Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:35

Mirziyoev Ramazon hayitida ruhiy xastalar shifoxonasiga bordi


Prezident Mirziyoev Ramazon hayiti kuni ruhiy xastalar holidan xabar oldi. Prezident rasmiy saytida xabar qilinishicha, 26 iyun kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini borib ko‘rgan prezident shifoxonaning eski binolarini yangilash ishlari, bemorlarga yaratilgan sharoit bilan tanishgan.

O‘zbekiston prezidentining rasmiy saytida chop etilgan xabarda aytilishicha, ayni damda Toshkent shahar ruhiy xastalar shifoxonasida qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyuldagi ruhiy-tibbiy xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid qaroriga muvofiq, shifoxonada 2015-2016 yillarda 4 yangi bino foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda ikki qavatli yana bir korpus qurilmoqda.

Prezident Mirziyoev shifoxonaning eski binolarini yangilash borasidagi loyihalar bilan tanishgan, bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan.

Rasmiy xabarda keltirilishicha, prezident: "Bemorlarga munosib sharoitlar yaratish kerak", deb ta’kidlagan hamda shifoxonaning tashqi va ichki ko‘rinishini tartibga keltirish, bu yerda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xususan, ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi 1896 yilda qurilgan. Shifoxonada kasalliklar turi, davolash usullari, bemorlar holatiga ixtisoslashgan 18 bo‘lim tashkil etilgan. Klinik-biokimyo laboratoriyasi, rentgen, UTT, ensefalografiya, ekspertiza xonalari zarur vosita va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Shifoxona Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ruhiy kasalliklar kafedralari uchun klinik baza hisoblanadi.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Muruvvat” uyida ham bo‘lgani, bemorlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishgani xabar qilindi. Bu Internatda ruhan xasta bo‘lgan nogiron erkaklar davolanadi.

Prezident 1979 yilda qurilgan "Muruvvat" uyining binolari texnik holati ta’mirtalab ekani, mazkur internat hududini kengaytirish va qo‘shimcha binolar qurish zarurligini ta’kidlagan.

Xastalar ziyorati chog‘ida prezident: "Ulug‘ ayyom kunlari bunday savob ishlarni qilish, bemorlar holidan xabar olish har birimizning e’tiborimizda bo‘lmog‘i zarur", deya ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG