Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:28

Taekvondo bo‘yicha sobiq jahon chempioni Elmurod Nuroxunov yirik miqdorda tovlamachilik qilishda aybdor deb topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 40 yashar sportchi 2005 yilda ham O‘zbekistonda taqiqlangan "Vahhobiylik" oqimi va "Hizb ut-tahrir" partiyasiga a’zolikda ayblanib, 6 yilga qamalgandi. Yaqinlarining ishonishicha, nomdor sportchi "tashkillashtirilgan ish" qurboniga aylangan.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan Toshkent viloyati sudi xodimiga ko‘ra, 26 iyun kuni viloyat sudi Zangiota tuman sudi mart oyi oxirida chiqargan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

Sud xodimi so‘zlariga ko‘ra, 40 yashar Elmurod Nuroxunov va uning 42 yashar akasi Dilmurod "7 nafar jinoiy sherigi bilan 800 ming dollardan ko‘proq pulni tovlamachilik qilib olishda" aybdor, deb topilgan.

Uyushgan jinoiy guruhning qolgan 11 nafar a’zosi ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. Sudlanganlar orasida yana ikki nafar tadbirkor va ikki nafar poezd mashinisti ham bor. Ayni ish yuzasidan yana bir kishi qidiruvga berilgan.

Ammo, Elmurod va uning akasini yaqindan taniganlar ularning "tashkillashtirilgan ish" qurboni bo‘lganini iddao qilmoqda.

Bir necha karra Osiyo va Jahon chempioni bo‘lgan Nuroxunov 2005 yilda ekstremistik diniy oqimga a’zolikda ayblanib, 6 yilga qamalgan va 2,5 yil umrini panjara ortida o‘tkazgan edi.

"Tovlamachilik"

Toshkent viloyat sudi xodimining aytishicha, Elmurod va uning akasi Dilmurod Nuroxunovlar 2016 yil yozida Qozog‘istonga naqd pul o‘tkazish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hamkorlik qilgan.

"Aka-ukalar tovlamachilik bilan shug‘ullangan 7 nafardan iborat guruhga tegishli 800 ming dollardan ko‘proq pulning 280 mingini Zangiota tumanidagi dala hovlisida saqlashgan. Bu pullar Qozog‘istonga aslida noqonuniy pul yuvish bilan shug‘ullangan ikki tadbirkorga tegishli bo‘lgan," dedi Toshkent viloyati sudi xodimi.

Ammo, aka-ukani yaqindan taniganlardan ikki nafari, Ozodlik bilan suhbatda, ular “tashkillashtirilgan ish qurboni bo‘lishdi”, deb da’vo qildi.

"Elmurod oxirgi yillarda Qozog‘istonda yashayotgandi. O‘sha yerda uylangan va 5ta farzandi bor edi. Olma-ota shahrida sport treneri bo‘lib ishlayotgandi. U O‘zbekistonga kelganidan ko‘p o‘tmay qamoqqa olindi. Hech qanaqangi tovlamachilikka aloqasi bo‘lmagan. Yuragi xasta akasiniyam qamab yuborishdi. Ular tashkillashtirilgan ish qurboni bo‘lishdi," dedi Nuroxunovlarning ismini sir saqlash sharti bilan gapirgan yaqinlaridan biri.

Uning ilova qilishicha, dastlabki sud jarayonida aka-ukalarga advokat tayinlanmagan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yil iyun oyida hibsga olingan aka-ukalar tergovi bilan Toshkent viloyati MXX boshqarmasi shug‘ullangan.

Ozodlik jahon chempioniga oid ish tafsilotini o‘rganishda davom etmoqda.

Ham vahhobiy, ham hizbchi

​Elmurod Nuroxunov 2005 yilning 18 fevralida Yakkasaroy tuman sudi tomonidan bir vaqtning o‘zida ham "Hizb ut-Tahrir" partiyasi, ham "Vahhobiylik" oqimiga aloqador topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Sud jarayonida Nuroxunov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va tergov paytida qiynoqlarga tutilganini bildirgan.

Mazkur sud jarayonini yaqindan kuzatgan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovga ko‘ra, "Nuroxunovga varaqalar tashlab qo‘yilib, qo‘lga olingan" va sudda uning "Hizb ut-tahrir" partiyasi, "Vahhobiylik" oqimiga aloqadorligi isbotini topmagan.

Ko‘zida yosh bilan

O‘shanda sud raisi hukmni ko‘zida yosh bilan o‘qib bergandi, deb eslaydi Surat Ikromov.

- Sudya o‘sha paytda hukmni o‘qigisi kelmagan. U oqlash niyatida bo‘lgan. Chiqib, o‘sha hukmni o‘qigan. Keyin ochiq-yoriq hammasini oldida aytganki: "Men unaqa bo‘lishini xohlamaganman". Keyin ko‘zidan yosh chiqib, kirib ketgan. Biz hayron bo‘lgandik. Keyin o‘rgana boshlaganimizda ma’lum bo‘lishicha, u ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza bergan ekan, norozi bo‘lib. Lekin terrorizmga qarshi kurash xodimlari sudyaga bosim o‘tkazishgan. Oldin shu hukmni o‘qiysan, keyin bo‘shasang, mayli, ariza bilan bo‘shab ketaver. Ya’ni, sudyani majbur qilib Nuroxunovni qamashgandi, - deb hisoblaydi Surat Ikromov.

Ikki karra jahon chempioni

Elmurod Nuroxunov
Elmurod Nuroxunov

Elmurod Nuroxunov taekvondo bo‘yicha ikki karra jahon chempionidir.

Bu unvonlarga sportchi 1996 yilda Chexiyada va 1999 yilda Argentinada bo‘lib o‘tgan chempionatlarda sazovor, deb topilgan.

Shuningdek, u 1997 yilda Osiyo va 1998 yilda Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan.

O‘zbekistonlik sport sharhlovchilaridan biriga ko‘ra, Nuroxunov 90-yillar o‘rtalari va 2000-yillar boshida O‘zbekistonda eng mashhur taekvondochi bo‘lgan.

"Unga teng keladigani yo‘q edi. Jami 40 dan ziyod turli darajadagi meddalarni qo‘lga kiritgan. O‘z vaqtida unga nafaqat o‘zbek, balki jahon taekvondochilari ham bas kela olishmas edi," dedi ismini oshkor etishni istamagan toshkentlik sport sharhlovchisi.

XS
SM
MD
LG