Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2019, Тошкент вақти: 00:56

Tojikistondagi mashhur o‘zbek shoiri O‘lmas Jamol vafot etdi


Shoir O‘lmas Jamol.

O‘zbek va tojik adabiyotining taniqli vakili, “ikki chaman bulbuli”, “o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘prik” kabi sifatlar bilan ta’riflanuvchi shoir, “Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” O‘lmas Jamol 27 iyun kuni 83 yoshida vafot etdi.

O‘lmas Jamol Ozodlik radiosiga o‘zining 80 yilligi munosabati bilan bergan so‘nggi intervyusida:

O‘lmas degan nom bilan o‘lmayman deb o‘ylama,

Ilohimning oldida musallammiz hammamiz,

deb she’r o‘qigan edi.

O‘lmas Jamol zamonaviy o‘zbek adabiyotida “To‘rt devon” tuzgan yagona shoir edi.

- She’r yo‘li bu qalbning depsinishlari, qalbning har bir hatti-harakati, stenogrammasidir. She’riyat bu qalb stenogrammasidir, bundan boshqa tashbeh ayta olmayman, -degan edi shoir.

O‘lmas Jamol adabiyot to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan Ozodlikning “Shoir bilan suhbat” dasturida ijodkor doimo siyosat ichida bo‘lishi kerak, degan fikrni bildirgan edi:

- Agar klassik adabiyotimiz namyondalari hayotiga nazar tashlasak, ular doimo siyosatda bo‘lganini anglab yetamiz. Masalan, xazrat Navoiy Husayn Bayqoroga vazir bo‘lganlar, u kishi siyosatning ichida bo‘lganlar. Bundan tashqari siyosatning ichida bo‘lib, siyosatni boshqargan, siyosatni kerakli yo‘lga yo‘naltirgan shoirlar ko‘p bo‘lgan.

Shoir hayot qozonida qaynar ekan siyosatbardorlardan, oddiy odamlardan o‘zining asarlariga mavzu topadi. Shoir siyosatga aralashib, “Men shoirman, men hamma narsani bilaman, mening aytganimni qilasizlar”, deb jar solishi shart emas. Shoirning she’rlari uning siyosatga bo‘lgan munosabatini bildiradi. Shuning uchun shoir siyosatning ichida yurishi kerak, ammo siyosatning ishlariga aralashishi shart emas. Lekin siyosatdan tashqarida turib, shoir bo‘lish mumkin emas. Chunki davr ruhini, qalb depsinishlarini she’rlarida aytmagan shoir zamondoshlariga ma’qul kelolmaydi, -degan edi O‘lmas Jamol.

Seni lirik deganlarga ishora aylagin, O‘lmas,

G‘azalda bitganing har bayt siyosatdan iboratdir, deb she’r o‘qigan shoir.

O‘lmas Jamol Tojikiston siyosiy hayotida ham faol ishtirok etgan. 1992 yilda boshlanib 1997 yilda yakun topgan vatandoshlar urushi paytida O‘lmas Jamol hayotini xavf ostiga qo‘yib, janglar bo‘layotgan hududlarga borgani va millatni birlikka chaqirgani to‘g‘risida tojik matbuotida ko‘p yozilgan.

O‘lmas Jamol 1934 yilning 17 mayida Samarqand viloyatidagi Urgut tumanida tug‘ilgan. U 12 yoshga to‘lganida oilasi Stalinobodga, hozirgi Dushanbe shahriga ko‘chib o‘tgan.

Shoirning ilk kitobi “Mehr bulog‘i” degan nom bilan 1969 yilda Dushanbedagi “Irfon” nashriyotida bosilib chiqqan. 48 yildan beri ijod qilib kelgan O‘lmas Jamol o‘zbek zamonaviy adabiyotida “To‘rt devon” yarata olgan yagona shoir bo‘lib qolmoqda.

Shoirning 80 yilligi Dushanbeda Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi tomonidan katta tantana bilan nishonlangan edi.

XS
SM
MD
LG