Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:54

Anvar qori Tursunov: Gaz-svetdan qarzdorlar Hajga jo‘natilmaydi


Toshkent imom-xatibi Anvar qori Tursunov
Toshkent imom-xatibi Anvar qori Tursunov

Toshkent shahar imom-xatibi Anvar qori Tursunov respublika ahlini suv, gaz va elektrdan qarzini vaqtida to‘lashga da’vat qildi, qarzdorlar Hajga jo‘natilmasligidan ogohlantirdi. Bu tanilgan din arbobining respublikada aholidan gaz-svet bo‘yicha qarzni undirish kampaniyasi doirasida qilgan ilk chiqishidir.

Podrobno.uz agentligining xabar qilishicha, Toshkentdagi xalqaro press-klubdagi yig‘ilishda qatnashgan poytaxt bosh imomi qarzdorlarni Haj ibodati qabul qilinmasligidan ogohlantirgan va bunday qarzdorlar Haj ziyoratiga jo‘natilmasligini aytgan.

"Hatto, bir so‘m qarzi bo‘lsa ham Haji qabul bo‘lmaydi va shuning uchun bunday qarzi bo‘la turib, Hajga ketayotganlarni samolyotga chiqarmaymiz", deya iqtibos keltirdi imom-xatibdan agentlik.

O‘z chiqishida Anvar qori Tursunov aholini isrof qilingan har bir tomchi suv uchun Olloh oldida javob berishdan ogohlantirib, "namoz o‘qiydigan, Haj qiladigan, ammo elektr uchun pul to‘lamaydigan odamlar bor"ligini ham aytgan va bundan aholini qaytargan.

O‘zbekistonda aholi zimmasida yig‘ilib qolgan elektr-gaz to‘lovlarini undirishga hokimiyat, bank, ta’lim muassasalari va mahalla qo‘mitalari, soliq, IIV kabi davlat tashkilotlari jalb qilingan.

Bu tashkilot xodimlaridan iborat maxsus guruhlar aholini qarzlarni to‘lashga da’vat qiladi va uy-uy yurib, undiradi ham.

Ammo, Anvar qori Tursunov darajasidagi diniy idora mulozimining rasmiy televidenie orqali aholini kommunal qarzlarni to‘lashga da’vat qilishi, aks holda "Hajga yuborilmasligi", "Olloh oldida javob berishi"dan ogohlantirishi ilk bor kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda yillardan buyon energetik inqiroz davom etmoqda. Buni energetik ta’minotga ma’sul idoralar rasmiylari ham tan olgan.

Aholi kun davomida bir necha soatgina beriladigan elektr, aksar hududlarda tamomila uzilib qolgan gaz ta’minotidan shikoyat qiladi va muhimi, haminqadar svet-gaz uchun yig‘ilayotgan katta qarzdorlikdan norozi bo‘ladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda svet va gaz bo‘yicha qarzdorlik 5 trillion so‘mdan oshib ketgan.

Shu bois, 1 iyuldan boshlab elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisoblash uskunalariga atayin zarar keltirgan, ularning ko‘rsatkichlarini o‘zgartirishga uringan shaxslar endi jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.

"Xalq so‘zi" gazetasi xabariga ko‘ra, hisoblagichni ataylab o‘zgartirganlarga eng kam oylik ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish bilan jazolanadi.

Ayni paytda, respublikadagi barcha davlat tashkilotlari aholidan qarzni undirish kampaniyasiga jalb etilayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG