Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:20

Mirziyoev bo‘shatgan tuman hokimini viloyat hokimi yana norasmiy hokimlikka qo‘ydi


Asaka shahar markaziy bozori
Asaka shahar markaziy bozori

G‘alla masalasida o‘tkazilgan dushanba kungi videoselektor yig‘ilishida Andijon viloyati hokimi Asaka tuman hokimi Tohir Shovvozovni haqorat bilan ishdan oldi. Ayni shu yig‘inda viloyat hokimi "Asakani boshqarish"ni may oyida prezident taqdimnomasi bilan Izboskan hokimligidan bo‘shatilgan Ulug‘bek Rahimovga topshirdi.

Asaka tumani hokimi Tohir Shovvozov Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 26 iyun kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida haqorat bilan ishdan bo‘shatildi.

Bu haqda shu yig‘ilishda ishtirok etgan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri Ozodlikka xabar berdi.

“Viloyat hokimi har kuni ertalab soat 5 da videoselektor qiladi. Dushanba kungi yig‘ilishga fermerlar kam keldi, unda tuman hokimi Tohir Shovvozov va viloyat hokimining g‘alla o‘rimini nazorat qiluvchi vakili, Izboskan hokimligidan bo‘shatilgan Ulug‘bek Rahimov ham bor edi. Asaka hokimi g‘alla o‘rimi borishi haqida gapirayotgan edi, Ulug‘bek Rahimov “fermerlar kelmaptiyu, 63 ta fermer kepti” deb, uch marta uning gapini bo‘ldi. Shovvozovning achchig‘i kelib, “sizga mana shu erni bo‘shatib beraymi”, dedi. Keyin Ulug‘bek Rahimov achchiq qilib, qog‘ozlarini yig‘ishtirib, majlisdan chiqib ketdi”, deydi fermer.

Uning aytishicha, Ulug‘bek Rahimov majlisdan chiqib, to‘g‘ri viloyat hokimining oldiga borib arz qilgan.

“Oradan yarim soatlar vaqt o‘tgan edi, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov selektorda “Asaka! Harom, iflos, nega sen men yuborgan vakilni mensimayapsan”, deyapti. Shovvozov “unaqa bo‘lgan emas”, desa, viloyat hokimi “ko‘zimga ko‘rinma haromdan bo‘lgan, yo‘qol, joyni bo‘shat”, dedi. Keyin Tohir Shovvozov o‘rnidan turib, chiqib ketdi. U ketgandan so‘ng viloyat hokimi, “ko‘rib qo‘yish, Asaka hokimi senlarga o‘rnak bo‘lsin, deb aytayapti. Keyin yana, Asaka!, militsiya boshlig‘i, prokuror eshitinglar, hozir Ulug‘bek Rahimov boradi, shu tumanni boshqaradi, deyapti”, deydi videoselektorda bevosita qatnashgan fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermer, Ulug‘bek Rahimovning norasmiy hokimlikka tayinlanishi asakalik fermerlarni jiddiy xavotirga solib qo‘yganini aytadi.

“Bu odam, Izboskanda ham fermerlarning dodini bergan edi. Bizga upolnomechenniy bulib kelganidan so‘ng, fermerlarga rejadan ortgan bug‘doyni ham topshirasan, topshirmasang yeringni olib qo‘yaman, degan siyosat olib borayapti. Ba’zi fermerlar topshirmayman desa, prokuror va militsiya bilan davlenie qilayapti. Mana bugun ham hokimiyatda majlis bo‘ldi. Ulug‘bek Rahimov fermerlarga rosa dag‘dag‘a qildi. “O‘lasan, rejadan ortiq 10 foiz topshirasan, xohlagan joyingga jalob qil, xohlasang virtual qabulxonaga yoz, lekin baribir topshirasan, debdi. Shovvozov ozgina bo‘lsa ham fermerlarni tushunardi. Bunaqa bosim qilmasdi”, deydi fermer.

Asaka tumani hokimligining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi Tohir Shovvozovning ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi.

“Kecha hokimni selektor yig‘ilishida viloyat hokimi ishdan oldi. Rasman Asaka shahar hokimi Inomjon Mamadaliev tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi deb tayinlandi. Lekin viloyat hokimi fermerlar ustidan nazorat qilish vakolatini o‘zining vakili Ulug‘bek Rahimovga berdi, deyishayapti”, dedi tuman hokimligi rasmiysi.

Andijon viloyati hokimligidagi mulozim Ulug‘bek Rahimovni viloyat hokimi g‘alla o‘rimi shtabiga boshliq qilib tayinlaganini tasdiqlar ekan, boshqa gaplardan xabari yo‘qligini aytdi.

Ozodlik muxbiri 26 iyun kungi majlis tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Asaka tumanining endilikda sobiq hokimi Tohir Shovvozovga bog‘lanishga urindi¸ ammo uning qo‘l telefoni o‘chirilgani bois, bog‘lanishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ulug‘bek Rahimov joriy yilning may oyida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzaev rahbarligidagi ishchi guruhning Andijon viloyatidagi tekshiruvi ortidan prezident taqdimnomasi asosida ishdan olingan edi. Ulug‘bek Rahimov bilan birga tuman prokurori, militsiya va soliq inspeksiyasi boshliqlari ham ishdan bo‘shatilgan edi.

Ulug‘bek Rahimov joriy yilning yanvar oyida Izboskan tumaniga hokim bo‘lib tayinlanib, to‘rt oydan so‘ng "qishloq xo‘jalik sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun" ishdan olingan edi.

O‘zbekiston Respublikasining "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, "tuman, shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

XS
SM
MD
LG