Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:11

TATU va O‘zMUda abiturientdan barmoq izi olish sinovdan o‘tmoqda


Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti bu yil hujjat topshirayotgan abiturientlardan barmoq izlarini olmoqda. Sinov tariqasida ikki oliygohda o‘tkazilayotgan bu tajribadan maqsad¸ Ozodlik suhbatlashgan mutasaddilar ta’kidicha¸ test sinovlaridagi g‘irromliklardan ayrimlariga barham berishdir.

Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti rasmiy sayti va oliygohning Facebook sahifasida bu yilgi qabul jarayoniga oid qisqa videorolik taqdim etildi.

Bu rolikdan ko‘riladigan yangiliklardan biri abiturientlardan biometrik ma’lumotlar – barmoq izlari va HD formatidagi surat olinayotganidir.

TATU qabul komissiyasi mas’ullaridan birining Ozodlikka mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ qabul jarayonida biometrik ma’lumotlar bazasini yaratish tashabbusi universitetning o‘zidan chiqqan.

“Tashabbuschi TATUning o‘zi. Biz hozir axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklarni amaliy jarayonlarga joriy qilish bo‘yicha yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqayapmiz. Abiturientdan biometrik danniylarni olish¸ hozirgacha O‘zbekiston oliygohlaridan birortasi qo‘llanilgan emas. Bu faqat Gubkinada bor (Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali nazarda tutilmoqda – tahr.) Bu pilot loyiha¸ yaxshi natija bersa¸ boshqalarga ham yoyilishi mumkin”¸ dedi TATU qabul komissiyasi xodimlaridan biri.

Bu mas’ulning ta’kidicha¸ sinovdan maqsad qabul va test jarayonidagi shaffoflikni oshirish¸ test sinovlarida har yili kuzatiladigan g‘irromlik - abiturient o‘rniga boshqa birining imtihon topshirishini to‘xtatishdir.

“Hujjat topshirgandan keyin¸ o‘rniga “zaychiklar”ni kirg‘izadiganlar ko‘p edi. Ya’ni o‘rniga o‘ziga o‘xshagan bilag‘on studentmi¸ domlanimi kirg‘izib¸ testni yechtirishardi. Biometrik danniylar ana shunaqalarni to‘xtatadi bundan buyog‘iga”¸ dedi TATU qabul komissiyasi xodimi.

Ayni paytda¸ suhbatdosh bu yilgi qabul va test jarayonida yillardan beri hukm surib kelayotgan boshqa g‘irromliklar va korrupsiyaga barham berishi mumkin boshqa choralardan bexabarligini bildirdi.

“TATUga qiziqish¸ bu yil har yilgidan ham baland. Korrupsiyaga qarshi kurash prezident siyosatining asosiy vazifasi qilib belgilanganidan ruhlanib¸ o‘z kuchi bilan o‘qishga kirishiga ishonayotganlar soni bu yil ko‘paydi. Albatta¸ pora bilan kirish yo‘llarini izlayotganlar yo‘q¸ deya olmayman. Lekin yangi rektor¸ yangi DTM rahbari¸ yangi vazir ish boshlagan bu yili testda ham yaxshi yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda”¸ dedi bu suhbatdosh.

Davlat test markazining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ TATUda abiturientdan biometrik ma’lumotlar olinayotgani universitetning o‘z tashabbusi ekanini tasdiqlay turib¸ O‘zbekiston milliy universitetida ham ayni pilot loyiha boshlanganini qo‘shimcha qildi.

“Mamlakatimizdagi bu ikki yetakchi universitet o‘z tashabbusi bilan bu ishni boshladi. Hozircha bizning jarayonga aloqamiz yo‘q. Lekin¸ ular tajribasiga oid ma’lumotlar o‘rganilib¸ natijalar bo‘yicha xulosa chiqarilganidan keyin¸ uni boshqa oliygohlarga ham joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Hozircha bu sinovning qanday natija berishi noma’lum va shuning uchun uning ommaviylashish-ommaviylashmasligi haqida bir narsa ayta olmayman”¸ dedi DTM rasmiysi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti qabul komissiyasi vakili ham Ozodlik bilan suhbatda ayni kunlarda abiturientdan biometrik ma’lumot olish jarayoni ketayotganini tasdiqladi.

“Bu va boshqa yangiliklardan maqsad o‘qishga kirishdagi turli g‘irromliklarni to‘xtatish¸ korruptsiyani kamaytirish”¸ degan O‘zMU qabul komissiyasi vakili¸ “boshqa yangiliklar” haqida universitet matbuot kotibidan batafsil ma’lumot olishni tavsiya qildi. Ammo kun davomida matbuot uchun axborot berishga vakolatli O‘zMU vakilini topishning imkoni bo‘lmadi.

20 aprel kungi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror chiqargan prezident Shavkat Mirziyoev bu hujjatda “bir qator oliy ta’lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjud”ligini e’tirof etgan edi.

So‘nggi oylar ichida prezident oliy ta’lim tizimi va qabul jarayoniga mas’ul rahbarlarni o‘zgartirdi - Mirziyoevning 20 iyundagi farmoniga muvofiq Inom Majidov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri¸ Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Majit Karimov esa Davlat test markazi direktori etib tayinlandi.

XS
SM
MD
LG