Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:13

Tojikistonda fuqarolar urushi yakunlanganiga 20 yil bo‘ldi


Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) va Birlashgan tojik muxolifati lideri Said Abdullo Nuriy.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) va Birlashgan tojik muxolifati lideri Said Abdullo Nuriy.

Tojikistonda 27 iyun kuni fuqarolar urushi yakunlangani, muxolifat hamda hukumat o‘rtasidagi sulh shartnomasi imzolanganining 20 yilligi nishonlanmoqda. Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida 150 ming odam o‘ldirilgan, keltirilgan zarar esa 7 milliard dollarga teng bo‘lgan.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon mamlakatda fuqarolar urushi yakunlanganining 20 yilligi munosabati bilan rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda “ichki va tashqi dushmanlarning fitnalari va harakatlari siyosiy qarama-qarshilik to‘riga ilinib keyin yo‘naltirilgan tarzda fuqarolar urushi alangasiga sabab bo‘ldi”, deb bildirdi.

Tojik prezidenti “tinchlik va milliy hamjihatlikka erishish jarayoni qanchalik og‘ir va uzoq davom etgan bo‘lsa hamki, baxtimizga tojik xalqining chinakkam o‘g‘lonlari harakati tinchlik, sulh va birlashuv bilan yakun topdi”, deb yozdi.

Dushanbe rahbari o‘z bayonotida Tojikistonda fuqarolar urushining barham topishida Birlashgan tojik muxolifati naqadar ahamiyatga ega bo‘lgani haqida eslamadi.

Tojikiston prezidentining bayonoti 26 iyunda, Tinchlik va milliy hamjihatlik shartnomasi imzolanganining 20 yilligi arafasida e’lon qilindi. Mazkur shartnoma Tojikistonda 1992 yilda boshlanib, 5 yil davom etgan fuqarolar urushiga nuqta qo‘ygan edi.

1997 yilning 27 iyunida Moskvada prezident Emomali Rahmon va birlashgan tojik muxolifati rahbari Said Abdullo Nuriy BMT vositachiligida tinchlik shartnomasini imzolagan. 1998 yilning 22 mayida 27 iyun Milliy hamjihatlik kuni, deb e’lon qilingan.

Tojikistondagi urush natijasida 150 ming odam halok bo‘lgan, 1 milliondan ortiq odam qochqinga aylangan edi. Shuning uchun ham tojik jamiyatida Tinchlik va milliy hamjihatlik shartnomasi tarixiy hamda muhim ahamiyat kasb etgan hujjat qatorida tan olinadi.

“Biroq bugungi kunda respublikada milliy hamjihatlikka erishilgani faqat Tojikiston hukumatining yutug‘i sifatidagina taqdim etilmoqda”, deb yozadi Ozodlik radiosining tojik xizmati.

So‘nggi bir necha yildan beri Milliy hamjihatlik kuni Tojikistonda Birlashgan tojik muxolifatining sobiq namoyondalari ishtirokisiz o‘tkazilmoqda.

2015 yilning kuzida Birlashgan tojik muxolifatining asosiy o‘zagi bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasi mamlakatda “qonundan tashqari”, deb e’lon qilingan edi.

Bu partiya sud tomonidan “terroristik tashkilot” deb e’lon qilinganidan so‘ng partiyaning o‘nlab tarafdori hibsga olingan, partiya raisi Muhiddin Kabiriy esa Interpol tomonidan xalqaro qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga tirkalgan.

XS
SM
MD
LG