aytdi.

- Men besh yil avval Rossiyaga ketganman. Xo‘jayinim mendan oldinroq ketgandi. Tirikchilik uchun. O‘zbekistondaligimizda hech kim bizga indamagan. Ketganimizdan keyin uyimizga bizni so‘rab kelishgan. Qidiruvga berishgan ekan. Hozir men O‘zbekiston rahbariyatidan turmush o‘rtog‘imni qamamasliklarini so‘rayman, - deydi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan qochqinning rafiqasi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan ikkinchi qochqin Abdulla Ermatov haqida Ozodlik ma’lumotga ega emas.

Turkiya Migratsiya xizmati mulozimi o‘zbek qochqinlarining ekstraditsiya etilgani haqida ma’lumot berolmasligini aytdi.

Turkiya "xalqaro majburiyatlarni mensimay qo‘ydi"

Turkiyada qochqinlar ishi bilan shug‘ullanuvchi turkiyalik yurist Ibrohim Ergulning ta’kidlashicha, ikki qochqinning o‘lim va qiynoqqa solinishi xavfi bo‘lishiga qaramay O‘zbekistonga berib yuborilishi qonunlarning yaqqol buzilganidan darak beradi.

- Bu ekstraditsiya - qonunga zid, lekin berib yuborishdi. Qochqinlarni keyinga taqdiri bizga noma’lum. Turkiya Yevropa Ittifoqidan uzoqlashar ekan xalqaro majburiyatlarni mensimay qo‘ydi. Nafaqat O‘zbekistondan, balki boshqa davlatlardan kelgan qochqinlar uchun ham xavfli mamlakatga aylanyapti, - deydi Ergul.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbaning aytishicha, Turkiyadagi qochqinlarning berib yuborilishi Toshkent va Anqara o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni ilitish yo‘lida qilinayotgan amaldir.

Prezident Islom Karimovning o‘limi bilan O‘zbekiston bir ma’noda mintaqa davlatlari, shuningdek, Turkiya uchun ham ochila boshladi.

Turkiya bilan munosabatlar iliqlashib, O‘zbekistondan quvilgan turk shirkatlarining qaytishi uchun umidlar paydo bo‘ldi.

Turkiya O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilganidan buyon o‘zbek qochqinlari uchun qulay mamlakatga aylangan.

Turk huquqbonlariga ko‘ra, birgina Istanbulning o‘zida bir necha ming o‘zbekistonlik qochqin bor.

Turkiyadan o‘zbek qochqinlarining Toshkentga ekstraditsiya qilinishi ilk xolatdir.

XS
SM
MD
LG